Jahon | 18:21 / 13.10.2022
42288
15 daqiqa o‘qiladi

Kaspiyning suvi kamaymoqda: Dunyodagi eng yirik ko‘lning boshiga ham Orolning kuni tushadimi?

Bundan bir necha kun oldin NASA saytida dunyodagi eng yirik ko‘l – Kaspiy dengizining 2006 va 2022 yilda tushirilgan fotosuratlari e’lon qilindi. 16 yil farq bilan olingan fotosuratlarda Kaspiyning suvi ancha kamayib ketganini ko‘rish mumkin. So‘nggi bir necha o‘n yilliklarda sodir bo‘layotgan iqlim o‘zgarishlari bu dengizga ham aks ta’sir qilmoqda.

Foto: tripadvisor.ru

XX asrda insoniyat iqtisodiyot va fan-texnika rivojlanishi ortidan ekologik muammolarga ham duch kela boshladi. Bir tomondan turli texnikalar insonning og‘irini yengil qilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan ular ekologiyaga juda katta zarar yetkazmoqda.

Ikkinchi jahon urushidan keyin aholi sonining keskin ortib borishi, yerosti boyliklarning ayovsiz tarzda qazib olinishi, turli transport vositalari va korxonalardan chiqayotgan zaharli gazlar tufayli ekologiya  keskin o‘zgarmoqda.

Oqibatda, Yer yuzi iqlimi keskin o‘zgarishlarga yuz tutmoqda. Havo harorati oshib, anomal issiqlar sodir bo‘lmoqda. Aksariyat hududlarda yog‘ingarchiliklar kam bo‘lmoqda.

Nafaqat Arktika va Antarktidadagi, balki baland tog‘larda ham muzliklar shiddat bilan erib ketmoqda. Shu tufayli daryolarning suvi kamaymoqda. Ular borib quyiladigan aksariyat ko‘llarning suvi sathi pasayib, qurib bormoqda.

Orol dengizining 1977 va 2020 yillardagi holati

XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab bugungacha bir nechta ko‘llar batamom quridi. Qolganlarida esa suv sathi shiddat bilan pasayib bormoqda. Jumladan:

  • Markaziy Osiyoda joylashgan Orol dengizi;
  • AQShning g‘arbiy qismidagi Yuta shtatida, Buyuk Havza Tog‘lari orasida joylashgan Buyuk Sho‘rko‘l;
  • G‘arbiy Afrikada, Sudan, Nigeriya, Niger va Chad davlatlari chegaralari orasida joylashgan Chad ko‘li;
  • Xitoyning Gansu provinsiyasida, Dunhuang shahridan 5 kilometr uzoqlikda, Gobi sahrosida joylashgan Yueyatsyuan ko‘li;
  • Xitoyning Shimoliy-G‘arbiy qismida, Shansi provinsiyasida joylashgan Hongjiannao ko‘li;
  • Eronning shimoli-g‘arbida joylashgan Urmiya ko‘li;
  • Iordaniya va Isroil davlatlari chegarasida joylashgan O‘lik dengiz ko‘li;
  • Sahroi Kabirdagi Mali davlati hududida joylashgan Fagibin ko‘li qurib bormoqda.

Bugun iqlim o‘zgarishlari dunyodagi eng katta ko‘l – Kaspiyga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda va uning suvi ham so‘nggi bir necha o‘n yildan buyon muttasil kamayib kelmoqda.

Kaspiy haqida ma’lumotlar

Kaspiy Osiyo qit’asida, beshta davlat – Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarboyjon va Eronning o‘rtasida joylashgan.

Dengizning umumiy qirg‘og‘i 6 500-6 700 kilometrni tashkil etadi va uning asosiy qismi cho‘llar bilan tutashgan.

Kaspiyning:

— O‘rtacha chuqurligi – 208 metr;

— Eng chuqur joyi – 1025 metr;

— Shimoldan janubga uzunligi – 1200 km;

— G‘arbdan sharqqa uzunligi – 310 km;

— Maydoni 390 000 km/kvadrat;

— Suv hajmi – 78 000 km/kub;

— Tuz miqdori – 12,8-12,9 foizni tashkil etadi.

Kaspiy dengizining janubiy qismi chuqurroq  bo‘lib, shimoliy qismi ancha sayoz.

Kaspiy uch bo‘lakka bo‘linadi. Dengizning janubi uning eng chuqur qismi hisoblanib (uning eng chuqur joyi ham shu qismida), markaz bilan chegarasi Boku shahri joylashgan Absheron yarimorolidan Turkmanboshi shahri joylashgan hududga borib taqaladi. Shimol va markaziy qism o‘rtasidagi chegara esa Mang‘iqishloq ko‘rfazidan Terek daryosi deltasi bo‘ylab o‘tadi.

Dengizning shimoli ancha sayoz bo‘lib, chuqurligi 3 metrdan 35 metrgacha yetadi. O‘rta qismining chuqurligi 50 metrdan 900 metrgacha, janubiy qismining chuqurligi 700 metrdan 1025 metrgacha boradi.

Kaspiy dengizida suvning harorati turli fasllarga qarab uning shimoliy va janubiy qismida turlicha bo‘ladi. Masalan, shimoliy qismida qish faslida o‘rtacha 0... +1, janubida esa + 10... +11 daraja, yozda shimoliy qismida +17... +18, janubiy qismida +28... +32 daraja issiq bo‘ladi.

Kaspiyning hayvonot dunyosi boy. Unda 1 809 xil tur borligi aniqlangan va ulardan 415 tasi umurqali jonzotlar tashkil etadi. Kaspiyda 101 turdagi baliqlar yashaydi. Shuningdek, bu yerda noyob sut emizuvchi – Kaspiy tyuleni ham bor.

Kaspiy dengizi va uning qirg‘oqlarida jami 728 xil o‘simliklar borligi aniqlangan. Ularning orasida turli kemalar orqali urug‘i kelib qolgan turlar ham bor.

Kaspiy dengiziga 100 dan oshiq turli daryo va soylar suvi quyiladi va ularning oltitasi yirikroq hisoblanadi. Bular – Volga, Ural, Terek, Kura, Sulak, Samur.

  • Volga dunyodagi eng yirik daryolardan biri hisoblanib, u Rossiya shimolidan boshlanadi. So‘ng markaziy qoratuproq hududini kesib o‘tadi va Kaspiy dengiziga shimol tomondan quyiladi. Daryo quyilish joyida juda katta delta hosil qiladi.
  • Ural daryosi ham Rossiya hududidagi Ural tog‘laridan boshlanadi va Qozog‘iston hududi orqali janubga oqib, Kaspiyga quyiladi.
  • Terek daryosi Kavkaz tog‘larining Gruziyada joylashgan qismidan boshlanadi va Rossiya hududidan Kaspiyga quyiladi.
  • Kura Kavakazorti hududida joylashgan eng yirik daryo hisoblanadi. U Turkiya hududidagi tog‘lardan boshlanadi va Gruziya, Ozarboyjon hududlaridan oqib o‘tib, Kaspiyga quyiladi.
  • Sulak kichik daryo bo‘lib, u Dog‘istondagi tog‘lardan boshlanadi va shu respublika hududida Kaspiyga quyiladi.
  • Samur daryosi Dog‘istonning janubiy qismida joylashgan tog‘lardan boshlanadi va Kaspiygacha Rossiya va Ozarboyjon chegarasi bo‘ylab oqadi.

Kaspiy suvining kamayish sabablari

Kaspiy suvining kamayib borayotganiga asosan iqlim o‘zgarishlari sabab bo‘lmoqda. Yog‘ingarchiliklar kam bo‘lishi tufayli baland tog‘lardagi muzliklar erib ketmoqda. Oqibatda, daryolarning sathi pasayib, Kaspiyga tushadigan suv miqdori kamayib bormoqda.

Ozarboyjonlik olim, uzoq yillardan buyon Kaspiy qirg‘oqlarini o‘rganib kelayotgan Amir Aliyevning ma’lum qilishicha, dengizga tushadigan suvning 80 foizi Volgadan, 5 foizi Uraldan quyiladi.

So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishlari tufayli Volgadan Kaspiyga tushayotgan suv miqdori 30 foizga kamaygan.

Bundan tashqari, Eron va Turmanistonda sodir bo‘layotgan anomal issiqlar tufayli Kaspiyning bu davlatlarga tutash qismida dengiz suvi yanada ko‘proq bug‘lanib ketmoqda. Oqibatda, ikki tomonlama «zarba ostida qolayotgan» Kaspiy suvi shiddat bilan kamaymoqda.

«Kaspiy dengizi qirg‘og‘ining qisqarishi uning turli hududlarida turlicha kechmoqda. Qayerdadir 200-300 metr, boshqa joyda bir necha kilometrlab qisqarmoqda», deydi Aliyev.

2022 yil 8 oktyabr kuni NASA saytida Kaspiy dengizining 2006 va 2022 yilda tushirilgan fotosuratlari e’lon qilindi. 16 yil farq bilan olingan fotosuratlarda Kaspiyning ancha sayoz bo‘lgan shimoliy qismida, Qozog‘istonning Mang‘istov viloyati hududiga tutash joylarda suv ancha kamayib ketganini ko‘rish mumkin.

Foto: NASA
Foto: NASA

Qozog‘istonlik ekologlar fikriga ko‘ra, Kaspiyda suvning kamayishiga iqlim o‘zgarishlaridan tashqari, unga quyilayotgan daryolar to‘silib, ularga ko‘plab gidroelektrostansiyalarning qurilishi ham sabab bo‘lmoqda.

Kaspiy dengizining suvi kamaya boshlagandan buyon manfaatdor davlatlar olimlari tomonidan vaziyat kuzatib kelinmoqda. Ularning hisobotlariga ko‘ra, dengiz suvi har yili 7-10 santimetr pasaymoqda.

2019 yilda Volganing suvi keskin kamaygan va bu unda qurilgan GESlardan daryoning quyi oqimiga kamroq suv oqizilgan. Oqibatda o‘sha yili Kaspiy suvi 15 santimetr kamaygan.

Asr boshidan buyon bugungacha Kaspiy suvi jami 1,5 metrga pasaygan. So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, agar, vaziyat shu taxlitda davom etsa XXI asr oxiriga borib Kaspiyning suvi 20 metrgacha pasayadi va o‘shanda dengizning yarmi qurib ketadi.

«Yil davomida issiq kunlar soni oshmoqda, bulutli va yog‘inli kunlar qisqarmoqda. Bunday holatda dengizdan yanada ko‘proq suv bug‘lanib ketadi va unga quyilayotgan suv yo‘qotishlarning o‘rnini to‘ldira olmaydi. Bugun Kaspiyga 150 ga yaqin katta-kichik daryo va soylarning suvi quyiladi. Ulardan faqat ikkitasi Volga va Ural Kaspiyga salmoqli miqdorda suv beradi. So‘nggi yillarda Volga daryosining suvi ham kamayib bormoqda. Suv resurslaridan oqilona foydalanmaslik Volga va Ural daryosining sayozlashishiga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, Rossiya va Qozog‘istonda bu ikki daryodan sanoat hamda qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv olish ortmoqda. Faol ravishda ularning oldini to‘sib suv omborlari va to‘g‘on qurish ishlari olib borilmoqda. Oqibatda, dengizga quyiladigan suv miqdori keskin kamayib, bu dengizning umumiy holatiga aks ta’mir qilyapti», deydi qozog‘istonlik ekolog Kirill Osin.

Kaspiydagi o‘zgarishlar bo‘yicha tadqiqot olib borayotganlar dengizning suvi shu taxlitda kamayib boraversa, eng birinchi uning ancha sayoz bo‘lgan shimoliy qismi va Turkmaniston hududida joylashgan Qorabo‘g‘oz ko‘li qurishini aytishadi.

Keyin dengizning Turkmaniston hududiga tutash bo‘lgan janubiy-sharqiy qismi va Ozarboyjonga tutash bo‘lgan janubi-g‘arbiy qismida suv kamayadi. Oqibatda, Turkmaniston tomoni ko‘proq, Ozarboyjon tomoni kamroq quriydi.

Kaspiy dengizi qurishining asoratlari qanday bo‘ladi?

Kaspiy dengizining suvi kamayib borgani sayin uning ancha sayoz bo‘lgan shimoliy va shimoliy-sharqiy qismida juda katta hudud ochilib qoladi va cho‘lga aylanadi.

Oqibatda, dengizning qurigan tubidagi qumlar nafaqat Markaziy Osiyo uchun, balki Eron va Kavkaz ekologiyasi uchun juda katta xavfga aylanadi.

Arktikadan kelayotgan havo oqimlarining bir qismi Kaspiy ustidan o‘tishi va shakllanadigan shamol oqimlari asosan shimoldan janubga va g‘arbdan sharqqa esishi inobatga olinsa, dengiz o‘rnida paydo bo‘lgan cho‘ldan ko‘tarilgan qum bo‘ronlari asosan Eron va Markaziy Osiyo tomon harakatlanadi.

Bundan tashqari, dengiz hududining qisqarib borishi, unda qolayotgan suvdagi tuz miqdorining keskin oshib ketishiga olib keladi. Oqibatda Kaspiydagi ko‘plab dengiz jonivorlari qirilib ketadi va uning flora hamda faunasi ayanchli ahvolga kelib qoladi.

