Jahon | 15:27 / 16.02.2026
1910
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada 2025 yilda temiryo‘l vokzallarida qariyb 1000 ta pichoqli hujum sodir bo‘lgan

Germaniya politsiyasi mamlakat temiryo‘l vokzallarida 980 tadan ortiq pichoqli hujum va taxminan 2200 ta jinsiy xarakterdagi jinoyat qayd etgan. Yangi hisobot ma’lumotlarini Bild am Sonntag gazetasi e’lon qildi.

Foto: Joko/IMAGO

Germaniya federal politsiyasi 2025 yilda mamlakat temiryo‘l vokzallarida 980 tadan ortiq pichoq ishlatilgan hujumlarni va taxminan 2200 ta jinsiy xarakterdagi jinoyatlarni ro‘yxatga olgan. Bu haqda 15 fevral, yakshanba kuni Bild am Sonntag nashri tegishli hisobotga tayanib xabar berdi.

Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar eng ko‘p Leypsig markaziy temiryo‘l vokzalida qayd etilgan (859 holat). Undan keyin quyidagilar keladi: Dortmund markaziy vokzali (735), Berlin (654), Kyoln (648), Hannover (612), Hamburg (580), Myunxen (553), Nyurnberg (528), Frankfurt-Mayn (520) va Dyusseldorf (499). Federal politsiya hisobotida, shuningdek, hujumchilarning aksariyati Germaniya fuqaroligiga ega bo‘lmagani aytilgan, biroq aniq raqamlar keltirilmagan.

Federal politsiya bu hisobotni fevral oyi boshida Reynland-Pfals yeridagi poyezdda yo‘l chiptasi bo‘lmagan yo‘lovchi konduktorga hujum qilib, u halok bo‘lgan voqea fonida tayyorlagan. Ushbu hodisa bo‘yicha 26 yoshli Gretsiya fuqarosi qo‘lga olingan.

Konduktor o‘limidan keyin Germaniya siyosatchilari temiryo‘l xodimlarini himoya qilish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishga chaqirdi. Deutsche Bahn temiryo‘l konserni ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda yo‘lovchilar bilan to‘qnashuvlar natijasida kompaniyaning taxminan 3000 nafar xodimi jabr ko‘rgan.

Federal hukumat Deutsche Bahn bilan birgalikda vokzallarda xavfsizlikni oshirish uchun qo‘shimcha 200 nafar xodim yollanishini allaqachon e’lon qilgan. KNA agentligi xabar berishicha, Deutsche Bahn xodimlari himoya vositalari, tanaga taqiladigan kameralar (bodycam) bilan ta’minlanadi va ularga mojarolarni keskinlashtirmasdan yumshatish ko‘nikmalari o‘rgatiladi. Bundan tashqari, favqulodda vaziyatlarda tezroq yordam chaqirishga xizmat qiladigan “trevoga tugmalari” tizimini vokzallarda yanada takomillashtirish rejalashtirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid