O‘zbekiston | 01:33 / 20.09.2023
33413
5 daqiqa o‘qiladi

Jahon miqyosida ishonch inqirozi, paxta qulligidan qutulish, Afg‘oniston va Markaziy Osiyodagi suv muammosi - Mirziyoyev BMT minbaridan nutq so‘zladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi.

Foto: BMT

Mirziyoyev Jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilayotgani, global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish kuchayayotganiga urg‘u berdi.

«Bularning barchasi keng ko‘lamdagi keskinlik ortishiga sabab bo‘lmoqda. Geosiyosiy qarama-qarshiliklar tufayli savdo, investitsiya va innovatsiya sohalaridagi erkin almashish yo‘lida yangi to‘siqlar vujudga kelmoqda. Hatto iqlim o‘zgarishlari, ochlik va tengsizlikka qarshi kurash singari butun bashariyat taqdiriga daxldor bo‘lgan masalalarda ham o‘zaro muloqot izdan chiqqani sezilmoqda», — dedi Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning kelgusida rivojlanish yo‘nalishlariga ham to‘xtaldi.

«Biz huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lmish Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini qat’iy davom ettirmoqdamiz. Mamlakatimiz inson qadri va manfaatlari uchun degan ezgu g‘oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo‘lidan dadil ilgarilab bormoqda», — dedi prezident BMT minbarida.

Prezidentning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda 2017 yildan buyon kambag‘allik 2 barobarga kamaygan. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkichni 7 foizga tushirish reja qilingan.

Prezident o‘tkazilgan islohotlar paxta yakkahokimligidan qutulishga olib kelganini ham ta’kidlab o‘tdi.

«Bir asr davomida O‘zbekistonda millionlab insonlar paxta terimiga majburiy ravishda jalb etib kelindi. Har yili sentabr oyidan dekabrgacha aholining asosiy qismi, o‘qituvchi va shifokorlar, tadbirkor, ishchi va xizmatchilar, eng achinarlisi, maktab o‘quvchilari va talabalar paxta terimiga safarbar qilinar edi. Buning natijasida o‘zbek paxtasiga boykot e’lon qilingan, mamlakat esa yillar davomida qora ro‘yxatlarga kiritilgan edi. Qat’iy irodamiz tufayli endi bularning barchasi o‘tmishga aylandi. Xalqimiz paxta qulligidan butkul ozod bo‘ldi», — dedi prezident.

O‘zbekiston prezidenti 2024 yili BMT shafeligida «Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l» butunjahon konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etdi.

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo birdamligi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

«Bizning nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiy va mushtarakdir. Mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirishdan boshqa yo‘limiz yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas», — dedi u.

Bundan tashqari, global iqlim isishi Markaziy Osiyo mintaqasida suv taqchilligini keltirib chiqarish muammosiga e’tibor qaratdi.

«So‘nggi 30 yilda mintaqamizda havo harorati o‘rtacha 1,5 gradusga ko‘tarildi. Bu dunyodagi o‘rtacha isishdan 2 karra ko‘p. Oqibatda muzliklar umumiy maydonining qariyb uchdan bir qismi yo‘qolib ketdi. Ushbu tendensiya saqlanib qolsa, yaqin 20 yilda mintaqamizdagi ikkita yirik daryo — Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foizga qisqarishi mumkin. Jon boshiga suv bilan ta’minlash darajasi 25 foizga, qishloq xo‘jaligi ekinlar hosildorligi esa 40 foizga kamayishi kutilmoqda», — dedi Mirziyoyev.

Shularni e’tiborga olib, Shavkat Mirziyoyev «Markaziy Osiyo iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik uchun hamjihatlik» nomli BMT rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi.

«Uning asosiy mazmunini kelgusi yil Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro iqlim forumida muhokama qilishni taklif etaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident so‘nggi paytlarda ayrim mamlakatlarda ko‘zga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.

«Jahon miqyosida dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekistonda YuNESKO shafeligida «Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik» xalqaro markazini tashkil etishni taklif etamiz», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonni o‘z muammolari bilan yana yolg‘iz qoldirish katta xato bo‘lishini qayd etdi.

«Inkor qilish, yakkalab qo‘yish va sanksiyalar qo‘llash oddiy afg‘on xalqining ahvolini yanada og‘irlashtirmoqda. Afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslik lozim, deb hisoblaymiz. Afg‘onistonning muzlatilgan xalqaro aktivlarini bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirish uchun maqbul mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqiramiz», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev shuningdek, 2024 yilda O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlarining forumini o‘tkazishni ham taklif qildi.

Mavzuga oid