O‘zbekiston | 13:13 / 26.01.2026
6998
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda ushlab turilgan o‘zbekistonliklar elchixona orqali yordam so‘radi

AQShdagi O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Virjiniya shtatida joylashgan Kerolayn va Farmvill xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazlariga borib, u yerda saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashdi.

Foto: Wikipedia

“Dunyo” AA xabariga ko‘ra, uchrashuvlar davomida vatandoshlarni saqlash sharoitlari, sog‘lig‘i va umumiy ahvoli, ovqatlanishi hamda boshqa maishiy masalalar o‘rganilgan. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolariga konsullik va huquqiy masalalar bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berilgan.

O‘zbekistonliklar bildirishicha, ularning AQShga noqonuniy kirib kelgani sababli hozirda deportatsiya masalasida sud ishlari olib borilmoqda. Shu munosabat bilan, ular O‘zbekistonga tezroq qaytishda amaliy ko‘mak so‘rab murojaat qilgan.

Elchixona o‘z vakolatlari doirasida fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish masalalari bo‘yicha xorijiy tomonlar bilan tegishli muzokaralar o‘tkazishga, zarur konsullik hujjatlarini tayyorlashda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, AQSh immigratsiya siyosatidagi so‘nggi o‘zgarishlar inobatga olinib, xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga qonuniy bo‘lish, mahalliy qonunlarga qat’iy rioya qilish va noqonuniy faoliyatdan tiyilish tavsiya etilgan.

Zarur hollarda O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi konsullik bo‘limi bilan quyidagi aloqa kanallari orqali bog‘lanish mumkin: telefon: +1 (202) 887-5300. Elektron pochta: [email protected].

2026 yil 21 yanvar kuni AQShda noqonuniy bo‘lib turgani uchun mamlakatdan chiqarib yuborilgan 44 nafar O‘zbekiston fuqarosi charter reys orqali Toshkentga kelgani haqida ham xabar berilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid