O‘zbekiston | 20:33 / 10.04.2026
4258
3 daqiqa o‘qiladi

So‘xni Farg‘ona bilan bog‘laydigan eng qisqa yo‘nalishda yangi yo‘l quriladi

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga ko‘ra, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkaziladi.

Foto: O‘zA

Farg‘ona viloyatidan So‘x tumaniga eng qisqa yo‘l orqali borishni ta’minlaydigan yangi avtomobil yo‘li qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident rahbarligida o‘tgan va So‘x tumaniga bag‘ishlangan yig‘ilishdan so‘ng Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov ma’lum qildi.

Uning aytishicha, prezident tomonidan So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan. Xususan, tumandagi mavjud yo‘l tarmog‘ini to‘liq tartibga keltirish, ta’mirtalab uchastkalarni yangilash bo‘yicha choralar ko‘riladi.

«Tumanda 500 kilometrga yaqin avtomobil yo‘llari mavjud. Shundan 100 kilometri umumfoydalanuvdagi yo‘llar, 400 kilometrga yaqini esa mahalliy va ichki yo‘llardan iborat. Eng asosiy vazifamiz ushbu yo‘l tarmog‘ida muammolarni bartaraf etish va ta’mirtalab qismlarni to‘liq tiklashdir», dedi Tursunov.

Shuningdek, qo‘mita raisi Farg‘ona viloyatini So‘x bilan bog‘lovchi yangi yo‘l qurilishi masalasiga to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi trassa O‘zbekiston tumani orqali o‘tadigan eng qisqa yo‘nalish bo‘yicha barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

«Bizga eng qisqa masofa orqali yangi trassa qurish topshirig‘i berildi. Hozir loyiha tashkilotlari bilan joyiga chiqib o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazib, yaqin vaqt ichida aniq yechimlar asosida ishlarni boshlaymiz», deb qo‘shimcha qildi u.

Ma’lumot uchun, So‘x — Farg‘ona viloyatining mustaqil tumani bo‘lib, Qirg‘iziston hududi bilan to‘liq o‘ralgan. Tuman O‘zbekiston uchun eksklav, Qirg‘iziston uchun anklav hisoblanadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid