Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yirik supermarketlarga ogohlantirish va sudi boshlanayotgan «Credit House» – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Ijtimoiy xizmatlar to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi
Prezident qarori bilan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga hududlarda kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilib, xizmatlardan foydalanishga oid barcha tartib-taomillar to‘liq elektron shaklda amalga oshirilishi belgilandi.
Qaror doirasida 2025 yilda Andijon shahri hamda Toshkent shahrida tajriba tariqasida yo‘lga qo‘yilgan Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati tajribasi asosida 2026–2027 yillar davomida bosqichma-bosqich 20 ta hududiy markaz ishga tushirilishi belgilangan. Jumladan, Andijon shahri va Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi markazlar tajribasi asos qilib olinadi.
Ijtimoiy xizmatlardan imtiyozli shartlarda foydalanish huquqiga ega shaxslar hududiy markazlar xizmatlaridan “Inson” markazlarining yo‘llanmasi asosida foydalanadi.
Yirik supermarket tarmoqlari asossiz narx oshirmaslik haqida ogohlantirildi
Raqobat qo‘mitasi yangi yil arafasida talab keskin oshishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash zarurligi yuzasidan yirik chakana savdo tarmoqlariga ko‘rsatmalar yubordi.
Ularga ta’minotchi korxonalar tomonidan narxlarni o‘zgartirish, logistika xarajatlari oshishi va narx ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan boshqa omillar to‘g‘risida qo‘mitani tezkor xabardor qilib borish talabi qo‘yilgan.
Shuningdek, chakana savdo tarmoqlari ta’minotchilarni asossiz ravishda narxlarni oshirishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ogohlantirib borishi, narx shakllanishida shubhali holatlar kuzatilganda tegishli choralar ko‘rilishi lozimligi ta’kidlangan.
Davlat fuqarolik xizmatchilari yilda kamida bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tadi
Davlat fuqarolik xizmatchilarini profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi e’lon qilindi. Hujjatga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchilari yilda kamida bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tishi belgilangan hamda tartib 2026 yil 1 yanvardan kuchga kirishi ko‘zda tutilgan.
Nizomga ko‘ra, xodimlar o‘zi biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida profilaktik va skrining dasturlari asosida tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ko‘rik oilaviy shifokorlar va tor soha mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiy ko‘rik kafolatlangan tibbiy yordam hajmlari doirasida bepul o‘tkaziladi. Kafolatlangan paketga kirmaydigan xizmatlar esa belgilangan tartibda pulli asosda ko‘rsatilishi mumkin.
2026 yildan bojxona yig‘imlari kamayadi va imtiyozlar joriy etiladi
Prezident farmoni bilan bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini soddalashtirish choralari belgilandi. Xususan, 2026 yildan oldindan va davriy deklaratsiyalashda bojxona to‘lovlarini amalga oshirish tartibi yengillashtiriladi.
Farmonga muvofiq, 2026 yil 1 martdan tovarlarni ular chegara o‘tkazish punktiga yetib kelguniga qadar dastlabki deklaratsiyalash orqali “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirishda bojxona yig‘imi miqdori 20 foizga pasaytiriladi.
Bojxona to‘lovlarini bo‘lib (kechiktirib) to‘lashda 14 kungacha foizlar hisoblanmaydi. Shuningdek, 2026 yil 1 maydan tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona to‘lovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida to‘lash imkoniyati yaratiladi.
«Credit House» ishi bo‘yicha sud boshlanmoqda
Toshkentda oson shartlar bilan uy olib berishni va’da qilgan «Credit House» va «In Fin Stroy Invest» bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan sud majlisi 25 dekabr kuniga belgilandi. Jabrlanuvchilarning umumiy soni 1766 nafarni tashkil etgan.
Ish doirasida 9 kishi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (uyushgan guruh tomonidan juda ko‘p miqdorda firibgarlik), 170-moddasi (mulkiy zarar yetkazish), 177-moddasi (juda ko‘p miqdorda valuta qimmatliklarining qonunga xilof muomalasi), 178-moddasi (chet el valutasini yashirish), 184-moddasi (juda ko‘p miqdordagi soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) va boshqa moddalari bo‘yicha ayblanmoqda.
Jinoyat oqibatida jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning aniq miqdori hozircha ma’lum emas. Kun.uz manbalari umumiy zararni 1 trillion so‘mdan ortiq qiymatga baholagan.
Mavzuga oid
23:40 / 22.12.2025
Budjet hisobidan yangi yil bazmiga taqiq va Andijonda qulagan bozor rastasi – mahalliy dayjest
14:32 / 20.12.2025
G‘azodagi boshpanaga hujum qilgan Isroil, Rossiya tankerini safdan chiqargan Ukraina va IShID obektlariga zarba bergan AQSh – kun dayjesti
20:59 / 19.12.2025
2026 yilgi soliq stavkalari va hududlarda elektr ta’minotidagi uzilishlar – mahalliy dayjest
21:52 / 17.12.2025