O‘zbekiston | 14:22 / 26.02.2026
12763
15 daqiqa o‘qiladi

Sun’iy yomg‘ir yog‘dirish rejasi, notariuslarga yangi vakolat va “mehrli oila” xizmati: 1 martdan nimalar o‘zgaradi?

Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2026 yil 1 martdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida kuchga kiradigan ayrim normalarni eslatib o‘tadi.

“Mehrli oila” xizmati tashkil etiladi

2026 yil 1 martdan boshlab “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari uchun «mehrli oila» xizmati tashkil etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmonida keltirib o‘tilgan.

“Mehrli oila” xizmati Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy integratsiya markazi tomonidan tashkil etiladi. Xizmatga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) komissiyalarining qarori asosida jalb qilinadi.

Shuningdek, “mehrli oila” xizmatiga jalb qilingan ota-onalarga farzandlarining psixofizik xususiyatlarini inobatga olgan holda oilasi bilan buzilgan munosabatlarni tiklash va ularning ijtimoiylashuviga ko‘maklashish uchun “oilaviy terapiya” xizmatlari bepul ko‘rsatiladi.

Sun’iy yomg‘ir yog‘dirish bo‘yicha tajriba loyihasi yaratiladi

O‘zbekistonda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasiga ilmiy asoslangan holda, amaliy pilot loyiha ishlab chiqiladi. Bu – 2026 yilgi davlat dasturida ko‘rsatilgan.

Loyiha ustidagi ishlar 2026 yil 1 martdan boshlanadi. Sun’iy yomg‘ir yog‘dirish uchun Fransiya, Xitoy, Saudiya Arabistoni kabi xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganiladi.

Pilot tajribalar doirasida kamida 3–5 ta amaliy sinov o‘tkaziladi. Bu orqali yog‘ingarchilik o‘zgarishi tabiiy fonga nisbatan 10–20 foizga o‘sishi ta’minlanadi.

Vazifa ijrochilari – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi va Toshkent viloyati hokimligi.

Ma’lumot uchun, 2025 yil aprel oyida Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonda ilk marta yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasi joriy etilganini xabar qilgandi. Xabarda aytilishicha, Navoiy viloyatining Konimex tumaniga yog‘ingarchilikni sun’iy ravishda yuzaga keltiruvchi zamonaviy apparat olib kelingan bo‘lib, loyiha Qozog‘istonning “International Centre of Climate Change Technologies” (ICCT) kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.

Notariuslarga yangi vakolatlar beriladi

Ayrim talablar bo‘yicha notariuslar tomonidan ijro xatlari yozish tartibi joriy etiladi. Bu haqda prezidentning “Notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida keltirilgan. 

Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan BHMning 1000 baravarigacha bo‘lgan quyidagi nizosiz talablar bo‘yicha notariuslar tomonidan ijro xatlari yozish tartibi joriy etiladi:

  • notarial tasdiqlangan bitimlarga asoslangan talab;
  • yozma va notarial tasdiqlangan bitim mavjud bo‘lgan taqdirda, undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta’minoti bo‘lgan ko‘char mol-mulkka qaratish to‘g‘risida talab;
  • ijara to‘lovlari, ko‘p kvartirali uylardagi joylarning mulkdorlaridan majburiy badal va to‘lovlar, kommunal va aloqa xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risida talablar.

Shuningdek, 2026 yil 1 apreldan O‘zbekistonda notarius lavozimida bo‘lishning eng yuqori yosh chegarasi 65 yoshdan 70 yoshga oshiriladi. Bunda Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan suhbat natijasiga ko‘ra notarius o‘z roziligi bilan ish faoliyatini 70 yoshgacha amalga oshirishi mumkin.

Davlat fuqarolik xizmatiga qabulda yangicha tizim 

2026 yil 1 martdan boshlab davlat organlarida bo‘sh bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallashda yangicha tizim joriy etiladi. Bu haqda davlat rahbarining 2025 yil 6 dekabrdagi tegishli farmonida nazarda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, davlat organlarida mavjud bo‘sh davlat fuqarolik xizmati lavozimlari to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar 2026 yil 1 martdan e’tiboran vacancy.gov.uz elektron platformasida e’lon qilinadi.

Fuqarolar ushbu platformada “ish qidiruvchi” maqomida ro‘yxatdan o‘tib, o‘zlariga ma’qul mutaxassislik, lavozim turi va ish haqiga oid talablarni belgilagan holda shaxsiy profilini to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Vacancy.gov.uz orqali davlat xizmatini egallash uchun:

  • platformadan ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar davlat fuqarolik xizmatiga kirish bo‘yicha test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tishi lozim;
  • test sinovlarini shaxsni tasdiqlash va nazorat qilishning maxsus onlayn tizimi orqali yoki Agentlikning maxsus jihozlangan xonalarida topshirish mumkin bo‘ladi;
  • test natijalari 1 yilgacha amal qiladi va shu muddat ichida fuqarolar platformadagi turli bo‘sh lavozimlarga da’vogarlik qilishi mumkin.

Shuningdek, tanlovning qo‘shimcha bosqichi sifatida sohaviy bilimlarni baholash bo‘yicha test sinovlari ham joriy etiladi. Ushbu sinovlar davlat organlarining buyurtmalariga muvofiq Agentlik huzuridagi Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan shartnoma asosida o‘tkaziladi.

Yangi tizim davlat fuqarolik xizmatiga qabul jarayonida ochiqlik va raqobatni kuchaytirish, ortiqcha sub’yektiv omillarni cheklash va eng munosib nomzodlarni tanlab olishga xizmat qilishi kutilmoqda.

“O‘zbekkosmos” qurilish maydonlarini kuzatadi

Prezidentning 2025 yil 1 dekabrdagi farmoniga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan hududlarda qurilish ishlari amalga oshirilayotgan qurilish maydonlari ustidan doimiy kuzatuv olib boriladi.

Bunda “O‘zbekkosmos” agentligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ma’lumotlar bazalari o‘zaro integratsiya qilinadi. Shuningdek, “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan hududiy inspeksiyalardan ro‘yxatdan o‘tgan obektlar bo‘yicha ma’lumotlar «Shaffof qurilish» MAT orqali avtomatik olinadi. Agentlik hududiy inspeksiyalardan ro‘yxatdan o‘tmagan qurilish maydonlarini aniqlagan taqdirda, mazkur obektlar haqida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Kadastr agentligiga tegishli ma’lumotlar uzatib boradi. 

Agentlik tomonidan amalga oshiriladigan kuzatuv ishlari respublika budjeti hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan. 

Bundan tashqari, farmonga ko‘ra, 1 martdan boshlab obektlarning loyiha-qidiruv, qurilish-montaj va nazorat jarayonlarida qatnashadigan mutaxassislarning malakasi, ish tajribasi, salohiyatiga oid ma’lumotlarni o‘zida aks ettiruvchi reyestr joriy etiladi. Ushbu reyestr “Shaffof qurilish” MATda yuritiladi.

Bunda obektlar bo‘yicha barcha bosqichlardagi ishlar faqatgina reyestrga kiritilgan mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. Har bir bosqichdagi ishning yakuniy natijasi va sifatiga shaxsan javobgarlik belgilash maqsadida mas’ullarning harakati elektron raqamli imzo orqali amalga oshiriladi. 

Boshqa o‘zgarishlar

2026 yil 1 martdan boshlab:

  • “mahalla yettiligi” xulosasiga asosan Ijtimoiy reyestrdagi I guruh nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan oilalar xonadonlarining devor va tomlarini izolyatsiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshik hamda quyosh panellari yoki geliokollektor o‘rnatish ishlari amalga oshirilishi ta’minlanadi;     
  • Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan boshqaruvchilarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirishda tegishli bosh muhandisni xabardor qilish tartibi joriy etiladi;      
  • ko‘p kvartirali uylarning texnik ko‘rsatkichlari, holati, tutash yer uchastkalari, elektr va issiqlik energiyasi, ichimlik suvi iste’moli, infratuzilmasini yaxshilash uchun ajratilgan va sarflangan mablag‘larning hisob-kitobini yuritish imkonini beruvchi «Mening uyim» ABTda «Turarjoy» axborot bo‘limi ishga tushiriladi;   
  • respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining tadbirkorlar bilan muloqotini tashkil qilishning yangi tartibi joriy etiladi
  • huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha tadbirlarni monitoring qilish va baholash tizimidan voz kechgan holda normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini ijrochilarga yetkazish, ularning mohiyati va ahamiyatini ijrochilar va keng aholi qatlamiga tushuntirish ishlarini «Ijro.gov.uz» idoralararo yagona elektron ijro intizomi tizimi orqali nazorat qilish tartibi yo‘lga qo‘yiladi
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari yashash joyi manzilini hamda ularga tegishli ko‘chmas mulkda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan shaxs (shaxslar) to‘g‘risidagi ma’lumotni tahrirlash uchun YaIDXP orqali elektron murojaat qilish imkoniyati yaratiladi
  • xulq-atvori buzilishlari bo‘lmagan ruhiy kasallik bo‘yicha dispanser nazoratida turuvchi demensiya, Parkinson yoki Alsgeymer kasalligi tashxisi qo‘yilgan maxsus parvarishga muhtoj shaxslar uchun «Faol hayotga qadam» dasturi doirasidagi kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmatini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi
  • CEFR mezonlariga muvofiq chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilishning A1, A2 va B1 darajalari bo‘yicha malaka sertifikatini berish uchun imtihonlar joriy etiladi;    
  • “Texnik tartibga solish” va “Shaffof qurilish” axborot tizimlarining o‘zaro integratsiyasi doirasida xavfsizligi nomuvofiq deb topilgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilarining elektron reyestri yuritiladi;
  • respublika tibbiyot markazlari mutaxassislari hamda xorijiy ekspertlardan iborat tarkibda o‘tkir yurak-qon tomir va tserebrovaskulyar kasalliklarni davolashda tibbiy xizmat ko‘rsatishni muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;      
  • davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida davlat xaridi predmetining o‘rtacha bozor narxini sun’iy intellekt texnologiyalari asosida hisoblab beruvchi elektron modul ishga tushiriladi;    
  • tovarlarni ular chegara o‘tkazish punktiga yetib kelguniga qadar dastlabki deklaratsiyalash orqali erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga joylashtirishda bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yig‘imi miqdori 20 foizga pasaytiriladi. Shuningdek, bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib (kechiktirib) to‘lashda 14 kungacha foizlar hisoblamaslik amaliyoti joriy etiladi;
  • tajriba-sinov tariqasida soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qo‘yilgan jismoniy shaxslar tomonidan jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish amaliyoti joriy etiladi
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan biologik faol moddalarni olib kirish va ishlab chiqarish uchun ruxsatnoma berish jarayonida intellektual mulk obektlariga (tovar belgisi va sanoat namunasiga) bo‘lgan huquqlarga rioya etilgani Intellektual mulk portali orqali majburiy ravishda tekshiriladi va (yoki) o‘rganiladi. Shuningdek, intellektual mulk obektlariga doir muhofaza hujjatlari (guvohnoma, patent) dublikatini to‘lov asosida onlayn shaklda berish tartibi joriy etiladi;
  • abituriyentlarni «Yurisprudensiya» ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari, ichki ishlar organlari xodimlari, fan olimpiadalari g‘oliblari, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga tatbiq etiladigan imtiyozlardan tashqari «Yurisprudensiya» ta’lim yo‘nalishiga aloqador bo‘lmagan oliy ta’lim tashkilotlariga kirishdagi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilishi to‘xtatiladi;
  • ayrim arxiv xizmatlarini ko‘rsatish muddatlari qisqartiriladi;
  • vafot etgan shaxsning o‘limi qayd etilgandan so‘ng real vaqt rejimida uning eri (xotini), ota-onasi, farzandlarining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga o‘lim qayd etilgani haqida QR-kod tasviri tushirilgan ma’lumotnoma bepul yuboriladi. Ushbu ma’lumotnoma gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi;
  • tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan ozod qilish tarzida imtiyoz berish bilan bog‘liq barcha qonunchilik hujjatlari va huquqiy kuchga ega ko‘rsatmalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi hamda ushbu masalada imtiyoz berish faqat qonun orqali amalga oshiriladi;
  • litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llanganda, ularning mansabdor shaxslarini ma’muriy javobgarlikka tortish tartibi bekor qilinadi;
  •  yiliga ikki marotaba eng yaxshi sun’iy intellekt loyihalarini joriy etgan vazirlik va idoralar o‘rtasida «Sun’iy intellekt bo‘yicha eng yaxshi loyiha» tanlovi o‘tkaziladi;
  • avtomobil va temiryo‘l ko‘priklari hamda yerosti va yerusti tunnellarining zilzilabardoshligini onlayn monitoring qilish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi
  • raqamli markirovka tizimi joriy qilingan tovarlarning yaroqlilik muddati o‘tgan bo‘lsa, ularning savdosi ushbu tizim orqali avtomatik ravishda cheklanadi. Bunda raqamli markirovkalangan muddati o‘tgan tovarlarga nazorat-kassa texnikalarida xarid cheki chiqarilmaydi;
  • o‘z faoliyatini notijorat tashkilot shaklida yo‘lga qo‘ymagan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan sud-ekspertiza tadqiqotlari o‘tkazilishi taqiqlanadi;
  • fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha dastlabki sud ma’lumotlarini fuqarolarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoniyati yaratiladi;
  • futbol o‘yinlariga chiptalarni xarid qilish shaxsni identifikatsiya qilish hamda matritsali shtrix-kod (QR kod) texnologiyalarini qo‘llashni nazarda tutuvchi maxsus onlayn axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.  
Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid