Jamiyat | 20:09 / 02.09.2017
14426
2 daqiqa o‘qiladi

Qadimiy shaxmat masalasi hal qilinishiga million dollar va'da qilindi

Foto: Fotolia

Buyuk Britaniyaning Sent-Endryus universiteti olimlari qadimiy shaxmat masalasi hal qilinishiga million dollar mukofot puli taklif qilishdi. Bu haqda universitet saytida ma'lum qilindi. 

“8 ta farzin haqidagi masala” deb nomlangan masala 19-asr o‘rtalarida o‘ylab topilgan. Uning mohiyati shundan iboratki, shaxmat taxtasida barcha 8 ta farzinni ulardan biri boshqasining zarbasiga uchramaydigan qilib joylashtirish kerak. Bunda farzin vertikal, gorizontal va ikkala diagonal chiziqlar bo‘yicha barcha kataklarga hujum qila olishi nazarda tutiladi. 

64 ta katakdan iborat standart shaxmat taxtasi uchun bu masala yechimi 1850 yildayoq topilgan. Taxtadagi kataklar soni va donalar soni ko‘paygani sari masala murakkablashib boradi. Olimlar agar taxta o‘lchami 1000 ga 1000 kataklik qilib oshirilsa, bu masalani yechishga ixtisoslashgan kompyuter dasturlari osilib qolishni boshlashini aytmoqdalar.

Professor Yan Gentning fikricha, ushbu masalani tez yechish algoritmini yarata olgan odam o‘z dasturini boshqa masalalarni hal qilishga, jumladan internetda kodlarni deshifrovkalashga moslashtira oladi.

Mavzuga oid