Jahon | 11:55 / 30.03.2026
13186
3 daqiqa o‘qiladi

Saudiyada AQShning razvedkachi samolyoti yo‘q qilindi

Eron droni 27 mart kuni Saudiya Arabistonidagi aviabazaga bergan zarbasi oqibatida bir necha samolyot shikastlangan, xususan, E-3 Sentry rusumli radar o‘rnatilgan samolyot yaroqsiz holatga kelgan.

Foto: UGC / AFP / Scanpix / LETA

Amerikaning Boeing Ye-3 Sentry rusumli uzoq masofali radiolokatsion aniqlash va boshqaruv samolyoti (AWACS) Eron tomonidan 27 mart kuni Saudiya Arabistonidagi aviabazaga qilingan hujum oqibatida jiddiy shikastlandi.

Buni BBC Verify, The Insider, shuningdek OSINT-tahlilchilar tomonidan verifikatsiya qilingan fotosuratlar tasdiqlaydi. The Wall Street Journal va Air & Space Forces Magazine manbalari ham ushbu hujum vaqtida Ye-3 Sentry’dan tashqari ikkita yoqilg‘i quyuvchi samolyot ham shikastlangani haqida xabar bergan.

Gap Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddan taxminan 100 kilometr masofada joylashgan «Shahzoda Sulton» aviabazasiga raketa va dronlar orqali uyushtirilgan hujum haqida ketmoqda. WSJ xabariga ko‘ra, zarba oqibatida 12 nafar amerikalik harbiy xizmatchi yaralangan.

Ushbu hujum oqibatlari aks etgan tasvirlar feysbukda Amerika armiyasi haqidagi yangiliklarga ixtisoslashgan Air Force amn/nco/snco sahifasida e’lon qilingan.

Kadrlarda zarba samolyotning radar o‘rnatilgan tom qismiga berilgani, natijada samolyot ikkiga bo‘linib ketganini ko‘rish mumkin.

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusiga aloqdor hisoblangan Fars agentligi E-3 samolyotiga Shahed rusumli dron bilan zarba berilganini ma’lum qildi.

BBC Verify jurnalistlari shikastlangan samolyot suratlari «Shahzoda Sulton» bazasida olinganini tasdiqladi. Suratlardan birida samolyot bort raqamining bir qismi aniq ko‘ringan. Taxminlarga ko‘ra, gap 81-0005 raqamli bort haqida ketmoqda. Flightradar24 xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, u 18 mart kuni aviabaza yaqinida harakatlangan.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi hozircha hodisa yuzasidan izoh bermadi.

Boeing E-3 Sentry razvedkachi samolyoti Boeing 707 yo‘lovchi samolyoti negizida yaratilgan. Uning fyuzelyajining orqa qismida aylanuvchi radiolokatsion disk o‘rnatilgan. Narxi taxminan 500 million dollar turadigan bunday samolyotlar – harbiy-havo kuchlari uchun «ko‘z» hisoblanadi, ulardan havo kengligidagi va yerdagi vaziyatni kuzatish uchun foydalaniladi.

Uning radari yuzlab kilometr masofadagi samolyotlar, raketalar va dronlarni payqay oladi, Amerika harbiylari aviatsiyaning Erondagi harakatlarini shunday samolyotlar orqali muvofiqlashtirishadi.

AQSh harbiy-havo kuchlarida bunday samolyotlardan 16 ta bor edi. Shundan oltitasi Fors ko‘rfazidagi bazalarga joylashtirilgandi. Bu samolyotlardan bittasi yo‘qotilishi ham AQSh va Isroilning Eron bilan urushdagi imkoniyatlarini sezilarli darajada qisqartiradi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «Shahzoda Sulton» bazasiga uyushtirilgan hujumdan keyin Rossiya zarbadan bir necha kun oldin ushbu aviabazani sun’iy yo‘ldoshdan suratga olgani va bu ma’lumotlarni Eronga yetkazganini aytgan. U o‘z so‘zlariga dalil keltirmadi. Moskva ilgari bunday ayblovlarni rad etgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid