Jamiyat | 10:10 / 26.01.2021
61935
14 daqiqa o‘qiladi

Pul to‘langanda darhol yonmayotgan «svet» va oshiqcha to‘lovlar: ASKUE tizimida nima muammo?

Mavzumiz elektr energiyasi ta'minoti haqida. Gap qish faslida sodir bo‘layotgan va hammaning asabini o‘ynatayotgan ko‘pdan ko‘p uzilishlar haqida emas. Suhbatimiz yangi va aqlli ASKUE tizimi, shuningdek, elektr energiyasi uchun iste'molchilar to‘layotgan pullar kerakli joyga borib tushmayotgani haqida bo‘ladi.

Surishtiruv davomida quyidagi uch savolga javob topishga harakat qilamiz:

  1. ASKUE tizimi qanday ishlaydi va nega elektr energiyasi uchun pul to‘langanda ham, svet darhol yonmaydi?
  2. Elektr energiyasi uchun to‘lov qilishda qanday tushunmovchiliklar mavjud?
  3. ASKUE tizimi pulni ortiqcha hisoblayapti, to‘langan pul tez tugab qolyapti, degan gap-so‘zlarga nima sabab bo‘lmoqda?

Bu borada ma'lumotga ega bo‘lish uchun Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi aksionerlik jamiyatida bo‘ldik va mutasaddilarga mikrofon tutdik.

(Alohida qayd etish joiz, masala Samarqand viloyati misolida ko‘rib chiqilganiga qaramasdan, unda tilga olinadigan vaziyat va muammolar butun respublika uchun taalluqlidir).

Elektr energiyasi ta'minotida aqlli hisoblagichlar — ASKUE tizimi o‘rnatilishidan ko‘zlangan maqsad  o‘zi nima edi?

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi filiali direktori o‘rinbosari Diyor Nishonovning aytishicha, maqsad elektr energiyasi hisobi va nazoratini aniq-tiniq yo‘lga qo‘yish bilan tizimni shaffoflashtirish, sohada noqonuniy ulanish, foydalanish va talon-torojliklarni bartaraf etish, aholiga qulayliklar yaratish.

Biroq, aniq hisob-kitobga asoslangan yangi tizim ham xatolarga yo‘l qo‘yishi mumkinmi? Samarqand shahar energosotish bo‘limida sarson bo‘layotgan fuqarolarning aksariyati ASKUE tizimi uchun to‘langan pullar tez sarf bo‘layotgani, oldindan to‘lov tugab, tarmoqdan uzilganidan so‘ng yoqilishida qiyinchiliklarga duch kelishayotganini bayon etishdi.

ASKUE tizimi o‘chirilgan tarmoqni qayta ulashi masalasini biroz keyinga sura turaylik. To‘lov tizimi bilan bog‘liq qandaydir muammo ham bormi?

Albatta bor!

Iste'molchilar ayrim to‘lov ilovalari orqali elektr energiyasi uchun emas, turli qo‘shimcha xizmatlar va jarimalar uchun pul o‘tkazib yubormoqda. Aksariyat hollarda penya uchun to‘lov amalga oshirilmoqda.

 Penya va elektr energiyasi uchun to‘lovning farqi bormi?

Diyor Nishonovning aytishicha, elektr energiyasi alohida tovarlar sirasiga kiritilgan va to‘langan pullar kilovatt-soatlarga aylantiriladi. Penya esa jarima hisoblanadi. Shu sababli, ularning har ikkisi alohida hisob-kitob qilinadi.

To‘lovdagi chalkashliklar qanday yuzaga kelayotganining texnik tomoniga e'tibor qaratamiz. Masalan, PAYME ilovasini olaylik. Unda elektr energiyasi va penya uchun to‘lov o‘tkazish imkoniyati bor. Elektr energiyasi yozuvini tanlash yuqorida, juda noqulay joylashtirilgan. Go‘yoki sarlavhaga o‘xshaydi.

