Tashqi qarz bosimi: koalitsiya tarqadi, Shols yutqazishi mumkin
Germaniya parlamenti Olaf Shols hukumatiga ishonchsizlik votumini e’lon qildi. Endi prezident parlamentni tarqatib yuboradi va yangi saylov belgilanadi. Voqealar rivoji kansler Shols foydasiga o‘ynashi mumkin, ammo so‘rovnomalarda konservatorlar yetakchilik qilmoqda. Kim yutsa ham, saylovdan keyin Germaniyada koalitsion hukumatni tuzish asosiy muammoga aylanmoqda.
Germaniyada 23 fevral kuni navbatdan tashqari saylov bo‘lib o‘tadi. Sababi Bundestag Olaf Shols hukumatiga ishonchsizlik votumini e’lon qildi. Buni parlamentdan Sholsning o‘zi so‘ragan. Bundestagdagi 207 deputat Shols uchun, 394 nafari unga qarshi, 116 deputat esa betaraf ovoz bergan. Ishonchsizlik votumiga parlament ovoz berganidan keyin kansler buyog‘ini saylovchilar hal qilishini aytib o‘tdi. Demak, saylov oldidan shiddatli kampaniya ham olib boriladi.
BBC tahliliga ko‘ra, ishonchsizlik votumi Shols kutganidek bo‘ldi, chunki endi saylov kelasi yili sentabr emas, balki oldinroq – fevralda bo‘lib o‘tadi. Shu yilning noyabr oyida Sholsning uch partiyali – ya’ni Sotsial-demokratik, Yashillar va Erkin demokratik partiyalaridan iborat koalitsiyasi parchalangandan so‘ng, parlamentda u ko‘pchilikning qo‘llab-quvvatlovidan mahrum bo‘lgandi. Shuning uchun Bundestagning bu qarori kutilgan edi. Prezidentga endi parlamentni tarqatib yuborish uchun 21 kun vaqt beriladi. Amaldagi hukumat esa kutilayotgan sana, 23 fevraldagi saylovlarga qadar o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Saylov sanasining oldinga olinishi Shols foydasiga o‘ynaydi. Sababi 2025 yil sentabr oyiga belgilangan saylovgacha Germaniyaning ayni paytda to‘xtab qolgan iqtisodiyoti va duch kelayotgan global inqiroz sabab odamlarning amaldagi hukumatga ortiq ishonchi qolmasligi, saylovchilar Sholsni mas’uliyatsizlikda ayblashi ham mumkin edi. Ma’lum bo‘lishicha, ommaviy so‘rovlarda Sholsning Sotsial-demokratik partiyasi ancha orqada bormoqda, Fridrix Mers boshchiligidagi konservativ Xristian demokratik ittifoqi esa hukumatga qaytish niyatida.
16 dekabr kuni o‘tkazilgan ovoz berish jarayoni oldidan so‘zga chiqqan Sholsga ko‘ra, navbatdan tashqari saylovlar mamlakat uchun yangi yo‘nalishni belgilashda imkoniyat hamda mudofaa uchun juda muhim. Mers esa Germaniyaning ko‘proq xorijiy qarzni jalb etishga urinishi kelajak avlodga yuk bo‘lishini aytdi va soliq imtiyozlarini taqdim qilishini bildirdi.
Sholsning bu harakati siyosiy inqiroz emas, balki parlamentni tarqatib yuborish uchun qilingan siyosiy vositadir. Buni nemis jamoatchiligi “Kamikadze harakati” deb nomlagan. Bu Germaniyada parlamentni tarqatib yuborish va erta saylovlarni belgilashning yagona yo‘lidir.
Bu usul siyosiy beqarorlikdan qochish uchun Germaniyaning ikkinchi jahon urushidan keyingi asoschilari tomonidan maxsus ishlab chiqilgan. Demak, ayni paytda Shols hukumatiga e’lon qilingan ishonchsizlik votumini siyosiy inqiroz emas, standart konstitutsiyaviy mexanizm sifatida qabul qilsak to‘g‘riroq bo‘ladi.
Lekin Germaniyada e’tibor qilinishi kerak bo‘lgan boshqa muammolar bor. Hozir nigohni koalitsiya nega tarqadi, degan savolga qaratishimiz kerak. Bunga, albatta, pul ustidagi janjal sababchi bo‘ldi. Sholsning sotsial-demokratik partiyasi va uning koalitsiyadagi hamkori bo‘lgan Yashillar Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va asosiy infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun Germaniyaning qattiq qarz siyosatini yumshatishni so‘radi. Bunga Shols hukumatidagi moliya vaziri Kristian Lindner to‘sqinlik qildi. Chunki vazir Erkin demokratiya partiyasi rahbari, uning fikricha, birinchi o‘rindagi vazifa qarzni kamaytirishdir. Uning to‘sqinligidan keyin Lindner ishdan olindi va shu bilan koalitsiya quladi. Natijada esa Berlindagi partiyaviy siyosiy tizim tarqoq holga keldi va hozir parlamentda har qachongidan ham ko‘proq partiyalarni ko‘rish mumkin.
Endi tuzilgan siyosiy kuchlar ham radikal qarashlari ortidan tez tanilib bormoqda. Birgina misol, 2017 yilda o‘ta o‘ngchi Germaniya uchun muqobil partiyasi birinchi marta Bundestagga kirdi va 12,6 foiz ovoz to‘play bildi. 2021 yilga kelib, 10,4 foiz quvvatlovga ega bo‘lgan partiyaning bugungi ko‘rsatkichi deyarli 20 foiz. Lekin katta ehtimol bilan bu partiya vakillari hukumat tarkibida bo‘lmaydi. Chunki mavjud biror siyosiy kuch bu partiya bilan ishlash niyatida emas. Germaniya uchun muqobil partiyasining borligi va deyarli 20 foiz ovoz olayotgani qolgan asosiy partiyalarning oyog‘iga urmoqda. Chunki bunday sharoitda koalitsiya tuzish ham amrimahol va qiyin masalaga aylanmoqda.
Shols oldida bir tomondan imkoniyat, ikkinchi tomonda mag‘lubiyat, uchinchi tomondan esa yutib chiqsa-da, yana qayta koalitsiya tuzish muammosi paydo bo‘lmoqda. Yana bir yangi populistik siyosiy partiyaning ham birinchi marta parlamentga kirishi ehtimoli bor. Bu Sharqiy Germaniya Kommunistik partiyasiga kirgan o‘ta chaplar alyansi. Ayni paytdagi ommaviy so‘rovlarda konservatorlar yetakchilik qilmoqda. Biroq konservatorlarning ham koalitsiya tuzish imkoniyatlari cheklangan. Chunki ular o‘ta o‘nglar bilan ishlashni rad etadi, ularning radikal chaplar, ya’ni o‘ta chaplar bilan ishlashini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Konservatorlarning ba’zilari Yashillar bilan hisoblashishdan bosh tortadi. Erkin bozor liberallari esa yetarli ovoz to‘plolmay qolishi mumkin. Natijada faqat bitta imkoniyat – Sholsning Sotsial-demokratik partiyasi qolmoqda. Keyingi hukumat qanday ko‘rinishda bo‘lishidan qat’i nazar, Germaniyada konsensual koalitsiyalar davri tugaganga o‘xshaydi.
Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan Germaniyani o‘rganuvchi siyosatshunos fikricha, Sholsning saylovda yutish imkoni bor. Ukrainaga yordam berish-bermaslik mavzusi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Mavzuga oid
18:40 / 21.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerga ta’ziya yo‘lladi
08:03 / 21.12.2024
Germaniyada mashina rojdestvo bozoridagi kishilar ustiga haydaldi
15:01 / 20.12.2024
Olaf Shols NATO bo‘yicha ittifoqchilarni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi
09:55 / 20.12.2024