O‘zbekiston | 21:05
1479
5 daqiqa o‘qiladi

2026 yil nomi va o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish rejasi – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

2026 yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomada O‘zbekiston aholisi 38 milliondan oshganini ta’kidlab, xalq mehnati, matonati va yoshlarning yutuqlari yurt ravnaqiga xizmat qilayotganini qayd etdi. Davlat rahbarining aytishicha, o‘zgarishlarni kutib yashash emas, balki ularni o‘z aql-zakovati va mas’uliyatli mehnat bilan yaratish — millatning kuch-qudratini namoyon etadi.

Prezident yoshlarni vatanparvar va turli sinovlarga chidamli insonlar etib tarbiyalash, xalqni yanada birlashtirish va jipslashtirishda o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan mahallaning o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalla va yaxshi qo‘shnichilik jamiyatda ijtimoiy kapitalni boyitadigan uyg‘un qadriyatlardir.

Shularni inobatga olgan holda, prezident 2026 yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilishni taklif etdi.

Prezident: tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash uchun barcha choralar ko‘riladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish rejalarini e’lon qildi.

Ma’lum qilinishicha, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda iqtisodiy institutlar bilan yaqin hamkorlikni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kabi yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikda iqtisodiyotni texnologik modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish, barqaror energetika va transport loyihalarini amalga oshirish ishlari davom ettiriladi.

Prezidentning ta’kidlashicha, “bunday ulug‘vor vazifalar” mamlakatda tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo do‘stlik va ahillikni yanada mustahkamlash, Qurolli Kuchlarning jangovar salohiyatini oshirishni talab etadi. Davlat rahbari buning uchun barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishini bildirdi.

Prezident o‘zbek kosmonavtining fazoga uchirilishini e’lon qildi

O‘zbekiston tarixida ilk bor sun’iy yo‘ldosh va fuqaroligi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish bo‘yicha ishlar boshlandi, deb ma’lum qildi Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatnomasida.

«Bugun sizlarga yana bir muhim yangilikni aytmoqchiman. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sun’iy yo‘ldosh va mamlakatimiz fuqarosi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish bo‘yicha ishlarni boshladik. O‘zbekiston kosmonavti bobomiz aniqlagan yulduzlardan xabar olib keladi. Bu Yangi O‘zbekistonning ilmiy va texnologik rivojlanishiga, umuman, milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga olib chiqishga katta turtki beradi deb ishonaman», – dedi prezident.

Qashqadaryoda tog‘ portlatildi, aholi bundan tashvishlanmoqda

Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani, Makrid mahallasi yaqinida tog‘ portlatildi. Mahalla yaqinida paydo bo‘lgan korxona faoliyati ortidan uylar darz ketishi, odamlar va ekologiyaga zarar yetishi mumkinligi aholini tashvishga solmoqda.

Ekologiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, portlatish ishlari o‘tkazilgan hududga yaqin uylar hamda maktab binosi devorlarida kuzatilgan mayda yoriqlarning kelib chiqish sabablarini aniqlash uchun vakolatli tashkilotlar tomonidan qo‘shimcha tekshirish o‘tkazish maqsadga muvofiq. Ma’lum qilinishicha, hokimlik, favqulodda vaziyatlar, ekologiya idoralari hamda mahalla rahbarlaridan iborat ishchi guruh hodisa joyida o‘rganish ishlarini olib borgan.

O‘rganish jarayonida portlatish ishlari Kitob tumanidagi «Maqrid» marmarlashgan ohaktosh konida amalga oshirilgani aniqlangan.

Toshkentda pulli to‘xtab turish joylarida aholi uchun ruxsatnoma joriy etiladi

2026 yil 1 fevraldan Toshkent shahrida pulli yo‘lbo‘yi avtoturargohlariga yaqin hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun rezident avtoturargoh ruxsatnomalari amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Tartibga ko‘ra, ruxsatnomada ko‘rsatilgan avtomobilni soat 20:00 dan 8:00 gacha bepul joylashtirish mumkin, qolgan vaqtlarda esa amaldagi tariflar asosida to‘lov undiriladi.

Shuningdek, ruxsatnoma 1 yil muddatga beriladi, yillik rezident to‘lovi 1 BHM (hozir 412 ming so‘m) miqdorida belgilangan. Arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirish rejalashtirilgan. Yangi tartib 2026 yil 1 fevraldan kuchga kiradi.

Mavzuga oid