Amaliyotda, ko‘pchilik ishdan qaytgach uyida chiroq o‘chganini sezadi. Soat kechki 17:00 dan boshlab respublika bo‘ylab bir vaqtdagi to‘lovlar ko‘paygach, to‘lov tizimlari serverida zo‘riqish hosil bo‘ladi shekilli, elektr energiyasi uchun o‘tkazilgan pullar bir urinishda o‘tavermaydi. Biroq negadir penya uchun to‘lov qiyinchiliksiz, shu ondayoq o‘tadi.

Ayrim suhbatdoshlarimiz PAYNET shoxobchalarida ishlovchilar ham to‘lov tezroq o‘tgani uchun penya uchun to‘lov qilib yuborishganini aytib berishdi.

Xuddi shuningdek, PAYNET ilovasining o‘zbekchasida qo‘shimcha xizmat uchun «ULANISh» yozuvi turibdi. Bu ham chalg‘ituvchi yozuv. Xuddi shu ilovaning ruschasida «ZA POVTORNOYe PODKLYuCheNIYe», ya'ni qayta ulanish uchun degan yozuv tushunarliroq qilingan. Bu qayta ulanish ham elektr energiyasi uchun to‘lov emas. Turar joylarda emas, noturar joylar uchun svet uzilgach, qayta ulanish uchun alohida to‘lov bor. MIB chog‘idagi qayta ulanishdagi jarima esingizdami? Shunga o‘xshash.

 Keling, penyani ko‘rib chiqaylik. O‘zi u nimadan hosil bo‘ladi va u qanday hisoblanadi?

«Samarqand HETK» AJ elektr energiyasini sotish hisobi va hisoboti bo‘limi boshlig‘i Hafiza Qurbonovaning tushuntirishicha, penya elektr energiyasidan qarzdorlik hosil bo‘lgach, bir oy ichida to‘lanmasa har kuni to‘lanmagan summaning 0,1 foizi miqdorida hisoblanadi. Hisoblangan jami penya muddati o‘tgan qarzdorlikning 50 foizidan oshishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Xo‘p, penya uchun to‘lov bor ekan, o‘sha to‘lov adashib o‘tkazilar ekan, u elektr energiyasi uchun qayta hisob-kitob qilinadimi?

«Samarqand HETK» AJ ASKUE bo‘limi boshlig‘i Temur Aripovning ta'kidlashicha, penya uchun adashib, oldindan to‘langan ortiqcha pul penya hisob raqamida hech narsaga ishlatilmasdan saqlanib turaveradi. Aslo elektr energiyasi uchun yo‘naltirilmaydi. Biroq, elektr energiyasi uchun to‘lov qilinganida oydan oyga o‘tishda qayta hisob-kitob jarayonida penya summasi ayrilib qolishi mumkin. Dastur shunaqa qilingan.

Eslab qoling: elektr energiyasi uchun to‘lovingizdan penya va boshqa to‘lovlar ushlab qolinishi mumkin, biroq penya uchun qilingan to‘lov o‘z-o‘zidan elektr energiyasi uchun o‘tib qolmaydi.

 Xo‘sh, adashib penya uchun oldindan to‘lanayotgan pul elektr energiyasi uchun avtomatik qayta hisob-kitob qilinmas ekan, nega unda iste'molchilarga ularning balansi plyus bo‘lib ko‘rinmoqda?

Temur Aripovning tushuntirishicha, abonent hisob raqamida bir necha hisoblar bor. Elektr energiyasi uchun to‘lov, penya, qayta ulanish, dalolatnoma orqali ulanish uchun to‘lov (kimdir vaqtincha «svarka» ishlatsa, masalan) va h.k.

Ularning har birining hisob-kitobi alohida yuritiladi va bir-biriga aralashtirilmaydi. Iste'molchilarga esa har bir hisob raqamning umumiy yig‘indisi — saldo ko‘rinishida taqdim etiladi.

Ya'ni, ilovalarda iste'molchilarga ko‘rinadigan raqam elektr energiyasi uchun oldindan to‘lab qo‘yilgan pul miqdori emas, hisob raqam saldosi ekan. U penya va boshqa hisob raqamlardagi ortiqcha pul evaziga ham plyusda aks etishi mumkin.

Tan olish kerak, bu odamni juda chalg‘itadi. Chunki hamma ham buxgalter emas.

Masalan, siz adashib penya uchun ortiqcha to‘lov qilganingizda, elektr energiyasi iste'moli uchun qarzingiz kamaymasdan saqlanib turaveradi, ammo hisobingiz saldo hisobiga plyusga chiqib, chirog‘ingiz o‘chmaydi (o‘chgan bo‘lsa qayta yonadi), shundan so‘ng qarzingiz ko‘payishda davom etadi. Boz ustiga, o‘sib borayotgan qarzingiz muddati o‘tsa — undan yana penya hosil bo‘ladi va u oldindan o‘tkazib qo‘ygan (predoplata) penyangizdan yechib olinaveradi.

Mana, «shuncha pul to‘lasam ham qarzim kamaymayapti, ortiqcha pul yechib olinmoqda», degan gap-so‘zlar qayerdan chiqib kelmoqda? Qanaqa murakkab tizim ekanligini ko‘ryapsizmi? Tushunmagan bo‘lsangiz, yuqoridagi so‘nggi abzatslarni yana bir marta sinchiklab, diqqat bilan o‘qing.

 Xo‘p, tushundik. Penya va boshqa xizmatlar uchun to‘langan pullar qayerda saqlanadi? Ularni elektr energiyasi uchun to‘lovga yo‘naltirish uchun nimalar qilish kerak?

Hafiza Qurbonovaning tushuntirishicha, penya uchun adashib qilingan to‘lovni faqat viloyat HETK AJ rahbari nomiga ariza yozib, viloyat energiyasini sotish hisobi va hisoboti bo‘limida qo‘l yordamida elektr energiyasi uchun to‘lovga yo‘naltirish mumkin.

Demak, abonentlarga turli shoxobchalar, mobil telefon orqali elektr energiyasi uchun to‘lov qilishda ham diqqatliroq bo‘lish talab etiladi. Umuman, het.uz sayti orqali shaxsiy kabinetdan xarid qilingan kilovatt soatlarning sarfi, qarzdorlik va penya miqdorini kuzatib borish ham mumkin.

Sinab ko‘rish uchun shaxsiy kabinetni ochmoqchi bo‘lganimizda ochilmadi

Savol tug‘iladi: Tizimni iste'molchilar uchun qulay qilib, faqat elektr energiyasi uchun to‘lov qabul qilinadigan qilinsa bo‘lmaydimi? Yana aksariyat iste'molchilar nimaligini tushunmaydigan saldoni emas, aynan elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov hamda hisob-kitobni ko‘rsatishni?

Bizga tushuntirishlaricha, buning uchun hozir foydalanilayotgan dastur butunlay qayta ishlab chiqilishi kerak bo‘ladi. Mavjud dasturda faqat elektr energiyasi uchun to‘lovning o‘zini ajratib ko‘rsatish, ya'ni saldo o‘rniga oldindan to‘lov qilingan summani ko‘rsatish imkonsiz ekan. Chunki siz pul to‘laganingiz hamono ular kilovatt-soatlarga aylanadi.

Odamlarga oldindan to‘lab qo‘yilgan kilovatt-soatlarni ko‘rsatish imkoni bor, lekin buni hamma ham tushunavermaydi. Buning uchun 2100 raqamiga D harfini jo‘natib, hisoblagichni muntazam kuzatib, ko‘rsatkichlarni taqqoslab yurish kerak.

Demak, hurmatli fuqarolar, sizlar ko‘chadagi infokiosklardan, kassalardan, PAYNET, PAYME kabi ilovalardan to‘lov qilishda diqqatliroq bo‘lishingiz talab etiladi. To‘lovni amalga oshirishda faqat ELeKTR ENeRGIYaSI degan punktni tanlashingiz lozim bo‘ladi.

 Endi ASKUE tizimi va uning qanday ishlashi bo‘yicha ayrim savollarga ham javob axtarishga harakat qilamiz.

Kassa, to‘lov terminali, mobil ilovalar orqali to‘langan pullar darhol tizimda paydo bo‘lishini sinab ko‘rish uchun ularning barchasi orqali hisob raqamga pul o‘tkazib ko‘rdik. To‘langan pul ondayoq hisob raqamga kelib tushmoqda. Nega unda ASKUE hisoblagichlar shu ondayoq qarz tufayli uzilgan elektr energiyasini ulab bera olmayapti?

Temur Aripovning tushuntirishicha, signallar PLC (nol fazada yuradi), RF va GPRS radioto‘lqinlari orqali jo‘natiladi va qabul qilinadi. Aslida, tizimdan uzish ham bir ondayoq amalga oshmaydi. Kompyuter kun bo‘yi qarzga kirgan hisoblagichlarni o‘chirish uchun signal jo‘natadi. Hattoki, tizimdan uzishda xatolik ro‘y berdi, degan signallar ham kelib turadi. Qayerda liniyaning o‘tkazish imkoniyati yaxshi bo‘lsa, buyruq bir zumda amalga oshadi. Lekin ko‘p joylarda simlarning eskirgani, ayrim joylarda internet aloqasi yaxshi emasligi avtomatik qayta yoqishda ayrim muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Qachondir ASKUE tizimi to‘liq ishlab ketib, fuqarolarga ayni chog‘da tug‘dirilayotgan noqulayliklarga chek qo‘yiladimi, degan savolga javob bera turib Diyor Nishonov tizim hali to‘liq ishlab ketgani yo‘qligi, joriy yil I chorak oxirida sozlash ishlarini nihoyalash ko‘zda tutilganini ta'kidlab o‘tdi. Uning ta'kidlashicha, vaziyat ish endi boshlanishidan ko‘ra yaxshi tomonga ancha o‘zgargan. Chunki qayerda muammolar ro‘y berayotgan bo‘lsa,ular  bosqichma-bosqich  bartaraf etib kelinmoqda.

 Xo‘sh, hali yangi tizimga ko‘nikish asnosida ko‘plab murojaatlar bo‘ladi. Ularni hal qilish uchun qanday yo‘l tutilmoqda? Iste'molchilardan nimalar talab etiladi?

Diyor Nishonov bu savolga javob berar ekan, fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlarda muammolarni umumiy gap bilan emas, aniq va konkret manzilli qilib bayon etishni so‘rab qoladi. «Murojaatlarga albatta e'tibor beriladi, o‘sha muammo qaysi hududda ro‘y berayotgan bo‘lsa chiqib o‘rganiladi va bartaraf etiladi», dedi u.

Uning alohida qo‘shimcha qilishicha, aqlli ASKUE tizimi elektr energiyasidan o‘g‘rincha foydalanish, g‘ayriqonuniy ulanish kabi bir qancha noqonuniy harakatlarni aniqlab bera oladi. Bunday g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar jarima sanksiyalari qo‘llanishiga sabab bo‘ladi.

Ishonamizki, butun respublikani tobora qamrab olayotgan ASKUE tizimi o‘nglanib, hammasi iziga ham tushib ketar. Hozircha uning birqadar aniq va qoniqarli ishlayotganiga guvoh bo‘ldik. Lekin uning a'lo darajada ishlashiga, rostdan ham, hali biroz bor ekan.

Lekin liniyalarni yangilamasdan, to‘lov tizimini soddalashtirmasdan, iste'molchilar uchun tushunarli qilmasdan turib, bir narsaga erishish qiyin. Noaniqliklar, chalkashliklar ASKUE tizimiga bo‘lgan ishonchsizlik paydo qilmoqda.

Chunki avval hisoblagichlarni inson uyma-uy aylanib tekshirgan bo‘lsa, hozir kompyuter masofadan turib amalga oshiradi va qarz paydo bo‘lgan zahoti avtomatik o‘chira oladi.

Toki odamlar faqat elektr energiyasiga soddagina to‘lov qila olmas ekan (xuddi telefonga pul tashlagani singari), to‘lov qilgani zahoti uyida sveti yonmas ekan shuncha qilinayotgan va shuncha maqtalayotgan ishlar ko‘zga tashlanmay turaveradi.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri
Tasvirchilar: Jahongir Aliboyev, Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid