Jamiyat | 09:50
767
2 daqiqa o‘qiladi

«Malika» bozori yaqinida harakatni qayta tashkil etish rejalashtirilmoqda

«Malika» bozori yaqinidagi vaziyat muammo faqat bitta bekat joylashuvi bilan cheklanmasligini ko‘rsatmoqda. Ushbu hududda yuqori intensivlikdagi transport oqimi, jamoat transporti harakati, piyodalar qatnovi, to‘xtash joylari va bozorga kirish yo‘llari bir nuqtada kesishmoqda.

Foto: Yo‘l harakatini tashkil etish markazi

Shu munosabat bilan, harakatlanish sxemasini to‘liq qayta ko‘rib chiqmasdan amalga oshiriladigan har qanday qisman yechim, jumladan faqat bekatni ko‘chirish, kutilgan samarani bermasligi, aksincha vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Yo‘l harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari mazkur hududda harakatni tashkil etishning bir nechta variantlari ustida ish olib bormoqda. Xususan, chorraha geometriyasi va yo‘laklarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati tahlil qilinmoqda, svetofor boshqaruvi tizimi samaradorligi baholanmoqda, yo‘l qismidan amaldagi foydalanish holati, jumladan, to‘xtash joylari hisobga olinmoqda. Shuningdek, turli yechimlarning transport va piyodalar oqimiga ta’siri ham modellashtirilmoqda.

Kompleks yondashuv doirasida bekatlar joylashuvini o‘zgartirish ehtimoli, harakatlanish sxemasini tuzatish, svetoforlar ishini optimallashtirish hamda to‘xtash joylarini tartibga solish kabi choralar ko‘rib chiqilyapti.

Qayd etilishicha, asosiy maqsad haydovchilar, yo‘lovchilar va piyodalar uchun yangi ziddiyatlar keltirib chiqarmasdan harakatni yaxshilashdan iborat.

Ayni paytda mazkur hudud uchun chuqur tahlillarga asoslangan yechim variantlaridan biri tayyorlangan bo‘lib, u transport tugunidagi yuklamani kamaytirishga qaratilgan yondashuvni namoyon etadi. Shu bilan birga, qaror qabul qilishda aholi fikri muhim omil sifatida qaralayotgani, fuqarolardan konstruktiv taklif va mulohazalar kutilayotgani bildirildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid