Jamiyat | 08:01
679
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent va Andijonda yirik miqdordagi taqiqlangan moddalar ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Toshkent shahri va Andijon viloyatida yirik miqdordagi sintetik narkotik modda hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy aylanmasining oldi olindi.

Foto: DXX

DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda oldindan kuzatuvda bo‘lgan, 2003 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan va Toshkent shahrida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi Nexia-3 rusumli avtotransport vositasi Toshkent viloyati Zangiota tumani hududidan poytaxt tomon harakatlanib kelayotgan vaqtida Chilonzor tumanidagi “Erkin” YPX maskanida to‘xtatildi.

Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, salonida sof og‘irligi 4 kg 811 grammni tashkil qiluvchi “Alfa PVP” sintetik narkotik moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Hozirda DXX Tergov boshqarmasi tomonidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi va 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Shuningdek, DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda “O‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasining Andijon viloyati Marhamat tumani “Boboxuroson” MFY hududidan o‘tuvchi qismida 1985 va 1987 yillarda tug‘ilgan ikki nafar mahalliy fuqaro ushlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, ular qirg‘izistonlik shaxs tomonidan chegara sim to‘siqlari orqali uloqtirilgan qog‘oz qutini qabul qilib olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Quti xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning ichida 9988 dona “Zardeks” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi ma’lum bo‘lgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Fuqarolardan bu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berish so‘raldi. Shaxsning sir saqlanishi kafolatlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid