O‘zbekiston | 21:49 / 27.03.2021
69794
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda o‘zi va uch qizining joniga qasd qilgan ayol voqeasi. Eri uni o‘g‘il tug‘maslikda ayblab kelgan

Navoiy viloyatida o‘zi va uch nafar qizini poyezd tagiga tashlab vafot etgan ayol ruhan sog‘lom bo‘lgan, oila moddiy jihatdan o‘rtahol. Ma'lum bo‘lishicha, eri doimiy ravishda uni o‘g‘il tug‘maslikda ayblab kelgan. Shu yil boshida to‘rtinchi qiziga homilador bo‘lgan 31 yoshli ayol uni oldirib tashlashiga to‘g‘ri kelgan.

Foto: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati

21 mart kuni Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi «Sovungar» mahallasida yashagan ayol viloyatning Karmana tumanida o‘zi va farzandlarini poyezd ostiga tashlab, joniga suiqasd qildi. Kun.uz bu haqda 24 mart kuni xabar bergan edi.

Hodisa sabablarini o‘rganish maqsadida Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova Navoiy viloyati hokimligiga xat bilan chiqdi. Bu haqda Senat axborot xizmati ma'lum qildi.

Aniqlanishicha, 1989 yilda tug‘ilgan Z.Jabborova va uning farzandlari poyezd ularga yaqinlashib kelgan vaqtda temir yo‘l iziga yugurib chiqib, ikkita rels orasiga yotib olgan, natijada yuk poyezdi ularni urib yuborgan.

Ona Karmana tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan. Voyaga yetmagan 5 yoshli qizi esa og‘ir tan jarohati tufayli jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. 8 va 3 yoshli qizaloqlar baxtli tasodif tufayli omon qolgan.

Marhumaning yaqin qarindoshlari bilan suhbatlashilganda, oilaviy sharoiti moddiy jihatdan o‘rtaholligi, so‘nggi vaqtlarda u bilan turmush o‘rtog‘i O.Ro‘ziyev «Sen o‘g‘il farzand tug‘maysan» deb janjallashib turgani sababli ruhiyatida o‘zgarishlar bo‘lgani, lekin qolgan oila a'zolari yoki boshqa shaxslar bilan kelishmovchilikka bormagani, ruhiy jihatdan sog‘lomligi, yaqin qarindoshlari orasida ruhiy kasallik belgilari mavjud bo‘lganlar yo‘qligi aniqlangan.

Ushbu mahalla patronaj hamshirasi bergan ma'lumotga ko‘ra, fuqaro Z.Jabborova 2021 yilning yanvar oyida homiladorligi tufayli murojaat qilgan. U tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, ushbu homila ham qiz ekani aniqlangan. Natijada ayol o‘z xohishi bilan homilasini oldirib tashlagan.

Bundan tashqari, fuqaro Z.Jabborova oilasidagi kelishmovchilik yuzasidan biror marotaba MFY xodimlariga yoki tuman IIB profilaktika inspektoriga murojaat qilmagan.

Ayni vaqtda Navoiy transport prokuraturasi surishtiruv ishlarini o‘tkazyapti. Holat Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi nazoratiga olingan.

Mavzuga oid