Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Grenlandiya unga nima uchun kerakligini izohladi
«Biz Grenlandiyani himoya qilishimizga to‘g‘ri keladi» – Tramp hududni Rossiya yoki Xitoy egallab olishi mumkinligi haqida gapirdi.
Andrew Harnik / Getty Images
Prezident Donald Tramp Grenlandiya Rossiya yoki Xitoy qo‘liga o‘tib ketmasligi uchun hududni AQShning o‘zi egallashi lozimligini aytdi.
«Mamlakat mulkka egalik qilishi va ijaraga olingan joyni emas, o‘z mulkini himoya qilish kerak. Va biz Grenlandiyani himoya qilishimiz kerak bo‘ladi», – dedi Tramp BBC jurnalistining savoliga javoban.
U Vashington bunga erishish uchun «oddiy yo‘l»dan ham, «og‘ir yo‘l»dan ham borishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
Oq uy yaqinda Amerika ma’muriyati AQShning NATO bo‘yicha ittifoqchisi hisoblangan Daniyaga tegishli mazkur avtonom hudud ustidan nazoratni qo‘lga kiritishning bir necha usullarini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Vashington orolni sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, biroq uni kuch ishlatish yo‘li bilan anneksiya qilishni ham istisno etmayapti.
Daniya va Grenlandiya rasmiylari esa hudud sotilmasligini aytmoqda. Xususan, Daniya bosh vaziri Frederiksen Mette AQShning ehtimoliy harbiy operatsiyasi NATOning tugashini anglatishini aytgan.
Juma kuni kechqurun Grenlandiyadagi asosiy partiyalar, jumladan, muxolifat partiyalari yetakchilari qo‘shma bayonot e’lon qilib, unda «AQShning mamlakatga nisbatan bepisand munosabatiga chek qo‘yish»ga chaqirdi.
«Biz amerikalik bo‘lishni istamaymiz, daniyalik bo‘lishni istamaymiz, biz grenlandiyalik bo‘lishni istaymiz. Grenlandiyaning kelajagini grenlandiyaliklarning o‘zlari belgilashlari kerak», – deyiladi bayonotda.
Amerika bazasi
Grenlandiya aholi zichligi bo‘yicha dunyoda eng past ko‘rsatkichga ega hudud hisoblanadi, biroq uning Shimoliy Amerika va Arktika o‘rtasidagi geografik joylashuvi ehtimoliy raketa zarbalarini hamda mintaqadagi kemalar harakatini kuzatish imkonini beradi.
AQSh prezidenti Grenlandiya AQSh milliy xavfsizligi uchun juda muhim ekanligini bir necha bor ta’kidlagan. Xususan, hech qanday dalil-isbot keltirmasdan, hudud «Rossiya va Xitoy kemalari bilan to‘la» ekanini da’vo qilgan.
Grenlandiyaning shimoli-g‘arbiy chekkasidagi «Pituffik» harbiy bazasida 100 dan ortiq amerikalik askar joylashtirlgan. AQSh bu bazani Ikkinchi jahon urushidan beri saqlab keladi.
Amaldagi AQSh-Daniya kelishuvlariga ko‘ra, AQSh Grenlandiyadagi bazaga cheklanmagan miqdorda harbiy yuborishi mumkin.
Ammo jurnalistlar bilan uchrashuvda Tramp ijara kelishuvi yetarli emasligini aytdi.
«Davlatlar to‘qqiz yillik yoki hatto yuz yillik bitimlar tuzmasligi kerak», – dedi AQSh prezidenti va gap mulk haqida ketishi kerakligini qo‘shimcha qildi.
«Men Xitoy xalqini sevaman, men Rossiya xalqini sevaman. Lekin ular Grenlandiyadagi qo‘shnilarimiz bo‘lishini istamayman. Bunday bo‘lmaydi. Va NATO buni tushunishi kerak», – dedi Tramp.
Yakunlangan hafta davomida NATOdagi asosiy ittifoqchilari – Yevropa davlatlari va Kanada Daniyani bu masalada qo‘llab-quvvatlab bayonot berishdi, unda «o‘zaro munosabatlar bo‘yicha qaror qabul qilish huquqi faqat Daniya hamda Grenlandiyaning o‘zida qolishi» ta’kidlanadi.
Yevropaliklar o‘zlari ham Arktika mintaqasi xavfsizligidan manfaatdor emasliklarini, ammo bunga barcha ittifoqchilarning, jumladan, AQShning «kollektiv sa’y-harakatlari» bilan erishish zarurligini qayd etishgan.
Bayonotda AQSh «BMT Nizomi tamoyillariga, jumladan, suverenitet, hududiy yaxlitlik va chegaralarning daxlsizligiga rioya qilish»ga chaqirilgan.
Tramp Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish uchun harbiy kuch ishlatishga qaror qilganidan keyin Grenlandiya kelajagi haqidagi xavotirlar yana kun tartibiga chiqdi.
2019 yilda, o‘zining birinchi prezidentlik muddatida ham Tramp Grenlandiyani sotib olish bo‘yicha taklif bergan, biroq bunga javoban unga Grenlandiya sotilmasligi aytilgandi.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio yaqin kunlar ichida Daniya bilan muzokaralar o‘tkazmoqchi.
So‘nggi yillarda Grenlandiyaning tabiiy resurslari, jumladan, nodir metallar, uran va temirni o‘zlashtirish imkoniyatlari faol muhokama qilinmoqda. Global iqlim o‘zgarishi fonida asriy muzlar eriyotgani tufayli ularga yetib borish osonlashmoqda.
Olimlar fikricha, Grenlandiyada neft va gaz zaxiralari ham ko‘p bo‘lishi mumkin.