O‘zbekiston | 18:54 / 10.04.2026
3930
4 daqiqa o‘qiladi

SIM-karta va bank kartasi egasi bir shaxs bo‘ladi: yangi tizim qanday ishlaydi?

Onlayn pul o‘tkazmalari va raqamli hisobvaraqlarda firibgarlikning oldini oluvchi «telekom antifrod» tizimi joriy etilishi ortidan endi telefon raqami va bank kartasi egasining bir shaxs bo‘lishiga oid talab kiritilmoqda.

Bu tizim qanday ishlaydi? «Telekom antifrod» fuqarolarni moliyaviy xatarlardan qay darajada himoya qila oladi? Uning xarajatlari kimning zimmasida bo‘ladi? Kun.uz shu kabi savollarga rasmiylardan javob oldi.

O‘zbekistonda moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida «telekom antifrod» tizimi joriy etilganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ushbu tizim bank kartalari, onlayn to‘lovlar va raqamli hisobvaraqlardagi firibgarlik harakatlarini real vaqt rejimida aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan.

Tizim shubhali tranzaksiyalarni bloklash orqali mijozlar mablag‘lari hamda biznes xavfsizligini himoya qilishi aytiladi. Xo‘sh, bu tizim amalda qanday ishlaydi? Fuqarolarni kiberfiribgarlardan qanchalik himoya qila oladi? Shu kabi savollarga Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi bo‘lim boshlig‘i Azizbek Qayumov javob berdi.

«Telekom antifrod» tizimi qanday ishlaydi?

— «Telekom antifrod» tizimi bu – bank mijozlariga kelgan OTP kodlarni o‘zi orqali o‘tkazadi va xeshlaydi, kodlaydi. Ushbu OTP kodlarni boshqa mobil qurilmalarda kiritishning oldini oladi. Tizim ishga tushganidan beri 207 million operatsiya amalga oshirilgan, bu operatsiyadan 10 foizi firibgarlik alomatlari bor deb bizning tizim chiqarib bergan. Tahlil qilganimizda tizimda – ishlatayotgan bank mobil ilovalarda OTP, ya’ni o‘sha sms-kod bilan bog‘liq firibgarliklar 90 foizga kamaygan.

Har bir tasdiqlovchi sms uchun to‘lov kimning zimmasida bo‘ladi?

— Bu to‘lov to‘liq bank zimmasiga tushadi. Ya’ni bundan oldin ham bu to‘lov bo‘lgan. Mijozlarga OTP sms-kodlar kelib yurardi, bank oldin ham to‘lardi, hozir ham o‘sha to‘lovni qiladi, ya’ni bankka ham qo‘shimcha majburiy to‘lov bo‘lmaydi.

22 apreldan joriy etilayotgan yangi talablar nimaga xizmat qiladi?

— 22 apreldan boshlab Markaziy bank topshirig‘iga binoan banklar va to‘lov tashkilotlari kartalarni fuqarolarning identifikatsiya raqamlari bilan bog‘lashi shart. Bu talab firibgarlar boshqa birovning kartasidan foydalanib pullarni o‘g‘irlab ketmasligi uchun qilingan.

«Telekom antifrod» xizmati uchun to‘lovlar qanday undiriladi?

— Antifrod xizmatlari uchun har bir bank ilovasining aktiv mijozidan oyiga 150 so‘m yechib oladi. Lekin bu pulni ham bank to‘laydi, mijoz zimmasiga tushmaydi. Bu mablag‘ tizimni rivojlantirish, server jihozlari va aloqa kanallarini ta’minlash uchun ishlatiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid