Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Manipulyatsiya yoxud ijtimoiy fikr qanday boshqariladi?
Inson psixologiyasi nihoyatda murakkab, uning muhim qismini xayolot olami tashkil qiladi. Shunday ekan odam bir vaqting o‘zida ikki parallel olamda yashaydi: real hayotda va tasavvurlar dunyosida. Shunisi qiziqki, insonning aynan xayoliy dunyosiga tashqaridan osonlikcha ta'sir ko‘rsatish mumkin. Muhimi shundaki, bu ta'sir doim yashirin xarakterga ega bo‘lib, insonning o‘zi buni ko‘pincha payqamaydi. Bu jarayonni manipulyatsiya mexanizmi boshqaradi.
Buni hayotiy misollar yordamida izohlashga harakat qilamiz. Agar ko‘cha-ko‘yda kimdir bizdan “A” obektga borish yo‘lini so‘rasayu, biz unga “V” obektga bo‘lgan yo‘lni ko‘rsatib yuborsak, bu manipulyatsiya hisoblanmaydi, bu shunchaki yolg‘on ma'lumot berish bo‘ladi. Bu holat manipulyatsiya hisoblanishi uchun, biz o‘sha odamning ongostiga qandaydir yashirin yo‘llar bilan ta'sir ko‘rsatib, uning o‘z xohishi bilan “V” obektga borishiga erishishimiz kerak. Zotan, manipulyatsiya bu ong ustidan hukmronlik o‘rnatish bo‘lib, unda inson ruhiyati, hatti-harakatlari va dunyoqarashiga ta'sir ko‘rsatiladi. Ommaviy axborot vositalari faoliyatida qo‘llanilishi nuqtai nazaridan, manipulyatsiyani inson tafakkuri ustidan nazorat o‘rnatish deya baholash mumkin.
Manipulyatsiyaning muhim jihatlaridan biri shundaki, u orqali obektning hatti-harakatlarini dasturlash mumkin. Manipulyator doim insonning aynan ruhiy dunyosini mo‘ljalga oladi. Bunda manipulyatsiya obektiga shaxs sifatida qaralmaydi. Manipulyator uchun u shunchaki ta'sir ko‘rsatishning obekti bo‘ladi. Agar odam o‘ziga qaratilgan murojaatlarning asl mohiyatini bilib tursa, yashirin maqsadlardan xabardor bo‘lsa, bu holatga manipulyatsiya sifatida baho berib bo‘lmaydi. Shunday ekan, manipulyatsiyaning maqsadlari fosh etilgan taqdirda, shu vaqtdan boshlab ta'sir ko‘rsatishning manipulyativ xarakteri yo‘qoladi.
Manipulyatsiya mexanizmi ishga tushishi uchun soxta reallik yaratiladi, mana shu nuqtada manipulyatorga ommaviy axborot vositalari yordamga kelishi mumkin. Gap shundaki, ommaviy axborot vositalari auditoriyaga ma'lumot shaklidagi tayyor xulosalarni uzatadi, keyinchalik esa bu qarashlar odamlar tomonidan shaxsiy xulosalari sifatida o‘zlashtiriladi. Odamlar manipulyator tomonidan da'vat etilgan o‘sha hatti-harakatlarni amalga oshirganda buni hatto payqamaydi ham, negaki bularning barchasini o‘z xohish-irodalari bilan bajarayotganlik tasavvuri ularga allaqachon singdirilgan bo‘ladi.
Bugungi dunyo voqeliklari – manipulyatsiyaning yaqqol ko‘rinishidir, biroq bu alohida shaxslar ongiga ta'sir ko‘rsatish emas, butun bir millatlar, jamiyatlar ongiga ta'sir ko‘rsatishdir. Odamlarga ularning qadriyatlari va qarashlariga mohiyatan zid bo‘lgan soxta maqsadlar osonlikcha singdirilmoqda. Muammo shundaki, auditoriyaning aksar qismi o‘zi qabul qilayotgan axborot oqimini tahlil qilish, juda bo‘lmaganda, o‘sha ma'lumotlarning to‘g‘ri yo noto‘g‘riligini tekshirib ko‘rishni istamaydi. Axir axborotni shunchaki qabul qilish unga baho berish, tanqidiy nazar solishdan ancha osonroqdir. Bu – ma'lumotlarning muvaffaqiyat qozonishini ta'minlab turadigan asosiy jihatdir
Manipulyativ ta'sirning xavfliligi shundaki, ta'sir doirasiga tushib qolgan odam nafaqat o‘ziga uqtirilgan harakatni amalga oshiradi, balki ich-ichidan bu harakatni o‘z xohishiga ko‘ra amalga oshirayotganiga sidqidildan ishonib qoladi. Manipulyatsiya o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishdi deb hisoblanishi uchun, odamning hatti-harakatlari butunlay dasturlanishi, hatto uning avvalgi qarashlariga zid bo‘lgan tushunchalar ham u tomonidan qadriyat sifatida qabul qilinaligan bo‘lishi kerak. Bundan ko‘rinib turibdiiki, manipulyatsiya ikki tomonlama ta'sir ko‘rsatish deganidir. Manipulyator obektga ta'sir ko‘rsatishni boshlaydi, o‘z navbatida obekt esa manipulyatsiya jarayonining hamkoriga aylanadi.
Manipulyatsiya jarayonida ikkita qarama-qarshi tomon ishtirok etadi: manipulyatsiyani amalga oshiruvchi – manipulyatsiyaning sub'yekti hamda manipulyatsiya qaratilgan shaxs – manipulyatsiyaning obekti. Manipulyatsiyaning sub'yekti manipulyator deb ham yuritiladi. Manipulyatsiyaning obekti esa individ yoki omma ongi bo‘ladi. Aksariyat rus olimlari, S.Kara-Murzaning manipulyatsiya haqidagi qarashlarini qo‘llab-quvvatlagan holda G‘arb, xususan Amerika OAVni “ongni zaharlovchi mashina”, “ruhiy terror vositasi” kabi ta'riflar bilan yonma-yon qo‘yadi, auditoriyani esa axborotni passiv qabul qiluvchi kishilar uyushmasidan iborat, deb hisoblaydi:
“Muvaffaqiyatli manipulyatsiyaning birinchi (ehtimol asosiy) sharti shundaki, ko‘p hollarda fuqarolarning aksariyati xabarlarning to‘g‘riligidan shunchaki shubhalanish uchun na ruhiy va aqliy quvvati, na vaqtini sarflagisi keladi. Chunki, passiv ravishda axborot “oqimi” bilan birga “suzish”, har bir signalni tanqidiy nuqtai nazardan qabul qilishga qaraganda ancha oson”.
Mushtarak aytganda, ommaviy axborot vositalari yordamida jamoatchilik fikri ustidan doimiy ravishda nazorat o‘rnatib borish mumkin. Bu jarayonlar avvaldan mavjud bo‘lib kelgan. Biroq bugungi globallashuv davrida OAVning manipulyator sifatidagi imkoniyatlari yanada kengaydi. Manipulyativ mexanizmlar axborot urushlarining ajralmas qismiga aylanib ulgurgani har bir rivojlangan mamlakatda bu mavzuga oid ilmiy tadqiqot ishlarining olib borilishini taqozo qilmoqda.
Mohlaroyim Qayumova,
O‘zDJTU talabasi
Mavzuga oid
18:46 / 29.12.2021
Korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan jamoatchilik fikri natijalari e’lon qilindi
19:55 / 15.06.2019
Tadqiqot: 66,5 foiz o‘zbekistonliklarga ko‘ra mamlakatda korrupsiya tarqalgan
15:00 / 20.10.2017
«Jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyili qaror topmoqda»
17:56 / 26.09.2017