Buyuk Britaniya hukumati Grok sun’iy intellekti asosidagi chat-bot tomonidan yaratilgan suratlar sababli X ijtimoiy tarmog‘iga nisbatan chora ko‘rishi mumkin, deb xabar berdi Daily Telegraph gazetasi.
Qayd etilishicha, hattoki X tarmog‘i mamlakat hududida taqiqlanishi ham mumkin.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Greatest Hits Radio radiostansiyasiga bergan intervyusida ko‘rilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy choralarni o‘rganish bo‘yicha Ofcom mediaregulyatoriga topshiriq berganini aytdi.
«X vaziyatni nazoratga olishi shart. Bu noto‘g‘ri. Bu noqonuniy. Bunga chidab turolmaymiz», — dedi u.
3 yanvar kuni Bloomberg agentligi xAI kompaniyasining Grok sun’iy intellekt modeli foydalanuvchilarning so‘rovlariga muvofiq behayo suratlar yaratgani va ularni X tarmog‘idagi sahifasida joylaganini xabar qilgandi.











