Jahon | 09:02 / 19.01.2026
5408
4 daqiqa o‘qiladi

Yevropa davlatlari: Trampning tahdidlariga javob yakdil bo‘ladi

Germaniya va Tramp bojlar bilan tahdid qilgan Yevropa davlatlarining yettitasi Oq uy harakatlari “transatlantik munosabatlarni yemirishi” va Grenlandiya atrofidagi vaziyatda “xavfli yomonlashuv spirali” xavfini kuchaytirishini bildirdi.

Foto: Dado Ruvic/ REUTERS

Tariflar joriy etish haqidagi tahdidlar “transatlantik munosabatlarni yemirmoqda” va Grenlandiya atrofidagi vaziyatda “xavfli yomonlashuv spirali” yuzaga kelish xavfini oshirmoqda. Bu haqda yakshanba, 18 yanvar kuni Germaniya hamda AQSh prezidenti Donald Tramp 1 fevraldan boshlab 10 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qilgan Yevropa davlatlarining yana yettitasi qo‘shma bayonotida aytildi.

“Bizning javobimiz bundan keyin ham yakdil va muvofiqlashtirilgan bo‘ladi. Biz suverenitetimizni himoya qilishga sodiqmiz”, — deb ta’kidlanadi federal hukumat matbuot xizmati tarqatgan hujjatda.

“Biz Daniya Qirolligi va Grenlandiya xalqi bilan to‘liq hamjihatmiz”, — deyiladi bayonot mualliflari tomonidan. Ular o‘tgan hafta ishga tushirilgan jarayonga tayanib, “suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyillariga asoslangan” muloqotga tayyor ekanini bildirdi. Bu tamoyillarni “mustahkam qo‘llab-quvvatlashini” Daniya, Finlandiya, Fransiya, Germaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Shvetsiya va Buyuk Britaniya qayd etgan.

NATO a’zolari bo‘lgan ushbu davlatlar, hujjatga ko‘ra, “Arktikada xavfsizlikni mustahkamlashni umumiy transatlantik vazifa sifatida” qo‘llab-quvvatlaydi.

Bayonotda, shuningdek, Daniya tomonidan oldindan kelishilgan Arctic Endurance (“Arktik chidamlilik”) nomli mashqlar ittifoqchilar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgani aytilgan. “Ular hech kim uchun tahdid emas”, — deya urg‘u beriladi.

Avvalroq Bundesverning operativ qo‘mondonligi vakili 15 nafar bundesver harbiy xizmatchisidan iborat guruh reja asosida 18 yanvar kuni — Tramp tahdidlaridan keyingi kuni Grenlandiyani tark etganini bildirgan.

“Razvedka missiyasi natija berdi, barcha mamnun, hozir Germaniyada uni baholash jarayoni ketmoqda”, — degan u.

Harbiy missiya muddatidan oldin to‘xtatilgani haqidagi da’voni rad etgan: “Razvedka rejaga muvofiq yakunlandi”, — deydi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, nemis harbiylari Reykyavikka uchib ketgan, u yerdan Kopenhagenga yo‘l oladi.

Bild tabloidi hisob-kitobiga ko‘ra, bundesverning Grenlandiyadagi missiyasi 44 soat davom etgan. Nashr da’vo qilishicha, orolni tark etish buyrug‘i 18 yanvar ertalab Berlindan kelgan. Daniya rahbarligidagi missiyada Fransiya, Shvetsiya va Norvegiya harbiylari ham ishtirok etgan.

Donald Tramp 17 yanvar kuni Germaniya, Daniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Finlandiya, Fransiya va Shvetsiya uchun 1 fevraldan AQShga yetkazib beriladigan tovarlarga 10 foizlik tarif joriy etilishini e’lon qilgan. AQSh prezidentiga ko‘ra, 1 iyundan bojlar 25 foizgacha oshiriladi.

Reuters agentligi aniqlashtirishicha, tariflar amaldagi bojlardan tashqari ravishda joriy etiladi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, yig‘imlar “Grenlandiyani to‘liq va yakuniy sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishilmaguncha” undiriladi. U AQSh “bu operatsiyani 150 yildan ziyod vaqt” amalga oshirishga uringanini, biroq Daniya rad etganini ham qo‘shimcha qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid