Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident qarori: Bog‘cha xodimlari maoshi oshiriladi, ayrim hududlarda bog‘cha to‘lovlari pasaytiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 fevraldagi PQ-3571-sonli «Davlat maktabgacha ta'lim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq to‘lashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi. Hujjat matni prezident matbuot xizmati tomonidan keltirilgan.
Ushbu qaror uzluksiz ta'lim yagona tizimining muhim bo‘g‘ini sifatida maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish, xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirishning munosib shart-sharoitlarini yaratish, yuqori malakali kadrlarni, shu jumladan, yosh bitiruvchilarni jalb etish, jamiyatda davlat maktabgacha ta'lim muassasalari pedagoglarining nufuzini oshirish maqsadida qabul qilingan.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining davlat maktabgacha ta'lim muassasalari xodimlari ayrim toifalarining 2018 yil 1 martdan boshlab – mudirlar, tarbiyachilar, metodistlar, o‘qituvchilar, defektologlar, psixologlar, musiqa rahbarlari va tarbiyachining yordamchilari mehnatida haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari – 30 foizga, 2018 yil 1 sentabrdan boshlab tayyorgarlik (5 yoshdan 6-7 yoshgacha) guruhi tarbiyachilari, oliy ma'lumotli o‘qituvchilar, defektologlar, psixologlar mehnatida haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari, ularning bazaviy tarif stavkalari miqdorlarini umumta'lim maktablari boshlang‘ich sinflari o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari miqdorlariga tenglashtirgan holda – 30 foizga, oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar pedagogik ma'lumotli tarbiyachining o‘rinbosarlari mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari – 20 foizga, maktabgacha ta'lim muassasalari mudirlari mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari – 10 foizga tabaqalashtirib oshiriladi.
Buning natijasida davlat maktabgacha ta'lim muassasalarida mehnat qilayotgan jami 93555 nafar xodim, shundan 4908 nafar mudir, 3924 nafar oliy ma'lumotli tarbiyachi, 39523 nafar o‘rta maxsus ma'lumotli tarbiyachi, 673 nafar metodist, 3765 nafar defektolog, 1450 nafar psixolog, 33259 nafar tarbiyachi yordamchisi va 7503 nafar musiqa rahbarining ish haqlari sezilarli darajada oshiriladi.
Ushbu qarorda 2018 yil sentabr oyidan boshlab oliy ma'lumotga ega bo‘lgan tayyorlov guruhi (5 yoshdan 6-7 yoshgacha) tarbiyachisi mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari miqdori umumta'lim maktablari boshlang‘ich sinflari o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari miqdoriga tenglashtirilishi belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, qaror bilan maktabgacha yoshdagi bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasini oshirish maqsadida hamda qishloq joylardagi aholi turmush darajasini inobatga olib, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Kasbi, Mirishkor, Qamashi, Chiroqchi, Nishon, Yakkabog‘ va G‘uzor tumanlarida, Buxoro viloyatining Olot, Shofirkon, Qorako‘l, Peshku va Romitan tumanlarida, Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Muzrabot, Oltinsoy, Boysun, Qumqo‘rg‘on, Uzun, Sariosiyo tumanlarida joylashgan davlat maktabgacha ta'lim muassasalarida 2023 yilning 1 yanvarigacha ota-onalar badal to‘lovi miqdorini 50 foizga kamaytirish nazarda tutilgan.
2018 yil 1 martdan boshlab davlat maktabgacha ta'lim muassasalarida tarbiyachining yordamchisi mehnatiga haq to‘lash tartibi bazaviy tarif stavkalaridan kelib chiqib joriy etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2018 yilda ushbu qarorga muvofiq davlat ta'lim muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti hisobiga moliyalashtirilishini ta'minlab, 2019 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti parametrlarini shakllantirishda ushbu xarajatlarni nazarda tutadi, davlat maktabgacha ta'lim muassasalarini moddiy rag‘batlantirishning maxsus jamg‘armasini shakllantirishga qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lash fondining qat'iy ravishda 15 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishini ta'minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi moddiy rag‘batlantirishning maxsus jamg‘armasi mablag‘laridan maqsadli va manzilli foydalanilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatadi, davlat maktabgacha ta'lim muassasalari xarajatlari smetalarida ular alohida satrda ajratilishini nazarda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjyeti parametrlari to‘g‘risida» 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-son qarorining 32-ilovasiga ilovaga muvofiq o‘zgartirish kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.
Mavzuga oid
16:51 / 30.09.2025
Toshkent viloyatida shifoxonalarga yotqizilgan bolalarning deyarli barchasi uyga qaytdi
13:53 / 29.09.2025
Toshkent viloyatida shifoxonalarda davolanayotgan bolalar soni 38 nafarni tashkil etmoqda
22:40 / 27.09.2025
Zaharlangan mingta murg‘ak va dunyoda yo‘q AES - hafta dayjesti
15:15 / 27.09.2025