O‘zbekiston | 21:04 / 03.03.2026
5553
4 daqiqa o‘qiladi

Kartadan kartaga pul o‘tkazishda yangi talablar va gaz uchun qishki limit muddatining uzaytirilishi – mahalliy dayjest

Bir qancha banklar va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalar orqali P2P (kartadan kartaga) o‘tkazmalarni amalga oshirishda maqsadni ko‘rsatish talabini joriy etdi. Aholi xonadonlarida tabiiy gaz sarfining isitish mavsumi uchun belgilangan 500 kub metrlik bazaviy me’yori barcha hududlarda 2026 yilning 15 martiga qadar uzaytirildi. Tibbiyotda «superkontrakt» bekor qilinishi mumkin. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Ayrim ilovalarda kartadan kartaga pul o‘tkazishda maqsadni ko‘rsatish majburiy bo‘ldi

O‘zbekistondagi bir qator banklar va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalar orqali P2P (kartadan kartaga) o‘tkazmalarni amalga oshirishda maqsadni majburiy ravishda ko‘rsatish talabini joriy etdi.

Pul o‘tkazuvchiga 16 ta toifadan birini tanlash taklif qilinadi. Ular orasida tovar yoki savdo uchun to‘lov, ovqatlanish va taom xarajatlari, qarzni qaytarish, yordam puli, oila yoki qarindoshlarga o‘tkazma, sovg‘a va boshqalar bor.

Markaziy bank axborot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda aniqlashtiruvchi parametrlar joriy etilishiga oid yangilanishlar «texnik xususiyatga ega bo‘lib, servis ishini takomillashtirish va operatsiyalarning to‘g‘ri qayta ishlanishini ta’minlashga» qaratilgan.

Gaz uchun qishki mavsumdagi limit barcha hududlarda 15 martgacha uzaytirildi

Aholi xonadonlarida tabiiy gaz sarfining isitish mavsumi uchun belgilangan 500 kub metrlik bazaviy me’yori O‘zbekistonning barcha hududlarida 2026 yilning 15 martiga qadar uzaytirildi.

Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, yangilangan ob-havo prognozlaridan kelib chiqib shunday qaror qabul qilingan. Sovuq havo massasi faqat shimoliy hududlar emas, respublikaning boshqa hududlariga ham kirishi ehtimoli bor. Avvalroq isitish mavsumi uchun limit Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatlari uchun 15 martgacha uzaytirilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, isitish mavsumidan tashqari vaqtdagi bazaviy me’yor oyiga 100 kubometrni tashkil etadi.

Tibbiyotda «superkontrakt» bekor qilinishi mumkin

Tibbiyot va farmatsevtika ta’limi tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qaror loyihasiga muvofiq, 2026-2027 o‘quv yilidan tibbiyot yo‘nalishlarida oshirilgan kontrakt shakli amaliyoti tugatiladi. Mazkur o‘zgarish bakalavriat bosqichiga taalluqli bo‘lib, qabul jarayoni shaffoflik va sifat mezonlari asosida tashkil etiladi.

Shuningdek, yangi tartibga ko‘ra: bakalavriat, magistratura va rezidentura bosqichlarida har bir o‘quv moduli hamda davlat imtihonlari uchun minimal o‘tish balli shifokor mutaxassisliklari bo‘yicha 70 foiz, o‘rta tibbiyot xodimlari uchun 60 foiz etib belgilanadi.

Mazkur chora-tadbirlar sog‘liqni saqlash tizimi uchun raqobatbardosh, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Samarqandda hokimlar rasmiy delegatsiyalar tarkibiga oila a’zolarini qo‘shgani ma’lum bo‘ldi

Samarqand viloyatida rasmiy delegatsiyalar tarkibiga hokimlarning yaqin qarindoshlari kiritilgani haqidagi holatlar ortidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rganish olib bordi. Unga ko‘ra, Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tuman hokimliklari tomonidan xorijiy xizmat safarlariga hokimlarning o‘g‘li, turmush o‘rtog‘i hamda safarga aloqador bo‘lmagan shaxslar yuborilgan, ayrim ma’lumotlar esa ochiq e’lon qilinmagan.

O‘rganish davomida Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tuman hokimliklari mansabdor shaxslari xizmat safarlariga yaqin qarindoshlari, shuningdek safarga bevosita aloqador bo‘lmagan xodimlarni yuborgani aniqlangan. O‘rganish va tahlillar jarayonida to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid