Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Shifokorlar bee’tibor bo‘lishdi» – kasalxonada vafot etgan 4 yoshli bolaning otasi
16 avgust kuni Toshkentdagi 4-sonli shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasida 4 yoshli Zubayr Amonov vafot etdi. Dastlabki tibbiy ma’lumotnomada uning o‘limi sababi o‘pka-yurak yetishmovchiligi, A09 infeksiyasi bilan bog‘liqligi taxmin qilinayotgan diareya va gastroenterit ekanligi ko‘rsatilgan. Marhumning otasi Bahrom Amonov esa bolasiga shifokorlar to‘g‘ri tashxis qo‘ymagani, unga yetarli darajada e’tibor bilan muolajalar qilmaganini ta’kidlamoqda.
Farzand dog‘ida qolgan otaning so‘zlariga ko‘ra, shifoxonaga olib borilganidan so‘ng, bolada isitma chiqqan va kechqurun lablari ko‘karib, oyoqlari muzlab qolgan. Onasi shifokorlarga mazkur holat haqida aytganda “bu oddiy hol, o‘tib ketadi” deya ularga hech kim qaramagan. Bolaning ahvoli og‘irlashib, tanasi qaltiray boshlaganda reanimatsiyaga olingan va shu joyda go‘dakning joni uzilgan.
Marhumning otasi Bahrom Amonov voqealarni Kun.uz’ga so‘zlab berdi:
“2025 yil 12 avgust kuni ko‘chadan ikkita tarvuz oldim. Bittasini ota hovliga olib bordim, ikkinchisini esa kvartiraga olib chiqib, tushlik payti bolalarim bilan yedik. Oradan ikki-uch soat o‘tib, eng kichkina qizim (1,5 yosh) qusa boshladi. Darhol Shayxontohur tumanidagi 4-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib bordik. Uyda olishga mo‘ljallab muolajalar yozib berishdi. Yo‘lda qizimga qusishni to‘xtatadigan ukol qildirdik, ertasiga ahvoli sal yaxshilandi. Kechga borib esa yana mazasi qochdi, ichi ketishni boshladi. Yana o‘sha yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib bordik. Analizlari yomon chiqqani uchun qizimni shifoxonada qoldirishdi.
O‘sha kuni kechqurun katta qizimda (5,5 yosh) bosh og‘rig‘i kuzatildi. Ertasi kuni isitmasi ko‘tarildi. Bir payt 4 yoshli o‘g‘lim qayt qila boshladi. Unda isitma yo‘q edi, faqat tinimsiz qusdi. Shundan keyin ularni ham kiyintirib, yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib bordim. Shifokorlar ikkisini ham palataga yotqizishdi. Bu 15 avgust kuni ertalab soat 8:00-8:30 lar atrofida bo‘lgan voqea.
16 avgust kuni tongda telefon orqali ayolimdan farzandlarim holatini so‘raganimda o‘g‘limning isitmasi balandligi, behol yotganini aytdi. Men “doktorga ko‘rsat” dedim, u esa “shifokorlar bu oddiy holat, xavotirga o‘rin yo‘q” deya tushuntirganini ta’kidladi. Hamshira esa o‘zining ishlari bilan ovora bo‘lib, ayolimning gapiga e’tibor ham bermagan”, – deydi ota.
Kun davomida bolaning isitmasi ko‘tarilib, kechqurun 38,5 darajagacha yetgan. Bola tinmay qusgani sababli dorilar berilmagan, faqat analgin va dimedrol ukoli qilingan. Biroq ertalabgacha isitma pasaymagan. Tongda shifokor tekshiruvga kirganida bolaning qusishida qon aralashganligi kuzatilgan. Shifokor bu holatni kuchli qusish oqibatida mayda qon tomirlar yorilishi bilan izohlagan va qo‘shimcha muolaja yozib bergan. Shunga qaramay, kun davomida bolaning isitmasi tushmagan. Ona bola uyg‘onmaganini aytganida esa shifokor uning ahvoli normal ekanini bildirgan va faqat ko‘proq suyuqlik ichirishni tavsiya qilgan.
“Kechqurun ularni ko‘rishga bordim. Shom payti ayolim to‘rt yoshli o‘g‘limni qo‘lida ko‘tarib pastga tushdi. Bolamning tanasi qizib ketgan, yuzi shishgan edi. Nima bo‘ldi, deb so‘rasam, kapelnitsa ta’siridan ekanligini ma’lum qildi. Mayli, o‘tib ketar, deb uyga qaytdim.
Har soatda telefon orqali bolalarimdan xabar olib turdim. Kechki soat 00:58 larda ayolimdan “adasi, xavotir olmang, isitmasi tushdi”, degan xabar keldi. Xotirjam bo‘lib, uyquga ketdim. Soat tungi 02:40 da xotinim qo‘ng‘iroq qildi:“shifoxonaga kelib keta olasizmi?” dedi. “Tinchlikmi?” desam, “kelavering, kelganda gaplashamiz” deya javob berdi. Borib qarasamki, o‘g‘limning joni uzilgan ekan”, – deydi marhumning otasi.
Bahrom Amonov operatsiya xonasiga kirganda reanimatsiya bo‘limi xodimi bolaning o‘pkasidan 2 litr suv chiqqani aytadi. Ota bir kun oldin isitma va ich ketishi bilan shifoxonaga olib borilgan dilbandining o‘pkasida bir sutka ichida qanday qilib shuncha miqdorda suv to‘planib qolganidan taajjubda ekanligini bildirdi.
“Reanimatsiya xonasiga kirganimda bolamni yelkalaridan bog‘lab qo‘yishganini ko‘rdim. Shifokorlar kecha kechqurun (16 avgust) soat 8–10 oralig‘ida ko‘rikdan o‘tkazilganini, xavotirlanadigan narsa yo‘qligini, bu oddiy isitma holati ekanini aytishgan edi. Reanimatsiyadagi doktor esa “men farzandingizni birinchi marta ko‘rib turibman, unga qanday tashxis qo‘yilganidan bexabarman”, dedi. Keyin esa “o‘pkasidan 1,5–2 litrcha suv chiqdi”, deb ko‘rsatdi. Bolam 15 avgust kuni ertalab 8:30 da kasalxonaga yotqizilgan, 17 avgust kuni soat birlar atrofida jon taslim qildi. Bir yarim sutka ichida bunday holat qanday yuz berdi? Vazni atigi 14 kilo bo‘lgan bolaning o‘pkasida shuncha suv qayerdan paydo bo‘lishi mumkin?
Turmush o‘rtog‘imning aytishicha, 16 avgust kuni o‘g‘lim nafas olayotganda xirillash paydo bo‘lgan. U esa tomog‘ida balg‘am to‘silayotgandir, deb o‘ylagan. Ahvoli biroz yengillashsin deb bir-ikki qultum suv ham ichirgan. Keyin esa bolaning oyoqlari muzlab, lablari ko‘kara boshlagan. Hamshiralarga holat haqida aytganda ular e’tibor bermagan. Bir mahal bolamning og‘zi qiyshayib, qaltiragan. Shunda ayolim baqirib yordam so‘ragan. Keyin hamshiralar o‘g‘limni reanimatsiyaga olib kirib ketishgan va u yerdan bolam o‘lik holda chiqqan”, – deydi Bahrom Amonov.
Ota reanimatsiya bo‘limiga kirganda defibrillyator apparatini ko‘rmaganini, u yerda bemorni jonlantirish uchun hech qanday tibbiy asbob-uskunalar bo‘lmaganini aytadi. Shifokorlar esa Bahrom Amonovga bolani jonlantirish uchun 40 daqiqaga yaqin vaqt davomida harakat qilishganini bildirgan.
Bahrom Amonov Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qilib, holatga aniqlik kiritishlari, reanimatsiya bo‘limida shoshilinch holatlar uchun tibbiy asbob-uskunalar doim shay holatda turishini ta’minlashlari, shifokor va hamshiralardan bemor sog‘ligiga befarq bo‘lmay, ishiga diqqatliroq yondashishlari talab qilinishini so‘ramoqda.
Mavzuga oid
11:28 / 15.12.2025
Toshkentda qutqaruvchilar shifoxonadan qaytgan fuqaroni uyiga olib chiqishga yordam berdi
11:47 / 28.11.2025
Navoiydagi qattiq tartibli koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkum shifoxonada vafot etdi
09:46 / 15.11.2025
Sirdaryoda shifoxonada rashk tufayli janjal chiqargan shaxs 15 sutkaga qamaldi
15:41 / 10.11.2025