O‘zbekiston | 09:31 / 16.09.2021
5863
4 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi Sho‘rchida 160 emas, 40 tup tut kesilganini bildirdi

Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Sho‘rchida tuman hokimining soxta hujjatga asoslanib chiqargan qarori tufayli 160 tup tut daraxtining kesib tashlanganiga munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, Sho‘rchida «O‘zbekipaksanoat» munosabatida yozilganday 160 tup emas, balki 40 tup tut daraxti kesilgan.

Munosabatda yozilishicha, tut daraxtlarining kesilishi bo‘yicha holat tuman hokimligi, tuman qurilish, yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiyasi hamda «Sho‘rchi tayyorlov Agro-pilla» MChJ va boshqa tegishli tashkilotlari vakillaridan iborat guruh tomonidan joyiga chiqib o‘rganilgan.

O‘rganish jarayonida Sho‘rchi tuman «Agro pilla» MChJga qarashli tut plantatsiyasida jami 40 tup tut daraxti noqonuniy tartibda qo‘porib tashlangani aniqlangan. Holat yuzasidan Sho‘rchi tuman prokuraturasi tomonidan ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqida qaror chiqarilib, qarorda fuqaro O.Ximmatov harakatlarida Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-modda 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi sababli, unga nisbatan jarima qo‘llangan.

«Sho‘rchi tayyorlov Agropilla» MChJ va tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi tomonidan taqdim qilingan dalolatnomaga ko‘ra, 40 tup tut daraxti kesilishining iqtisodiy bahosi 31 million 200 ming so‘m zarar yetkazilgan deb hisoblangan.

«Eslatib o‘tish zarurki, prezidentning 2019 yil 30 oktyabrdagi PF-5863-son hamda 2021 yil 3 fevraldagi PF-6155-son farmonlariga muvofiq joriy etilgan moratoriy tut plantatsiyalariga tatbiq etilmaydi», deyiladi munosabat so‘ngida.

Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining munosabati bir nechta savol keltirib chiqaradi. Xususan, boshqarma bayonotida Sho‘rchida «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi xabar berganidek 160 tup emas, 40 tup tut kesilgani aytilgan.

Shuningdek, moratoriy tut plantatsiyalariga tatbiq etilmaydi, deyilgan. Ammo bu tut daraxtini xohlagan odam kesib ketishi mumkinligini anglatmaydi. Tartib bo‘yicha moratoriy tatbiq etilmaydigan daraxtlar, ularning soni ko‘p bo‘lsa, tuman ekologiya bo‘limidan ruxsat olib kesiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, tut daraxtlari tunda kesilgan. Agar hammasi qonuniy bo‘lsa, u yerda qurilish ishlarini boshlagan tadbirkorning hamma hujjatlari joyida bo‘lsa, daraxtlar nega tunda, odamlarning ko‘zidan pana vaqtda, yashirincha kesilgani ham tushunarsiz.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Denov shahrida 109 tup noyob daraxt kesib tashlangandi. Bundan tashqari, Termiz shahrida ham xalqaro savdo markazi qurish uchun ajratilgan hududda ko‘plab daraxtlar kesilgandi. Shuningdek, joriy yil 15 iyun kuni «Amirsoy» kurort zonasida 700 tup daraxt kesib tashlandi.

2021 yil 15 iyun kuni Bo‘stonliq tumanidagi «Amirsoy» qo‘shma korxonasiga tegishli kurort zonasida hududini va unga olib boruvni yo‘lni kengaytirish maqsadida 700 tup daraxt nobud qilingan.

Mavzuga oid