Jahon | 12:53 / 17.02.2026
1612
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya chegaradagi tekshiruvlarni yana yarim yilga uzaytirdi

GFR quruqlik chegaralaridagi vaqtincha tekshiruvlar kamida sentabrgacha kuchda qoladi, dedi ichki ishlar vaziri Aleksander Dobrindt. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakat xavfsizligi uchun zarur. “Yashillar” bu qarorni tanqid qildi.

Foto: picture alliance

Germaniyaning quruqlik chegaralarida 15 martgacha joriy etilgan vaqtincha tekshiruvlar yana olti oyga uzaytiriladi. “Bu chegara tekshiruvlari hali ham xavfsizlik va migratsiya siyosati nuqtai nazaridan zarur”, — dedi dushanba kuni, 16 fevralda GFR ichki ishlar vaziri Aleksander Dobrindt. Bild gazetasi hukumatdagi manbalarga tayanib yozishicha, bu haqdagi tegishli xabarnoma allaqachon Bryusseldagi Yevropa komissiyasiga yuborilgan. Bunday rasmiy qadam zarur, chunki Shengen hududida muntazam tekshiruvlar, odatda, nazarda tutilmagan.

Muxolifatdagi “Ittifoq-90”/“yashillar” partiyasi federal hokimiyat qarorini tanqid qildi. “Yashillar”ning ichki siyosat bo‘yicha eksperti Marsel Emmerixning aytishicha, Dobrindt “chegaralarni doimiy ravishda to‘sib qo‘yish” orqali “Yevropa g‘oyasini vayron qilyapti”. Uning so‘zlariga ko‘ra, tekshiruvlar chegara hududlarida yashovchilarning sayohatlariga xalal beradi, politsiyani mamlakat ichidagi vokzallar kabi obektlarda jamoat tartibini saqlashdan chalg‘itadi va “iqtisodiy aqldan ozganlik”dir.

GFRning barcha quruqlik chegaralarida nazorat 2024 yil sentabr oyida o‘sha paytdagi ichki ishlar vaziri Nensi Fezer topshirig‘i bilan joriy etilgan edi. Yevropa Ittifoqi ichki chegaralarida chegara nazorati ko‘zda tutilmagani uchun bu chora “vaqtincha” deb atalgan, ammo shundan beri uni noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash, terrorizm tahdidi va chegaralararo jinoyatchilikka qarshi kurash zarurligi bilan izohlab, bir necha bor uzaytirishgan.

2025 yil 15 may kuni Fezerning o‘rniga ichki ishlar vaziri bo‘lgan Dobrindt migratsiya siyosatini kuchaytirishini e’lon qildi. Bu Germaniya chegarasidayoq boshpana so‘rayotgan chet elliklarga rad javobini berish imkonini yaratdi. Istisnolar faqat homiladorlar, hamrohi bo‘lmagan voyaga yetmaganlar va bemorlar uchun nazarda tutilgan.

2025 yil iyun oyi oxiriga kelib, chegara nazorati Germaniyaga 80,5 mln yevro tushgani ma’lum bo‘ldi. Eng katta summa — 37,9 mln yevro — politsiya xodimlarining qo‘shimcha ish soatlari (overtaym) uchun to‘langan.

AFP agentligi qayd etishicha, o‘tgan yil dekabr oyida Yevropa Ittifoqi davlatlari siyosiy boshpana berishning umumiy mezonlarini qat’iylashtirish masalasida kelishuvga erishganidan keyin, GFR kansleri Fridrix Mers YeIning ichki chegaralaridagi tekshiruvlar to‘xtatilishini kutayotganini bildirgan. U o‘shanda “chegara tekshiruvlarini har doim vaqt va ta’sir jihatidan cheklangan narsa deb hisoblaganini” aytgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid