O‘zbekiston | 14:09 / 22.12.2022
15303
4 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro olimpiadadan bronza olib kelgan surdlimpiachilar hukumatdan taqdirlanishni so‘rayapti

2022 yil may oyida eshitishida nuqsoni bo‘lgan sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro olimpiadada o‘zbekistonlik sportchilar 3ta bronza medalini qo‘lga kiritishgan. Sovrindorlar O‘zbekiston hukumati ularni taqdirlash uchun pul ajratmaganidan norozi.

Shu yilning may oyida Braziliyada eshitishida nuqsoni bo‘lgan sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan yozgi olimpiada o‘yinlarida O‘zbekistondan 31 nafar sportchi ishtirok etgandi. Musobaqada sportchilarning 3 nafari bronza medalini qo‘lga kiritgan. Ular munosib taqdirlanmagani uchun hukumatdan noroziliklarini bildirishmoqda.

XXIV yozgi Surdlimpiya o‘yinlarida Dilbar Tojiboyeva, Maftuna Abdiyusupova, Go‘zal Eshmirzayeva bronza medalini qo‘lga kiritishgan. Ularning murabbiyi Davron Xidirovning aytishicha, shogirdlariga e’tibor qaratishni so‘rab, Sportni rivojlantirish vazirligiga murojaat qilgan. Murabbiy xatiga javoban vazirlik bosh vazir Abdulla Aripovga 2022 yilning 8 iyunda bronza medalini qo‘lga kiritgan har bir surdlimpiyachiga 10 000 dollar, sportchilarni tayyorlagan murabbiylarga 5 000 dollar miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlashini so‘rab murojaat yo‘llagan. Buni vazirlik Kun.uz’ga ham tasdiqladi.

«Biz qo‘limizda qaror bo‘lmay turib ularga pul ajratolmaymiz. Hozir bu masalani hukumat ko‘rib chiqyapti. Prezident qaroriga ko‘ra, hozir faqat xalqaro chempionatlarda olimpiada va paralimpiyachilarga pul ajratish masalasi ko‘rsatilgan. Biz bosh vazirga kiritgan taklifda ularning yonida surdlimpiachilarni ham taqdirlash masalasini qo‘yganmiz, lekin qachon hal bo‘lishini bilmaymiz», – dedi vazirlik rasmiysi.

Vazirlikning aytishicha, ular sovrindor bo‘lib kelgan sportchilarning har biriga 10 million so‘m, murabbiylariga 5 million so‘m vazirlik hisobidan berib taqdirlashni taklif qilishgan, lekin surdlimpiachilar buni rad etgan.

«Bunga sabab – deydi murabbiy Davron Xidirov – sportchilarning yillar davomida mashg‘ulotga borib kelishiga yo‘lkira xarajatiga bundan ham ko‘p xarajat ketgan. Misol uchun Maftuna Abdiyusupova Toshkent viloyati, Parkent tumanida yashaydi. Mashg‘ulotlarga Toshkent shahriga qatnaydi, mashg‘ulotlar esa odatda kech soat 20.00dan 22.00gacha bo‘ladi. «Tasavvur qiling, bunday payt borib kelish uchun yo‘lkiraga qancha sarflanadi?»

Shu masalani bir necha bor yozgan karlar jamiyati faoli Ma’murjon Ahlidinov bu sportchilarga e’tibor berilmayotgani sabab, ular keyingi yillardan musobaqada qatnashish yoki g‘olib bo‘lib kelishga harakat qilmay qo‘yishadi degan fikrda.

«Bilishimcha, eshitishida nuqsoni bo‘lgan sportchilarga Qozog‘iston hukumati xuddi Olimpiya va Paralimpiya g‘olib, sovrindorlari kabi 75, 150 va 250 ming dollar (bronza, kumush va oltin medal uchun) mukofot puli ajratishni va’da qilgan.

Braziliyada bo‘lib o‘tgan surdlimpiya o‘yinlarda qozoqlar 4 ta oltin, 7 ta kumush va 18 ta bronzani qo‘lga kiritishdi. Bu – Qozog‘iston Surdlimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlariga budjetidan 3 million 400 ming AQSh dollari ajratadi degani. Balki shuning uchun ham qozoqlar Braziliyadagi musobaqada 29ta medalni qo‘lga kiritishdi», – deydi u.

Ma’lumot uchun, eshitishida nuqsoni bo‘lganlar olimpiya va paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etolmaydilar. Paralimpiyada faqat jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilar qatnasha oladi. Shuning uchun 1924 yildan karlar uchun alohida Surdlimpiya o‘yinlari tashkil qilingan va Olimpiada o‘yinlari kabi har 4 yilda bir marta tantanali ochilib, musobaqaga start beriladi. 

Mavzuga oid