O‘zbekiston | 21:09 / 25.08.2025
2110
4 daqiqa o‘qiladi

Aloqa sifati monitoringi, sifatsiz tovarlar xabari va bojxonadagi firib – mahalliy dayjest

Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi tashkil etiladi, u operator va provayderlar ko‘rsatayotgan xizmatlar sifatini monitoring qilib boradi. Sifatsiz tovarlar haqida xabar bergan xaridorlar rag‘batlantirilishi mumkin. Farg‘onadagi «Vodiy» bojxona postida tovar kodlarini arzonrog‘iga almashtirish orqali kamroq boj to‘lashga uringan shaxslar aniqlandi. Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Telekommunikatsiya operatorlari xizmati sifati monitoring qilinadi

«Telekommunikatsiyalar sohasida tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoniga ko‘ra, Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi tashkil etiladi.

Yangi agentlik mustaqil idora bo‘lib, Vazirlar Mahkamasiga hisobdor bo‘ladi. Agentlik operator va provayderlar ko‘rsatayotgan xizmatlar sifatini oyiga kamida 1 marta monitoring qilib boradi.

Surxondaryoda qiymati 140 mlrd so‘mlik ekoturizm kompleksi quriladi

Ekoturizm markazi Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan Janubiy Surxon suv ombori hududida barpo etiladi. Loyiha doirasida yashil maydonlar, ekologik talablarga mos yo‘l va infratuzilmalar barpo etish hamda oqova suvlarni tozalash tizimi qurilishi ta’kidlanmoqda.

Loyiha viloyatda tog‘li rekreatsion hududlar, suv omborlari, ko‘llar va daryo sohillari imkoniyatlaridan samarali foydalanib, tabiatga ziyon yetkazmagan holda ekoturizmni rivojlantirishga mo‘ljallangan.

Sifatsiz tovarlar haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi

«Bozor nazorati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Qonunning maqsadi nooziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash ustidan bozor nazoratini amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat ekani ta’kidlanmoqda.

Qayd qilinishicha, muomalaga kiritilgan mahsulotning majburiy talablarga muvofiq emasligi to‘g‘risida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan iqtisodiy operatorlar 10 kun ichida bu haqda bozor nazorati organiga xabar qilishi shart.

Bundan tashqari, xaridorlar ham bu haqdagi ma’lumotni bozor nazorati organiga yuborishga haqli. Qonunchilikda ushbu shaxslarni moliyaviy rag‘batlantirish nazarda tutilishi mumkin.

Homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibi belgilandi

Qonunga ko‘ra, homiylik xayriyalarini yig‘ish muayyan homiylik oluvchilarning manfaatlarini ko‘zlab, oldindan e’lon qilingan muddat davomida amalga oshiriladi. Shuningdek, homiylik tashkilotlari tomonidan homiylik xayriyalarini naqd pul shaklida yig‘ish faqat xayriya qutisi yordamida amalga oshiriladi.

Homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini buzish fuqarolarga BHM 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 5 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bojxonada firib ishlatishga uringanlar aniqlandi

Farg‘onadagi «Vodiy» bojxona postida tovar kodlarini arzonrog‘iga almashtirish orqali kamroq boj to‘lashga uringan shaxslar aniqlandi.

Qayd qilinishicha, xorijdan keltirilgan 2876 dona monitor bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, ko‘rsatilganidek «suyuq kristalli displey» emas, aksincha «suyuq kristalli rangli monitor» ekani ma’lum bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, qiymati 2,6 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan monitorlar rasmiy import qilinganida, davlat budjetiga qo‘shimcha 350 million so‘m bojxona to‘lovlari undirilgan bo‘lar edi. Ushbu mablag‘lar bilan eng kam pensiya oladigan 44 nafar fuqaroni bir yil davomida pensiya bilan ta’minlash mumkin.

Mavzuga oid