Bugun Kaspiy bo‘yida joylashgan besh davlat juda ko‘p yuklarini bu dengiz orqali tashimoqda. Agar dengiz sathi pasayib boraversa Kaspiy orqali yuk tashish hajmi ham keskin kamayadi. Bu eng dengiz bo‘yida joylashgan davlatlarning iqtisodiyotiga sezilarli ravishda aks ta’sir qiladi.

Kaspiy dengizining qurib boraverishi tufayli kelajakda undan foydalanayotgan besh davlat o‘rtasida mojarolar kelib chiqish ehtimoli ham bor.

Kaspiydan baliq ovlash, dengiz ostida joylashgan uglevodorodga boy konlarni izlab topish va qazib olish uchun raqobat kuchayadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra Kaspiy dengizi ostida 18-35 milliard barrel (1barrel – 159 litr) neft va bir necha trillion kubometr tabiiy gaz zaxirasi bor.

Kaspiy dengizini qurib ketishdan saqlab qolish mumkinmi?

Rossiyalik okeanolog Petr Buxaritsinning fikricha Kaspiy dengizining qurib boraverishini aytayotganlar adashyapti. Dengiz va unga quyiladigan daryolarning suvi turli yillarda turlicha oqyapti.

Ya’ni seryog‘in kelgan yillarda Kaspiy suvi ko‘paymoqda, qurg‘oqchilik bo‘lgan yillarda ozaymoqda. «Dengiz sathining so‘nggi yillarda 1,5 metrga pasayishi kelajakda uning suvi keskin kamayib ketadi degani emas», deydi u.

Buxaritsinning ma’lum qilishicha, Kaspiy suvi XX asrda bir necha marta kamaygan va qayta to‘lgan. Jumladan, 1930-yillarda dengiz suv sathi keskin pasaygan va 1940-yillar oxiri, 1950-yillar boshida o‘z o‘rniga qaytgan.

1977 yilda Kaspiy suvi 3,5 metrga pasaygan va 1978 yildan boshlab suv sathi ko‘tarila boshlagan. Bir necha yilda eski holatiga kelgan. Buxaritsin kelajakda Kaspiyning suvi yana ko‘payishini va yo‘qotilgan 1,5 metr suv qayta to‘lishini aytadi.

Ammo aksariyat soha mutaxassislari Buxaritsinning fikrlariga qo‘shilmaydi. Ularga ko‘ra XX asrda iqlim o‘zgarishlari hozirgiday tezkor bo‘lmagan. O‘shanda, Kaspiyning suviga yillik yog‘in miqdorlari ta’sir ko‘rsatgan. Qurg‘oq kelgan yillarda dengiz suvi kamaygan, seryog‘in kelgan yillarda qayta to‘lgan.

Endi esa vaziyat ancha o‘zgargan va iqlim o‘zgarishlari o‘z so‘zini aytmoqda. Volga daryosidan dengizga muttasil tarzda suv kam tushyapti va vaziyatni o‘tgan asrning 70-yillaridagi holat bilan tenglashtirib bo‘lmaydi.

Boku davlat universitetining Kaspiyni o‘rganish ilmiy markazi rahbari Chingiz Ismoilov dengizni asrab qolish uchun hozirdan kechiktirib bo‘lmas choralar ko‘rishni boshlash kerakligini aytadi.

Jumladan, u Kaspiydan baliq ovlashni kamaytirishni, portlar faoliyatini qattiq nazorat qilishni, dengizdan unga zarar yetkazadigan neft mahsulotlarini tashishni zudlik bilan taqiqlash kerakligini bildirgan.

Qozog‘istonlik ekolog Kirill Osin ham Kaspiy dengizini saqlab qolib bo‘lmasligini aytadi.

«Bundan 40 yil avval dengiz qirg‘og‘i Oqtov shahriga tutash bo‘lgan. Suv ko‘paygan paytda hatto shaharning bir qismini suv bosgan. Endi esa Kaspiyning suvi keskin kamayib, shahar dengiz tomonga qarab kengayib bormoqda», deydi u.

Kirillning ma’lum qilishicha, Oqtov shahrida yashovchi yoshi katta insonlar Kaspiy suvining sathi avvallari hech qachon bu darajada pasayganini ko‘rishmaganini aytishgan.

Foto: tripadvisor.ru

Ekolog, Kaspiy suvining kamayishiga befarq qarab bo‘lmasligini, holat hali ayanchli tus olmaganini, tezkor choralar ko‘rilmasa vaziyat og‘irlashishi mumkinligini aytadi.

«Kaspiy suvining kamayib borishi mintaqada iqlim o‘zgarishlarini tezlashtiradi va ekologik holatning yanada yomonlashishiga sabab bo‘ladi», deydi Kirill Osin.

 G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid