1. «Paxtakor» – 43 ochko
Maksim Shatskix murabbiyligidagi «Paxtakor»ning ketma-ket so‘nggi 5 o‘yinida, Superligada esa oxirgi 3 o‘yinda g‘alaba qozona olmayotganiga qaramay, hamon peshqadamlik qilayotgani ko‘proq raqobatchilarning kutilmaganda ochko yo‘qotishi bilan bog‘liq. Toshkent klubi mavsumning ikkinchi qismidagi jami 12 o‘yindan bor yo‘g‘i 3tasida g‘alaba qozona oldi, 6 o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi, 3 o‘yinda esa durang qayd etdi. Bu esa amaldagi chempion jamoada muammolar borligini ko‘rsatib turibdi.

Ha, Shatskix tarkib bo‘yicha ham muammolarga duch keldi – aksariyat o‘yinchilar terma jamoalarga chaqirilgani uchun yordam bera olmadi, muhim pallada jamoa yetakchisi Dragan Cheran jarohat oldi. Shunga qaramay, «Paxtakor»ni ikki frontda qiyin taqvim kutmoqda: OChLdagi ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan keyin navbatdagi turlarda g‘alabadan boshqa natija qoniqtirmaydi, Superligada esa 5 o‘yinning 4tasini Toshkentda o‘tkazsa-da, «Nasaf» va «Bunyodkor» bilan bahslar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Eng tig‘iz pallada esa jamoa a’zolarini FIFA kunlari kutayotganini ham unutmaslik lozim.
So‘nggi 5 turdagi o‘yinlari:
- 22-tur. «Paxtakor» – «Turon» (20 oktyabr)
- 23-tur. «Buxoro» – «Paxtakor» (29 oktyabr)
- 24-tur. «Paxtakor» – «Nasaf» (3 noyabr)
- 25-tur. «Surxon» – «Paxtakor» (24 noyabr)
- 26-tur. «Paxtakor» – «Bunyodkor» (2 dekabr)
OChLdagi o‘yinlari:
- 3-tur. «Paxtakor» – «Axal» (24 oktyabr)
- 4-tur. «Axal» – «Paxtakor» (7 noyabr)
- 5-tur. «Al-Ayn» – «Paxtakor» (28 noyabr)
- 6-tur. «Paxtakor» – «Fayha» (5 dekabr).
2. «Navbahor» – 40 ochko
«Navbahor» Andijondagi o‘yinda kutilmagan mag‘lubiyatni qabul qilib olganidan so‘ng, Superliga va OChLda hech kimni ayab o‘tirmadi - «Turon», «Buxoro» va «Mumbay Siti» yirik hisoblarda mag‘lub etildi. Ammo Samvel Babayan shogirdlarini oldinda qiyin taqvim kutib turibdi. Sababi «lochinlar» «Paxtakor»dan farqli o‘laroq uch front – Superliga, O‘zbekiston kubogi va OChLda kurashmoqda. Namanganliklarning chempionatdagi taqvimi ham raqobatchilaridan ko‘ra og‘irroq – «Nasaf» va «Neftchi» Namanganda mehmon bo‘ladi, safardagi uchta o‘yin esa Toshkentda – «Surxon», «Bunyodkor» va «Olimpik»ga qarshi o‘tadi. Bu orada jamoa kubok yarimfinalida Olmaliqda mehmon bo‘lsa, OChLda «Nassaji Mozandaron»ga qarshi vodiy va Eronda to‘p suradi, noyabr oxirida esa «Neftchi» bilan muhim bahsdan avval «Al-Hilol»ni Namanganda qabul qiladi. Samvel Babayan jamoasi oktyabr va noyabr oyidagi ushbu zich va qiyin taqvimdan yo‘qotishlarsiz o‘ta olsa, marra ularniki bo‘lishiga ishonish mumkin.














