O‘zbekiston | 12:52 / 25.12.2018
44431
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ishsizlik ko‘rsatkichi rasman ma'lum qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mamlakatda iqtisodiy faol, mehnatga layoqatli aholining 9 foizi ishsiz deya e'tirof etmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Ma'lum qilinishicha, vazirlik huzuridagi Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida yirik hajmdagi ijtimoiy tadqiqot olib borilgan. Unda respublikadagi 72ta tuman va shahar, jumladan 360ta fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organi, 3600 xonadon va 180160 nafar aholi o‘rtasida tadqiqot o‘tkazilgan. 

Sotsiologik tadqiqot natijasiga ko‘ra, aholining  9 foiz​i ishsiz bo‘lib, joriy yilning yanvar-iyun holatiga nisbatan ko‘rsatkich (9,3 foiz) yaxshilangan. Eng yuqori ishsizlik sur'ati viloyatlar kesimida Surxondaryo (9,6 foiz), Samarqand (9,5 foiz) va Qashqadaryo (9,5) hududida kuzatilgan. Shuningdek, ko‘p aholi istiqomat qiluvchi viloyatlardan biri - Farg‘onada ishsizlik 9,4 foiz ekanligi e'tirof etilgan. Eng past ko‘rsatkich esa Toshkent shahrida (7,5 foiz) kuzatilgan.

Vazirlik xabariga ko‘ra, ishga muhtoj aholi soni 1307,6 ming nafarni tashkil etadi. 

«Yilning birinchi yarmiga nisbatan ishsizlik ko‘rsatkichining tushishiga qishloq xo‘jaligi faoliyati, jumladan paxta terim mavsumida tashkil etilgan ish o‘rinlari sabab bo‘ldi», - deydi vazir Sherzod Kudbiyev Kun.uz muxbiriga. 

Ma'lumot uchun, 30 yoshgacha bo‘lgan aholi o‘rtasida ishsizlik 14,7 foizni tashkil etadi. Mamlakatdagi ayollar o‘rtasidagi ishsizlik esa 12,5 foiz. 2017 yilda O‘zbekiston aholisining ishsizligi 5,4 foiz etib ko‘rsatilgandi. Vazirlik ushbu masalaga oydinlik kiritib, avvalgi yillarga nisbatan raqamlarni hisoblash metodologiyasini takomillashtirganini bildirdi. ​

Mavzuga oid