O‘zbekiston | 19:21 / 06.10.2020
12240
4 daqiqa o‘qiladi

SSV prokuraturadan Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan boshqa ehtiyot chorasini tanlash masalasini ko‘rib chiqishni so‘radi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva ishi bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

«Hozirda Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaning qamoqqa olinishi masalasi internet tarmog‘ida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 36-moddasiga ko‘ra, tergovchi tergovning yo‘nalishi va tergov harakatlarini yuritishga oid barcha qarorlarni, prokuror ruxsatini olish qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, mustaqil ravishda qabul qiladi.  

Mazkur kodeksning 14-moddasiga ko‘ra, odil sudlovni amalga oshirishda sudyalar mustaqil faoliyat yuritib, faqat qonunga bo‘ysunadilar. 

Sudyalar va xalq maslahatchilarining odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biror-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi yuqoridagi idoralar faoliyatiga aralashishga haqli bo‘lmasa-da, Guljahon Yo‘ldosheva ayol kishi ekanligi hamda qaramog‘ida 6 nafar voyaga yetmagan farzandi borligini inobatga olgan holda, prokuratura idoralaridan boshqa ehtiyot chorasini tanlash masalasini ko‘rib chiqishni so‘raydi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva koronavirus kasalligiga chalingan bemor o‘limiga sababchi bo‘lish va 250 million so‘m mablag‘ni talon-toroj qilishda ayblanib, hibsga olingandi. Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (ehtiyotsizlik orqasidan odam o‘lishiga sabab bo‘lgan kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Prokuratura bayonotiga ko‘ra, ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

5 oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiya a'zosi Saida Mirziyoyeva prokuraturadan Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini o‘zgartirishni so‘ragandi.

6 oktyabrda esa Chirchiq prokuraturasi tomonidan Guljahon Yo‘ldoshevani uy qamog‘iga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar qilindi.

Shifokor qamoqqa olingandan to uning qo‘yib yuborilishi ma'lum bo‘lguniga qadar SSV bu masala haqida umuman munosabat bildirmagandi.

Mavzuga oid