Jahon | 18:55 / 04.08.2025
7073
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Rossiyadagi temiryo‘llarga zarbalarni ko‘paytirmoqda

Ikki hafta ichida 220 dan ortiq poyezd qatnovi kechiktirilgan.

Volgograd oblastida 4 avgustga o‘tar kechasi Ukraina dronlari hujumi tufayli poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatildi. Region rahbari Andrey Bocharovning ma’lum qilishicha, Frolovo shahridagi Archeda stansiyasida temiryo‘lga dron qulagan, u portlamagan, voqea joyiga sapyorlar yetib borgan.

Volgabo‘yi temiryo‘llari matbuot xizmati (Rossiya temiryo‘llari filiali) esa tungi soat 2:50 da Archeda stansiyasida dron parchalari qulaganini ma’lum qildi. Shu sababli beshta yo‘lovchi poyezdi, jumladan, Moskva va Sankt-Peterburgdan keladigan poyezdlar, shuningdek, shahar atrofiga qatnaydigan to‘rtta elektrichka kechiktirilgan. Rossiya temiryo‘llari ma’lumotiga ko‘ra, poyezdlar besh soatdan ko‘proq vaqtga kechiktirilgan. Harakat ertalab soat 11:30 atrofida, ya’ni dronlar hujumidan sakkiz soatdan ko‘proq vaqt o‘tgach tiklangan.

Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida Archeda stansiyasidagi texnik binoda yong‘in sodir bo‘lgan, yo‘llar va boshqa temiryo‘l infratuzilmasiga zarar yetmagan. Ukrainaning Exilenova+ telegram-kanali uchuvchisiz uchish apparatlari dispetcherlik stansiyasiga hujum qilganini da’vo qilmoqda. Kanal shikastlangan binoning suratini e’lon qildi (ochiq manbalardan ma’lum bo‘lishicha, surat haqiqatan ham stansiya hududida olingan, ammo gap dispetcherlik xonasi haqida ketayotgani aniq emas).

So‘nggi haftalarda Ukraina dronlari Rossiyadagi temiryo‘l obektlariga bir necha bor hujum qildi. 19 iyuldan boshlab yarim oy ichida kamida yettita shunday hujum sodir bo‘ldi (4 avgust hujumini ham qo‘shganda).

19 iyul. Rostov oblasti. Dron bo‘laklari qulashi oqibatida Lixaya – Zamchalovo temiryo‘l peregonidagi aloqa tarmog‘i shikastlangan. Lixaya stansiyasi navbatchisi yaralangan, jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilgan. Poyezdlar harakati to‘xtatildi. 132 ta yo‘lovchi poyezdi 33 daqiqadan 15 soatgacha kechikib harakatlangan.

21 iyul. Rostov oblasti. Dronlar hujumi natijasida Kamenolomni posyolkasidagi stansiya hududida joylashgan binoda yong‘in chiqdi. 50 dan ortiq yo‘lovchi poyezdlar yo‘nalishga chiqishi kechiktirilgan.

25 iyul. Rostov oblasti. Dron parchalari Peschanokopskaya stansiyasiga qulab, kontakt tarmog‘i va stansiyadagi bino shikastlangan. 10 ta yo‘lovchi poyezdi besh soatgacha kechiktirildi.

25 iyul. Krasnodar o‘lkasi. Timashevsk shahridagi vokzalda yo‘lovchi poyezdi zarbaga uchradi, ikki kishi jarohat oldi, ulardan biri kasalxonaga yotqizildi. Poyezd vagoni oynalari sinib ketgan. 12 ta poyezd qatnovi kechiktirilgan.

27 iyul. Volgograd oblasti. Oktyabrskiy posyolkasidagi Jutovo stansiyasidagi elektropodstansiyasi hujumga uchragan. Ikki yo‘lovchi poyezd qatnovi kechiktirilgan, bir elektrichka qatnovi bekor qilingan.

29 iyul. Rostov oblasti. Salskdagi vokzalga hujum qilindi. Yo‘lovchi poyezdining oynalari singan, hech kim jabrlanmagan. Yuk sostavi yonib ketgan. Minalardan tozalash paytida ikki sapyor halok bo‘lgan. Harakat vaqtincha to‘xtatilgan, 11 ta poyezd yo‘lga chiqishi kechiktirilgan.

Bungacha iyun va iyul oylarida dronlar temiryo‘lga deyarli hujum qilmagan. Iyul oyida faqat bitta shunday holat sodir bo‘ldi: 7 iyul kuni Voronej oblastidagi hodisa tufayli poyezdlar kechiktirildi.

Bundan tashqari, may oyi oxiri va iyun oyi boshida temiryo‘lda kamida beshta portlash sodir bo‘ldi. Eng yirik hodisa 31 may kuni kechqurun Bryansk oblastida sodir bo‘lgan. U yerda yo‘lovchi poyezdi o‘tayotgan avtomobil ko‘prigi qulab tushgan. O‘shanda yetti kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Mavzuga oid