Jahon | 20:53 / 02.09.2025
4420
3 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon rus tilidagi filmlar namoyishini cheklay boshladi

Kinoteatrlar Moskva va Boku o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashuvi fonida rus tilidagi namoyishlarni qisqartirmoqda.

Foto: Vedomosti

Ozarboyjon kinoteatrlarida rus tilidagi filmlar namoyishi qisqartirildi, deb yozdi Minval. Agar ilgari bunday seanslarning ulushi 70 foizga yetgan bo‘lsa, endi 30 foizgacha kamaydi. Xususan, 13 ta filmning faqat to‘rttasi rus tilida, qolganlari turk tilida efirga uzatilgan.

Nashrning aniqlik kiritishicha, so‘nggi paytgacha hammasi aksincha edi. Ismlari va lavozimlari keltirilmagan ekspertlar bu qarorni mantiqqa mos deb atadi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Ozarboyjon aholisining «katta ko‘pchiligi» rus tilini bilmaydi, ammo turk tilini «yaxshi tushunadi», shuning uchun bunday qaror kinoteatrlarga auditoriyani kengaytirish imkonini beradi.

Rus tili Ozarboyjonda na davlat, na mintaqaviy darajada rasmiy maqomga ega emas. 10,1 milliondan ortiq aholining qanchasi bu tilda gaplashishi aniq ma’lum emas. 2024 yil avgust oyida respublika prezidenti Ilhom Aliyev mamlakatda rus tilida o‘qitiladigan 324 ta maktab faoliyat yuritayotgani, ularda 160 mingga yaqin o‘quvchi ta’lim olayotganini aytgan edi. Yana 800 mingdan ortiq o‘quvchi rus tilini xorijiy til sifatida o‘rganmoqda.

Kinoteatrlar Moskva va Boku o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashuvi fonida rus tilidagi namoyishlarni qisqartirmoqda. O‘tgan yil dekabr oyida Grozniy ustida Azerbaijan Airlines samolyotiga zarba berilgan, oqibatda Qozog‘iston hududida falokatga uchrab, 38 kishi halok bo‘lgandi.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Rossiyadan halokatdagi aybini tan olishni talab qildi. Biroq, Rossiya tomoni tergov yakunlanmaganini aytib, xulosa qilishga shoshilmaslikka chaqirdi. Bu esa Aliyevning keskin munosabatiga sabab bo‘ldi va u xalqaro sudga da’vo arizasi bilan murojaat etish niyatini e’lon qildi.

Shu yil yozda Yekaterinburgda Ozarboyjonning 10 nafardan ortiq fuqarosi ko‘p yillar avvalgi qotilliklarda gumonlanib qo‘lga olindi. Ulardan ikki nafari - aka-uka Ziyoddin va Husayn Safarovlar halok bo‘ldi. Aliyev rossiyalik huquq-tartibot xodimlarini hibsga olinganlarni qiynoqqa solganlikda, so‘ngra o‘ldirganlikda va shu bilan birga ozarboyjonliklar «yurak xurujidan vafot etgan» deb yolg‘on gapirganlikda aybladi.

Bunga javoban Boku rossiyaliklarni hibsga olishni boshladi va Moskva bilan bir qator yo‘nalishlarda hamkorlikni muzlatib qo‘ydi. Shundan so‘ng, Kreml Ozarboyjonga propagandachi Vladimir Solovyov tilidan «yangi maxsus harbiy operatsiya» bilan tahdid qildi. Aliyev, o‘z navbatida, mamlakat urushga tayyorlanishini aytib, respublikaning SSSR tarkibidagi tarixini «okkupatsiya» deb atadi.

Mavzuga oid