Jahon | 21:38 / 03.02.2026
6413
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning tanaffusi bir haftaga bormadi. –20 daraja sovuqda energetika tizimiga zarbalar qaytadan boshlandi

Bu yil boshidan buyon eng kuchli zarbalar bo‘ldi. Zelenskiy buni AQSh bilan kelishuv buzilishi deb baholadi va ertaga davom ettiriladigan muzokaralarga ta’sir ko‘rsatishini aytdi.

EPA / Scanpix / LETA

Rossiyalik harbiylar 3 fevralga o‘tar kechasi raketalar va dronlar qo‘llagan holda Ukraina shaharlari bo‘ylab zarbalarni davom ettirdi. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, hujumning asosiy nishonlari o‘ta muhim infratuzilmalar, xususan, energetika obektlari bo‘lgan. Zarbalarning asosiy yo‘nalishlari Kiyev, Xarkiv, Odessa, Dnipropetrovsk va Vinnitsa oblastlari bo‘ldi, deya xabar bergan Ukraina qurolli kuchlari rasmiysi Yuriy Ignat.

U Rossiya «juda va juda ko‘p ballistika» qo‘llagani, ballistik trayektoriya bo‘ylab uchgan jami 70 dan ortiq raketa uchirganini aytgan. Bunday raketalarni esa urib tushirish qanotli raketalar yoki dronlarni urib tushirishga qaraganda ancha qiyin hisoblanadi.

Ukraina energetika holdingi DTEK mamlakat energetika infratuzilmasiga hujumlarni yil boshidan buyon kuzatilgan eng kuchli hujumlar deb baholadi. «Zarbalar Kiyev, Xarkiv va Dniproni isitish rejimida ishlayotgan issiqlik elektr markazlari va issiqlik elektr stansiyalariga berildi. Issiqlik elektr stansiyalari jiddiy zarar ko‘rgan», – deya qayd etgan kompaniya.

Kiyevda hujumlar tufayli elektrni rejali o‘chirish rejimi joriy etilgan. Darnitskiy va Dniprovskiy rayonlarining katta qismi issiqliksiz qoldi, deb xabar bergan shahar rahbari Vitaliy Klichko. Jami 1170 ta ko‘p qavatli turar joy binolari issiqlikdan uzilgan.

EPA / Scanpix / LETA

RF harbiylarining yangi hujumi Ukrainada sovuq kuchayishi fonida ro‘y bermoqda: Kiyevda bu kecha havo harorati –20 darajagacha pasaygandi. Bunday sovuq havo kamida hafta o‘rtasiga qadar saqlanib qolishi prognoz qilingan.

Rossiyalik harbiylar so‘nggi bir necha kun mobaynida Ukraina energetika tizimiga yoppasiga hujum qilishdan tiyilib turgandi. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Trampning iltimosidan keyin shunday qaror qabul qilgandi.

O‘tgan haftada Peskov Ukrainadagi energetika obektlariga zarbalar berishga qo‘yilgan moratoriy 1 fevralgacha amal qilishini aytgandi, ammo amalda «energetika sulhi» bir kun ko‘proq davom etdi – Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham 2 fevralgacha energetika obektlariga maqsadli keng ko‘lamli hujumlar qayd etilmaganini aytdi.

Peskov qayd etganidek, «energetika sulhi» «Abu-Dabidagi muzokaralar uchun qulay sharoitlar» yaratish maqsadida e’lon qilingandi – muzokaralarning navbatdagi bosqichi avvaliga 1 fevralga rejalashtirilgandi, keyinroq muddat 4-5 fevral kunlariga surildi.

Oxirgi zarbalardan keyin Zelenskiy ukrain muzokarachilari ishiga «tegishli tarzda» tuzatishlar kiritilishini aytdi. U aynan nimani nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmagan. «Rossiyaning har bir bunday zarbasi Moskvadagi munosabat o‘zgarmaganini tasdiqlaydi: ular urushni va Ukrainaning vayron bo‘lishini ko‘zlashadi va diplomatiyani jiddiy qabul qilishmaydi», – dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiy shuningdek, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi bir hafta emas, to‘rt kun amal qilganiga e’tibor qaratgan. «Bizningcha, rossiyaliklar tunda va’dasini buzdi. Yoki Rossiya bir haftada yetti o‘rniga to‘rt kun bor deb hisoblaydi, yoki ular urushga stavka qiladi. Biz Rossiyaning bu zarbasi Amerika tomoni bilan kelishuvni buzish va buning oqibatlari bo‘lishi kerak, deb hisoblaymiz», – dedi u.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid