Jahon | 14:13
688
3 daqiqa o‘qiladi

NATO Boltiqbo‘yi sohiliga desant tushirish mashqlarini o‘tkazmoqda

Kil yaqinidagi mashqlarda Shimoliy Atlantika alyansining taxminan 3000 nafar harbiy xizmatchisi platsdarmni egallashni mashq qildi. Germaniya mudofaa vaziri manyovrlarni mintaqadagi «dramatik keskinlashuv» fonida tiyib turish signali deb atadi.

Foto: Dursun Aydemir/Anadolu Agency/IMAGO

Germaniya shimolida, Kil shahri yaqinidagi Putlos poligonida NATOning taxminan 3000 nafar harbiy xizmatchisi 18 fevral, chorshanba kuni Germaniyaning Boltiqbo‘yi sohiliga desant tushirish bo‘yicha mashqlar o‘tkazdi. Ushbu manyovrlar doirasidagi amfibiya operatsiyasida Ispaniya va Turkiyadan 250 nafar harbiy ishtirok etdi: ular aviatsiya va flot ko‘magida sohilga tushirildi. Operatsiyaga nemis generali Ingo Gerxars boshchilik qildi.

Mashqlar jarayonini Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius kuzatib turdi. «Aynan Boltiq dengizida xavfsizlik vaziyati dramatik tarzda keskinlashdi», — dedi Pistorius va Rossiya gibrid tahdidlar yaratayotganini qo‘shimcha qildi. Vazirning aytishicha, bunday mashq alyansning birdamligi va jangovar tayyorgarligini, shuningdek Rossiyani tiyib turish masalasidagi qat’iy niyatlarni namoyon qiladi.

Operatsiyada 15 ta kema ishtirok etgan. Avvaliga Bundesverning ikkita Eurofighter qiruvchi samolyoti plyaj ustida parvoz qilgan, so‘ng u yerga besh nafar ispaniyalik jangovar suzuvchi yetib kelgan. Eng asosiy bosqich — jangovar vertolyotlar ko‘magida sohilga sakkizta turk amfibiya mashinasi Zaha chiqishi bo‘lgan, shu vertolyotlardan ispaniyalik maxsus bo‘linma ham desant qilib tushirilgan.

Bundesverning Bosh inspektori (bu lavozim Germaniya Qurolli Kuchlari shtab boshlig‘iga mos keladi — tahr.) Karsten Broyyer Rossiya tomonidan kelayotgan tahdid real ekanini aytdi va Moskva o‘z qo‘shinlarini g‘arb yo‘nalishiga qayta moslashtirishda davom etayotganini ta’kidladi. Broyyer fikricha, mashqlar diplomatik ta’sirga ham ega — kuch va birlikni ko‘rsatadi.

Yanvardan martgacha o‘tayotgan NATOning Steadfast Dart 2026 manyovrlarida amerikalik askarlar ishtirok etmayapti. Germaniya mudofaa vaziri Pistorius bu holatni transatlantik munosabatlardagi taranglik bilan bog‘lash taxminlarini rad etib, AQSh kuchlarining ishtirok etmasligini «mutlaqo oddiy rotatsiya» deb atadi.

Putlosdagi mashqlar bir necha davlatlarda o‘tayotgan NATOning Steadfast Dart 2026 manyovrlarining bir qismi hisoblanadi. Ularda jami taxminan 10 ming nafar harbiy xizmatchi 11 ta Yevropa davlatidan qatnashmoqda. Germaniya mashqlarda ishtirok etish uchun 7300 nafar askar va ofitser yuborgan.

Steadfast Dart 2026’ning asosiy maqsadi — alyans hududi bo‘ylab qo‘shinlarni qanchalik tez ko‘chira olishini tekshirish. Bu 2024 yilda tashkil etilgan NATOning tezkor javob kuchlari — Allied Reaction Force (ARF)ning eng yirik manyovrlaridir. Inqiroz yuz bersa, ARF 10 kun ichida 40 ming nafar harbiyni joylashtirishga qodir bo‘lishi kerak.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid