Jamiyat | 09:36 / 28.11.2025
6141
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda profilaktika inspektori mashinasida urib ketganlardan biri shifoxonada vafot etdi

Shahrixon tumani Maslahattepa mahallasi profilaktika inspektori A’zam Sotvoldiyev 9 noyabr kuni mast holatda mashinasida urib ketgan ikki kishi og‘ir tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgandi. Ulardan biri – 53 yoshli Masxobiddin Jabborov ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay vafot etdi. U jonlantirish bo‘limida koma holatida qolayotgandi.

Foto: Kun.uz

Shahrixon tumanida profilaktika inspektori A’zam Sotvoldiyev mashinasida urib ketgan ikki jabrlanuvchidan biri vafot etdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

1972 yilda tug‘ilgan Masxobiddin Jabborov ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay vafot etgan. Bosh miya asosining sinishi, lat yeyishi, shishishi tashxisi bilan shifoxonaga olib kelingan jabrlanuvchi jonlantirish bo‘limida koma holatida qolayotgandi.

YTH 9 noyabr kuni Shahrixon tumani Bobochek mahallasi hududida sodir bo‘lgandi. Tumandagi Maslahattepa mahallasi profilaktika inspektori A’zam Sotvoldiyev mast holatda mashina boshqarib, yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketgan va skuterda kelayotgan ikki kishini urib yuborgan.

Ma’lum bo‘lishicha, skuterdagilar 35 yoshli Muhriddin Hamdamov va uning qo‘shnisi 53 yoshli Masxobiddin Jabborov bo‘lgan. YTH oqibatida og‘ir tan jarohati olgan jabrlanuvchilar shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Miyasini pachaqlab yuborgan. Ko‘rsangiz qo‘rqadigan darajada edi. Turmush o‘rtog‘imning holati o‘ta og‘ir. To‘qqiz kundan beri kutib o‘tiribmiz, o‘ziga kelgani yo‘q. Bizga hech qanday bir najot yo‘q. Boquvchimni yo‘qotyapman. Tinchligimizni ta’minlaydigan xodimning o‘zi birovning yostig‘ini quritib yuraversa. Xodim formada ichib yurishi to‘g‘rimi?” degandi marhumning turmush o‘rtog‘i Gulbahor Rahmatullayeva Kun.uz’ga bergan intervyusida.

Andijon viloyati IIB holat yuzasidan rasmiy axborot berib, profilaktika inspektori 2025 yil 7 noyabrda, ya’ni voqeadan ikki kun oldin ichki ishlar organlari tizimidan qurolli kuchlar zaxirasiga bo‘shatilganini ma’lum qilgan. Shuningdek, IIB axborotida profilaktika inspektori faqat bir kishi – Masxobiddin Jabborovni urib ketgani keltirilgan. Keyinchalik rasmiy axborot tahrirlangan.

Mavzuga oid