O‘zbekiston | 11:32 / 12.11.2018
7417
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston MB ruxsat berdi: Halyk Bank O‘zbekistonda Tenge Bank’ni ochadi

Foto: Arnapress.kz

Qozog‘iston Milliy banki Halyk Bank’ga O‘zbekiston hududida Tenge Bank sho‘'basini ochishga ruxsat berdi. Bu haqdagi xabar Milliy bank saytida joylashtirilgan.

Halyk O‘zbekistonda filial ochish niyatida ekanini ma'lum qilgan birinchi Qozog‘iston banki bo‘ldi. Toshkent shahrida moliyaviy tashkilotning sho‘'basi - Tenge Bank faoliyat ko‘rsatadi.

Halyk Bank Rossiya, Qirg‘iziston, Gruziya va Tojikistonda sho‘'balarga ega. O‘zbekiston bozoriga kirish bank uchun rivojlanish strategiyasining mantiqiy davomi bo‘ladi. 

Ma'lumot uchun, bugungi kunda O‘zbekistonda 28ta tijorat banki faoliyat ko‘rsatmoqda. Ikkinchi darajali banklarning jami aktivlari - 194,6 trln so‘m yoki joriy kurs bo‘yicha 24,1 mlrd dollar. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2017 yilda 249,1 trln so‘mni - 30,7 mlrd dollarni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, hozir O‘zbekistonda faqat beshta bank xorijiy kapital ishtirokida ishlamoqda: «Savdogar», Hamkorbank, Ziraat Bank Uzbekistan, Eronning «Saderat» va KDB Bank Uzbekistan.

Mavzuga oid