Tadbirkorlarga soliqlar bo‘yicha yengilliklar beriladi
2022 yildan boshlab kameral soliq tekshiruvlarda aniqlangan kamchiliklar uchun jarima qo‘llanilmaydi, soliq hisobotlarini kechiktirganlik uchun sanksiyalar ham bekor qilinadi. Xorazmda huquqiy eksperiment o‘tkazilib, tadbirkorlarning to‘rtta turdagi soliq hisobotlarini soliq organlari hisoblab beradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida “Soliq majburiyatlarini bajarishda tadbirkorlik sub'yektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq:
- 2022 yil 1 yanvardan boshlab kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmaydi;
- tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan soliq hisobotini belgilangan muddatlarda taqdim etmaganlik uchun moliyaviy sanksiyalar bekor qilinadi.
2022 yil yanvar – iyul oylarida Xorazm viloyatida eksperiment o‘tkaziladi. Bu vaqt davomida Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasida hisobda turgan soliq to‘lovchilarning qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha soliq hisobotlari soliq organlari tomonidan hisoblab chiqariladi va shakllantiriladi;
Bunda, soliq organlari:
— yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini – Kadastr agentligi organlari ma'lumotlari asosida;
qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i va aylanmadan olinadigan soliqni – elektron hisobvaraq-faktura va onlayn nazorat-kassa texnikasi ma'lumotlari hamda soliq organlarida mavjud boshqa ma'lumotlar asosida hisoblab chiqaradi va soliq hisobotini shakllantiradi;
— soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisoboti soliq to‘lovchilar uchun belgilangan tegishli soliq hisobotini taqdim etish muddatidan kamida 10 kun oldin soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi;
— soliq to‘lovchi soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotini olgan kundan boshlab 5 kun ichida uni tasdiqlaydi yoki, agar e'tirozlari mavjud bo‘lsa, uni rad etgan holda, soliq hisobotini qayta ishlaydi va o‘rnatilgan tartibda soliq organlariga taqdim etadi.
Davlat soliq qo‘mitasiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda quyidagi vazifalar yuklandi:
— 2022 yil 1 yanvarga qadar soliq to‘lovchilarga qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i va aylanmadan olinadigan soliqni hisoblash uchun zarur bo‘lgan soliq solish obekti yoki soliq solish bilan bog‘liq boshqa obektlarni elektron hisobvaraq-fakturalarda aks ettirish imkoniyatlarini yaratish;
— 2021 yil 1 noyabrga qadar soliq solish obekti va (yoki) soliq solish bilan bog‘liq boshqa obektlar bo‘yicha ma'lumot taqdim etish talablarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
— 2022 yil 1 avgustga qadar eksperiment natijalarini chuqur tahlil qilgan holda uni respublikaning barcha hududlaridagi soliq to‘lovchilarga tatbiq etish hamda soliq organlari tomonidan soliq hisoboti shakllantiriladigan soliqlar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish.
Mavzuga oid
15:19 / 08.11.2024
Ayrim tadbirkorlarga to‘langan solig‘ining bir qismi qaytarib beriladi
11:07 / 07.11.2024
Tadbirkorlarga gaz bo‘yicha hisoblangan asossiz 3,7 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi
13:43 / 30.10.2024
“Qarzdor” hokim, chuv tushirilgan tadbirkor va isbotini topgan qilmish – Merey Omonboyevaga hukm o‘qildi
10:20 / 25.10.2024