Jahon | 15:49 / 23.02.2026
3480
10 daqiqa o‘qiladi

Meksikada o‘ldirilgan kartel yetakchisi, yakunlangan qishki Olimpiada va qayta saylangan Kim – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Meksikada qudratli kartel boshlig‘i o‘ldirildi

Meksikadagi eng mashhur narkobaron, «El Mencho» laqabi bilan tanilgan Nemesio Oseguera 22 fevral kuni harbiy reyd chog‘ida o‘ldirildi.

Sobiq politsiyachi bo‘lgan, 60 yoshli Oseguera — qudratli «Xalisko Yangi Avlod» kartelining bosh tashkilotchisi edi. U Meksika maxsus kuchlari Tinch okeani sohilidagi Tapalpa shaharchasida o‘tkazgan harbiy operatsiyada yaralanib, hibsda vafot etgan. Uning jasadi yakshanba kuni kuchli qo‘riqlov ostida Mexiko shahriga olib kelindi.

«El Mencho» rahbarligi ostida kartel yuqori darajada diversifikatsiyalashgan jinoiy tuzilma bo‘lib, narkotrafikdan tashqari yoqilg‘i o‘g‘irlash, tovlamachilik, odam kontrabandasi va murakkab moliyaviy firibgarliklar ham sodir etadi. Kartel g‘arbiy Meksikaning chekka hududlarida tinch aholiga qarshi hujumlarda dronlardan foydalanishni ham yo‘lga qo‘ygan.

Xavfsizlik bo‘yicha ekspertlar reyd va kartel boshlig‘ining o‘limi guruh ichida bo‘linish va qonli ichki kurashlarni keltirib chiqarishi mumkinligini aytmoqda.

OAVga ko‘ra, AQSh harbiylari boshchiligidagi yangi maxsus guruh Meksika kuchlari rahbarligida o‘tkazilgan reydda rol o‘ynagan. Keyinroq Oq uy matbuot kotibi ushbu operatsiyada AQSh razvedka yordamini taqdim etganini yozdi va Meksika harbiylarini hamkorlik uchun maqtab, minnatdorlik bildirdi.

«El Mencho»ning o‘limi haqidagi xabarlar ortidan kartel jangarilari yonayotgan avtomobillar bilan magistrallarni to‘sib qo‘ydi. O‘ndan ortiq shtatlarda biznes mulklari yoqib yuborilgan. Bu esa mamlakatning ayrim hududlarini falaj holatga keltirdi. Fuqarolar orasida halok bo‘lganlar haqida xabar yo‘q.

So‘nggi vaqtlarda Meksika prezidenti Klaudiya Sheinbaum narkokartellarga qarshi hujumlarni kuchaytirishda AQShning bosimiga uchrab kelayotgandi.

Germaniyadagi festival yakuni keskinlashdi

Falastin-suriyalik kinorejissyor Abdullah Al-Xatib Berlin kinofestivalida Germaniyani «Isroilning genotsidida hamkor» deb aybladi.

«Qamal ostidagi kundaliklar» filmi bilan yangi ijodkorlar uchun mo‘ljallangan bo‘limda g‘olib bo‘lgan Abdullah Al-Xatibning bu so‘zlari siyosiy jihatdan keskin kechgan festivalni yakunlab berdi.

«Ba’zi odamlar menga, balki hozir aytmoqchi bo‘lgan gaplarimni aytishdan oldin ehtiyot bo‘lishing kerak, chunki sen Germaniyada qochqinsan va juda ko‘p 'qizil chiziqlarʼ bor, deyishdi. Lekin menga farqi yo‘q. Men o‘z xalqim, Falastin haqida qayg‘uraman.

Shuning uchun Germaniya hukumatiga so‘nggi so‘zimni aytaman. Siz Isroil tomonidan G‘azoda sodir etilayotgan genotsidda hamkorsiz. Menimcha, siz bu haqiqatni tan olish uchun yetarlicha aqllisiz, ammo bunga e’tibor bermaslikni tanlaysiz», dedi u.

Tomoshabinlar orasida bo‘lgan Germaniya atrof-muhit vaziri Karsten Shnayder bu so‘zlardan so‘ng zalni tark etdi. «Federal vazir bu bayonotlarni qabul qilib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi va shuning uchun nutq vaqtida tadbirni tark etdi», dedi uning matbuot kotibi.

Inson huquqlari bo‘yicha ekspertlar, olimlar va BMT tekshiruv komissiyasi Isroilning G‘azodagi hujumlarini genotsidga teng deb baholamoqda. Isroil esa G‘azodagi harakatlarini o‘zini himoya qilish bilan oqlaydi.

Isroil harakatlari haqidagi muhokamalar Germaniyada sezgir masala hisoblanadi. Mamlakat tarixiy ravishda Holokost uchun aybdorlik hissi sabab Isroilning eng qat’iy tarafdori va yirik qurol yetkazib beruvchilaridan biriga aylangan.

Pokiston Afg‘onistonga zarbalar berdi

Yakshanba tongida Pokiston harbiy samolyotlari Afg‘onistonning sharqiy va janubi-sharqiy hududlariga havo zarbalari berdi.

Pokiston Axborot vazirligi chegaradan o‘tib amalga oshirilgan zarbalar «Pokiston Toliboni» va «IShID-Xuroson» guruhiga tegishli «yetti terror lageri va yashirinish joyi»ga berilganini ma’lum qildi.

Islomobod so‘nggi xudkushlik portlashlari va hujumlar — «Afg‘oniston hududidan rejalashtirilgani, amalga oshirilgani bo‘yicha qat’iy dalillar borligi»ni aytmoqda. Pokiston ichki ishlar vaziri dastlabki ma’lumotlarga tayanib, zarbalarda kamida 70 nafar «terrorchi» o‘ldirilganini aytdi.

Afg‘on tomoniga ko‘ra, zarbalar tufayli o‘nlab ayollar va bolalar halok bo‘lgan va jarohatlangan. Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligi Pokistonning Kobuldagi elchisiga norozilik notasini topshirdi.

Shuningdek, Afg‘oniston Mudofaa vazirligi «mos va muvozanatli javob tegishli vaqtda berilishi» haqida bayonot berdi.

So‘nggi yillarda Islomobod «Pokiston Toliboni» guruhini Afg‘oniston hududidan faoliyat yuritishda ayblaydi — bu ayblovni «Tolibon» hukumati bir necha bor rad etgan. O‘tgan yil oktyabr oyidagi qonli to‘qnashuvlardan beri qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan.

Qishki Olimpiada yakunlandi

Italiyada o‘tkazilgan Milano-Kortina 2026 qishki Olimpiada o‘yinlari 22 fevral kuni o‘z yakuniga yetdi. Bu galgi olimpiadada ham kutilganidek, qishki sport turlari bo‘yicha yetakchi davlatlar peshqadamlik qildi.

Medallar soni bo‘yicha kuchli beshlikdan Norvegiya, AQSh, Niderlandiya, mezbon Italiya va Germaniya joy oldi.

2026 yilgi o‘yinlarda bir qator tarixiy natijalar qayd etildi. Xususan, Norvegiya terma jamoasi 18 ta oltin medalni qo‘lga kiritib, bitta qishki Olimpiadada eng ko‘p oltin medal yutish bo‘yicha o‘zining avvalgi rekordini yangiladi. Amerikalik Jordan Stolz esa 500 va 1000 metrga konkida uchish bo‘yicha yangi olimpiada rekordlarini o‘rnatdi.

Ushbu olimpiadada ilk bor yangi sport — chang‘i alpinizmi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi va ilk chempionlari aniqlandi.

Italiya hukumati va tashkilotchilar olimpiada uchun jami 2,2 milliard yevrodan ortiq mablag‘ sarfladi. Biroq infratuzilmani qo‘shib hisoblaganda – umumiy iqtisodiy ta’sir 5,3 milliard yevro atrofida baholanmoqda. Bu galgi o‘yinlar «ekologik toza va barqaror» shiori ostida o‘tib, ko‘p obektlar vaqtincha yoki mavjud binolardan foydalangan holda tashkil etilgan.

Navbatdagi qishki Olimpiada o‘yinlari 2030 yil Fransiyaning Alp tog‘larida bo‘lib o‘tadi.

Kim qayta saylandi

Davlat OAVlariga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning hukmron Mehnatkashlar partiyasi yana Kim Chen Inni bosh kotib etib sayladi. Yakshanba kuni partiya qurultoyi tomonidan qabul qilingan bu qaror kutilmagan bo‘lmadi. Chunki Kimlar oilasi 1940 yillardan beri KXDRda hukmronlik qilib kelmoqda.

O‘tgan hafta ochilish nutqida Kim mamlakat iqtisodiyoti va aholi turmush darajasini oshirishga va’da berib, buni «og‘ir va dolzarb tarixiy vazifalar» deb atadi.

Shuningdek, xabarda Kim rahbarligi ostida Shimoliy Koreya «yadro kuchlarini markaz qilib olgan holda» o‘zining «urushni tiyib turish salohiyatini tubdan yaxshilagani» ma’lum qilindi.

2011 yilda otasi vafotidan keyin hokimiyatni qo‘lga olgan Kim yadro qurollari dasturiga katta mablag‘ yo‘naltirdi. U muntazam ravishda qit’alararo raketalarni sinovdan o‘tkazib, Pxenyanni AQSh uchun ancha «katta muammo»ga aylantirdi.

Partiyaning qariyb 5 ming a’zosi qatnashayotgan ushbu tadbir Shimoldagi siyosiy hokimiyat tuzilmasi haqida kamdan kam uchraydigan tasavvur beradi. Uchrashuvlar mamlakatning ustuvor yo‘nalishlari: tashqi siyosatdan tortib yadro ambitsiyalarigacha — qayerga qaratilganini ko‘rsatadi.

Lvivda portlash

Ukrainaning eng g‘arbiy shahri Lvivda portlovchi qurilmalar portlashi oqibatida kamida bir kishi halok bo‘ldi. Ukraina Milliy politsiyasi bayonotida aytilishicha, yakshanba kuni erta tongda Lvivdagi do‘konga bostirib kirish haqida xabar kelib tushgan va patrul guruhi voqea joyiga yetib kelganidan so‘ng portlash sodir bo‘lgan.

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lbola portlovchi qurilmalar portlagan. Portlashlar natijasida 23 yoshli ayol politsiyachi halok bo‘ldi», deyiladi bayonotda. Shuningdek, yana 24 kishi jarohat olgan. Ikkinchi patrul guruhi voqea joyiga yetib kelganidan keyin yana bir portlash ovozi qayd etilgan.

Bayonotda aytilishicha, tergov guruhi, portlovchi moddalar bo‘yicha mutaxassislar va boshqa maxsus xizmatlar voqea joyida ishlamoqda. Hodisa «terrorchilik hujumi» sifatida baholandi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy keyinroq hodisani sodir etishda gumon qilinayotgan shaxs qo‘lga olinganini bildirdi. Hozircha hech kim hodisa uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan va rasmiylar gumonlanuvchining shaxsini oshkor qilmagan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid