O‘zbekiston | 14:38 / 08.05.2024
25895
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi Isroil elchixonasini yoqib yuborishga uringan talaba 5 yilga qamaldi

O‘zbekiston Jahon tillari universitetining 2-bosqich talabasi bo‘lgan 20 yoshli yigit Toshkentdagi Isroil elchixonasi yoniga borib, uni yoqib yuborish maqsadida devor osha ichkariga kerosin solingan shisha uloqtirgan.

Foto: Alamy

Toshkent shahrida talaba yigit Isroilning O‘zbekistondagi elchixonasini yoqib yuborishga urindi. Sud hujjatida keltirilishicha, 2004 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, O‘zbekiston Jahon tillari universiteti 2-bosqich talabasi bo‘lgan A.A. 2023 yilning 19 oktyabr kuni erta tongda Isroil elchixonasini yoqib yubormoqchi bo‘lgan.

Yigit o‘sha kuni soat 4:30 lar atrofida o‘z maqsadini amalga oshirish uchun sport sumkasiga kerosin solingan shisha idish, gantel, ikki quti gugurt va mato bo‘laklarini solib, velosipedda elchixona yoniga kelib to‘xtagan. Shunda uning harakatlari elchixona yonida joylashgan Yakkasaroy tumani IIO FMB 4-sonli IIB xodimlarining e’tiborini tortgan.

IIB xodimlari yigitdan to‘xtashni so‘ragan, u esa esa velosipedini boshqargan holda qochishni boshlagan. Xodimlar xizmat mashinasida uni kuzatib borib, to‘xtatgan va IIB binosi yoniga olib kelishgan hamda yelkasidagi sumkani ochib ko‘rsatishni so‘rashgan. Talaba yigit shunda ham o‘z maqsadiga yetishish uchun IIB xodimlarini chalg‘itib, sumkasidagi kerosin solingan shisha idishni va bir dona gantel toshini qo‘liga olib, elchixona binosi tomonga yugurgan. IIB va elchixona binosini qo‘riqlayotgan Milliy gvardiya xodimlari yigitni elchixona eshigi yonida ushlashgan. Bu orada u qo‘lidagi shishani va gantel toshini devor ustidan elchixona hovlisi ichiga uloqtirishga erishgan.

A.A. sudda bergan ko‘rsatmasida 2023 yil oktyabr oyining o‘rtalarida G‘azo sektorida Isroil va Falastin o‘rtasida bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlar aks etgan videolarni ko‘ra boshlaganini, oqibatda Isroil davlatini yomon ko‘rib qolganligini, o‘ch olish maqsadida ushbu davlatning Toshkentdagi elchixonasini yoqib yuborishni maqsad qilganini bildirgan.

“Avval kerosin solingan butilkalarni devor orqali elchixona ichki hovlisiga uloqtirmoqchi edim. Keyin uning ortidan mato bo‘laklarini gantel toshlariga o‘ragan holda kerosin bilan to‘yintirib, ularni ham yoqqan holda kerosinli shisha singan hududga otib, bu orqali elchixonaga o‘t qo‘yishni reja qildim.

Odamlarga yoki elchixonaga zarar yetkazish niyatim bo‘lmagan, faqatgina Isroil davlati Falastindagi shifoxonaga bomba tashlagani uchun norozilik bildirmoqchi bo‘ldim. Sodir etgan harakatlarim noto‘g‘ri ekanini tushunib yetdim”, degan suddagi ko‘rsatmasida.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining shu yil 19 apreldagi hukmi bilan A.A. Jinoyat kodeksining 155-moddasi (terrorizm) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid