Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Moliyaviy piramida» uchun jazo choralari og‘irlashtiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tgan yig‘ilishda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 mart kuni kiberjinoyatlar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd qilinishicha, so‘nggi 6 yilda kiberjinoyatlar bo‘yicha murojaatlar soni 48 baravarga oshgan. O‘tgan yilda sodir etilgan firibgarlik jinoyatlarining 82 foizi, o‘g‘irlik jinoyatlarining 76 foizi kibermakonda sodir etilgan. Ular orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 2 trillion so‘mdan oshgan.
Taqdimotda ta’kidlanganidek, shunday turdagi jinoyatlar uchun jazo choralarini og‘irlashtirish vaqti keldi. Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar hamda ko‘plab fuqarolarga jabr keltirayotgan «moliyaviy piramida» uchun jazo choralarini kuchaytirish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.


Fuqarolarning o‘z nomiga rasmiylashtirilgan elektron to‘lov vositalari hamda abonent raqamlardan foydalanishda shaxsiy mas’uliyatini oshirish maqsadida o‘z nomidagi elektron to‘lov vositasi, kriptohamyoni, SIM-kartasi va elektron akkauntlardan kiberjinoyatni sodir etishda foydalanilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilindi.
Shunningdek, yuridik shaxslar tomonidan axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash taklif qilindi.
Ta’kidlanishicha, ushbu amaliyot masofadan moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatuvchi banklarga ham taalluqli bo‘lib, ular ham o‘z tizimlarida firibgarliklarning oldini olish bo‘yicha himoya va xavfsizlik choralarini muntazam takomillashtirib borish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Xususan, o‘tgan yillarda 3 ta bank tizimidagi zaiflik tufayli 3025 nafar mijozga 17 milliard so‘m moddiy zarar yetkazilgan.
Shu nuqtai nazaridan, tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmagani oqibatida sodir etilgan kiberjinoyatdan yuzaga kelgan moddiy zarar uchun javobgar bo‘lishini qonunan mustahkamlash tashabbusi ilgari surildi.
Taqdimotda uyushgan jinoyatchilikning sodir etish shakl va uslublari yangilanib borayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Uyushgan guruhlar tomonidan jamiyatda yurish-turish qoidalarini ochiqchasiga mensimasdan, o‘zini qonundan ustun qo‘yib, bezorilik jinoyatlarini sodir etganligi yoki bezorilik jinoyatining og‘ir shakllaridan biri – o‘qotar qurolni namoyish qilib yoki uni qo‘llab hamda takroran sodir etganligi, shuningdek, jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatgan holda sodir etilganlik uchun jazo choralari bugungi kunda yetarli ta’sir kuchiga ega emasligi ta’kidlandi.
Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda jangovar (aralash) sport turlari bo‘yicha yashirin ravishda noqonuniy janglar tashkil qilinib, ularda yoshlarning ishtirok etayotgani kuzatilmoqda. Biroq bugungi kunda buning uchun javobgarlik choralari mavjud emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, qonun hujjatlariga mana shunday xavf-xatarlarning oldini olish, ularga qarshi ayovsiz kurashish, bunday illatni tag-tomiri bilan yo‘qotishga qaratilgan normalarni kiritish vaqti kelgani ta’kidlandi.
Og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etish maqsadida jinoiy uyushma tashkil etganlik, uni moliyalashtirganlik, ular tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni yashirishga homiylik qilganlik, jangovar sport turlari bo‘yicha musobaqalarni noqonuniy tashkil etganlik va o‘tkazganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilovchi, bezorilik jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirishni nazarda tutuvchi, shuningdek, qonunga zid ravishda tashkil etilgan jangovar sport turlari bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilovchi normalar kiritish taklif etildi.
Muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha ishlab chiqilgan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish hamda uyushgan va jamoat joylaridagi jinoyatchilikka qarshi kurashishning jinoiy-huquqiy mexanizmlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihalari taqdimot qilindi.
Prezident takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid
18:00 / 13.03.2026
Prezident Virtual qabulxonasida har bir mahalla uchun alohida kabinet ochiladi
15:10 / 13.03.2026
Ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘p – prezident
14:40 / 13.03.2026
Muammo ijtimoiy tarmoqda tarqalganidan keyingina hal etilgan – prezident murojaatlar bilan ishlashdagi holat haqida
11:01 / 13.03.2026