O‘zbekiston | 20:50 / 17.10.2019
14144
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta'lim muassasalari bosqichma-bosqich o‘z-o‘zini moliyalashtirish tizimiga o‘tkaziladi - Vazir o‘rinbosari

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga asosan Respublikadagi barcha Oliy ta'lim muassasalari bosqichma-bosqich o‘z-o‘zini moliyalashtirish tizimiga o‘tkazib boriladi.

Bugun, 17 oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi rahbariyati va oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Unda mutasaddilar tomonidan Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosi va mohiyati yuzasidan ma'lumot taqdim etildi, shuningdek, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi. Tadbirda o‘tgan yili Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bakalavr va magistratura bosqichlari uchun to‘lov-kontrakt miqdorini ikki barobarga oshirilgani, bu tizim boshqa universitetlarda ham joriy qilinishi borasida fikrlar aytilayotgani hamda bu taxminlar qanchalik to‘g‘ri ekanligi borasida savol bilan murojaat qilindi.

«Konsepsiyaning 6-bandida Oliy ta'lim muassasalarini moliyaviy mustahkamlash va barqarorligini ta'minlash hamda moddiy-texnik bazasini ta'minlash yo‘nalishlari ko‘rsatilgan.

Unga ko‘ra, Oliy ta'lim muassasalari bosqichma-bosqich o‘z-o‘zini moliyalashtirish tizimiga o‘tadi.

To‘g‘ri, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida to‘lov kontrakt miqdori ikki barobar oshirildi, lekin bu degani hali universitet o‘zini-o‘zi to‘la moliyalashtira olyapti, degani emas. 
To‘lov summasi oshirildi, lekin asosiy xarajatlarimizni baribir budjet ajratyapti. Ya'ni, moddiy texnik bazani mustahkamlash, o‘quv adabiyotlar bilan ta'minlash, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, talabalarni turar-joy bilan ta'minlash kabi masalalarga ketadigan mablag‘ uchun kontraktlar va budjetdan tushadigan mablag‘ yetmayapti», deya Oliy ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot uchun, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab JIDUning bakalavriati (22,1 million so‘mgacha) va magistraturasida (24,3 million so‘mgacha) to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olish ikki barobarga oshirilgan edi.

Mavzuga oid