«Neftchi» jazolandi, hakamni tepgan futbolchi 10 yilga chetlatildi – O‘FA Farg‘onadagi o‘yin bo‘yicha qaror qabul qildi
Pro-Liga 20-turi doirasida «Neftchi» va «Turon» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yakunidagi janjalga sabab bo‘lganlar jazolandi. Bu haqda O‘FA rasmiy saytida xabar berildi.
Ma'lum qilinishicha, hakamning ko‘krak qismiga butsasining tag qismi bilan zarba bergan «Neftchi»ning 98-raqamli futbolchisi Jamshid To‘raqulov 10 yil muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirilgan. Shuningdek, klub vakillari Sh.Abduraimov, S.Zokirov va J.Qobulov 15 million so‘mdan jarimaga tortilgan. «Neftchi» hujumchisi Doston Toshmatov 10ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilingan. «Neftchi» klubi esa 100 million so‘m jarimaga tortildi va 3ta o‘yinni muxlissiz o‘tkazadigan bo‘ldi.
«Uchrashuv yakunlangandan so‘ng muxlislar futbol maydonida va unga yondosh hududlarda tartibsizliklar keltirib chiqargani, «Neftchi» futbol klubi mas'ullari jamoat tartibini saqlash bilan bog‘liq yetarlicha choralar ko‘rilishini ta'minlamagani uchun «Neftchi» futbol klubiga nisbatan Intizom kodeksining 5.4-bandiga asosan 3ta uy uchrashuvini muxlislarsiz o‘tkazish va 100 million so‘m miqdorida jarima intizom chorasi qo‘llandi.
Uchrashuvdan so‘ng stadionga tashrif buyurgan tomoshabinlar tomonidan futbol maydonida va unga yondosh hududlarda tartibsizliklar keltirib chiqarilishi holatini muhokama qilish hamda «Istiqlol» stadioni ma'muriyatiga chora ko‘rish bo‘yicha Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga taqdimnoma yuborildi», deyiladi O‘FA xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 1 dekabr kuni Pro-Liga 20-turidan o‘rin olgan «Neftchi» – «Turon» o‘yinidan keyin «Neftchi» futbolchilari va muxlislari uchrashuvni boshqarib borgan Shavkat Nasibullayevga tashlanib, uni kaltaklashgandi. Bu janjal sabab 5 kishi 15 sutkaga qamalgan, shuningdek, 6 kishiga jinoyat ishi ochilgandi.
Janjaldan keyin «Neftchi» Superligaga yo‘llanma beruvchi «Andijon»ga qarshi o‘tish o‘yinida qatnashmasligi haqida mish-mishlar paydo bo‘ldi, lekin O‘FA bayonoti «Neftchi» Pro-Liganing ikkinchi vakili sifatida Superligaga o‘tish o‘yinida qatnashishini ko‘rsatmoqda.
Mavzuga oid
16:50 / 18.10.2023
Chempionlik 22 yil o‘tib, poytaxtdan tashqariga chiqadimi? Bosh sovringa qaysi jamoa asosiy da’vogarligi haqida
10:15 / 29.09.2023
Xayrullo Bozorov birinchi o‘rinbosarini «Neftchi» klubi prezidenti etib tayinladi
14:11 / 12.08.2023
Farg‘onada serbiyalik darvozabon yosh bolalarni so‘kdi, o‘yindan keyin hakamlarga «bakalajka» otildi
14:47 / 06.08.2023