O‘zbekiston | 21:41 / 24.12.2025
1996
5 daqiqa o‘qiladi

Yo‘llardagi yuzlab kameralarning internetda ochiq qoldirilishi va o‘zbek so‘mida sigareta tutatgan xorijliklar – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Birinchi AES loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi

23 dekabr kuni Jizzax viloyati, Forish tumani, Bog‘don aholi punktida O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish va ekspluatatsiya qilish loyihasining AMTB materiallari bo‘yicha jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.

Tadbirda Forish va qo‘shni tumanlar aholisi, 30 dan ortiq tashkilot vakillari, mahalliy hokimiyat organlari, ilmiy hamjamiyat, ekologik tashkilotlar, jurnalistlar, yadro energetikasi mutaxassislari hamda xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

Ochiq munozarada aholidan 60 dan ortiq savol va taklif kelib tushdi. Asosiy masalalar radiatsiyaviy xavfsizlik kafolatlari, suv resurslari va qishloq xo‘jaligiga ta’siri, yangi ish o‘rinlari, ijtimoiy-transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda mahalliy aholi uchun kompensatsiya choralari bo‘lgan.

O‘zbekiston yo‘llaridagi yuzlab kameralar internetda ochiq qoldirilgani ma’lum bo‘ldi

Kiberxavfsizlik nuqsoni tufayli O‘zbekistondagi yo‘l hodisalari, insonlar yuzi va avtomobil raqamlarini kuzatish tizimining yuzlab kameralari internetda ochiq qoldirilgan. Tizim Xitoy kompaniyasiga tegishli bo‘lgan va IIV Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan boshqarilgani aytilmoqda. TechCrunch nashri kiberxavfsizlik tadqiqotchilari IIV, O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi va Kiberxavfsizlik markaziga ogohlantirish yuborgan, lekin mas’ullar javob bermagan.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonning davlat raqamlarini kuzatish tizimi internetda parolsiz ochiq bo‘lgan va bu istalgan odamga undagi ma’lumotlarga kirish imkonini bergan. Tizim qanchadan beri ochiq bo‘lgani noma’lum, biroq ma’lumotlar bazasi 2024 yil sentabrda yaratilgan va yo‘l harakatini monitoring qilish 2025 yil o‘rtalarida boshlanganini ko‘rsatmoqda.

Toshkent metrosida to‘lovni kaftdagi «tomir izi» bilan amalga oshirish imkoniyati yaratildi

Toshkent metropolitenida yo‘l haqini kaft orqali to‘lash tizimi ishga tushirildi. Yangi tizimga ko‘ra, metroga kirish uchun endi transport kartasi yoki smartfon talab etilmaydi — yo‘lovchi kaftdagi tomir chiziqlari bo‘yicha biometrik identifikatsiyadan o‘tib, to‘lovni amalga oshiradi.

Ma’lum qilinishicha, ayni paytda innovatsion tizim 49 ta bekatda o‘rnatilgan. Undan har kuni o‘rtacha 20–25 ming nafar yo‘lovchi foydalanmoqda. Qayd etilishicha, tizimdan foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tish jarayoni 5 daqiqa atrofida vaqt oladi.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ushbu texnologiya bekatlardagi navbatlarni sezilarli qisqartirish va yo‘lovchilarning vaqtini tejashga xizmat qiladi.

Xorijliklar o‘zbek so‘mini yoqib, olovida sigareta tutatdi

Ijtimoiy tarmoqlarda xorijliklar o‘zbek so‘mni yoqqani aks etgan video tarqaldi. Uni «Kichik Se» nomli akkaunt egasi Xitoyning WeChat tarmog‘i sahifasida joylashtirgan.

Kun.uz manbasi ma’lum qilishicha, videodagilar Sirdaryo viloyatidagi korxonaning xitoylik ishchilari hisoblanadi. Ular 2 ming so‘m qiymatdagi O‘zbekiston milliy valutasini olovga tutib turgan. So‘ngra uning oloviga sigareta tutatgan va kulgan.

Bu harakat O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonliklar kiberjinoyatlardan 1 trln 890 mlrd so‘m zarar ko‘rdi

O‘zbekistonda kiberjinoyatlar soni oshib bormoqda. Qayd etilishicha, 2021-2025 yillarda respublikada ushbu turdagi jinoyatlar soni 10 baravarga (4865 tadan 62440 taga) ko‘paygan. Buning oqibatida fuqarolarga 3 trln 730 mlrd so‘m zarar yetkazildi. Shundan 1 trln 890 mlrd so‘m qismi joriy yil 11 oyi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq 2 424 ta jinoyat aniqlangan. Jinoiy yo‘l bilan topilgan 76 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘larning kripto shaklida respublika hududdan olib chiqib ketilishi oldi olingan.

Kibermakonda jamoat tartibiga tahdid soluvchi, shaxsning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishini targ‘ib qilib kelish bilan bog‘liq 3843 ta internet resursi bloklangan, 1508 ta firibgarlikka undovchi zararli havolalar faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Mavzuga oid