Jamiyat | 16:00 / 18.07.2018
90639
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyatida IIB xodimi tunda ko‘chada yurgan o‘smirni haqorat qilib, unga qo‘l ko‘tardi (video)

Andijon viloyatining Bo‘z tumanida ichki ishlar xodimlari tungi vaqtda, ya'ni soat 22:00dan keyin ko‘chada yurgan yoshlarni qo‘lga olishgan. Shundan so‘ng yoshlar bilan suhbat davomida organ xodimlaridan biri o‘z xizmat vakolatlaridan chetga chiqqan va bu holatni hodisa ishtirokchilaridan biri videotasvirga olgan. Bu haqda Repost nashri xabar bermoqda.

Qo‘lga olingan yoshlardan birining ma'lum qilishicha, bir guruh yoshlar kechasi stadionda futbol o‘ynab qaytayotgan vaqtda IIB xodimlari patrul avtobusida kelib, ularni shaxsni tasdiqlash uchun tuman ichki ishlar bo‘limiga olib borishgan. U yerda esa tungi vaqtda ko‘chada yurishlari yuzasidan so‘roqqa tutishgan.

Qo‘lga olingan yoshlardan biri tomonidan tasvirga olingan videoda ichki ishlar xodimlaridan birining o‘z xizmat vakolatidan chetga chiqqan holda yosh yigitlardan biriga nisbatan kuch ishlatganini ko‘rish mumkin. IIB xodimi o‘ziga bunday muomala qilmaslikni so‘ragan yigitni qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilgan.

Mazkur holat so‘nggi vaqtlarda ichki ishlar xodimlarining o‘z xizmat vakolatlarini suiiste'mol qilgani bilan bog‘liq yagona voqea emas. Avvalroq Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida IIB xodimi ichki ishlar idorasiga olib kelingan ayolni tahqirlagan, natijada shahar IIBdagi 4 rahbar va 4 xodim ishdan bo‘shatilgandi.

Mavzuga oid