AQŞ Markaziy razvedka boşqarmasi (MRB) Ukraina qurolli kuçlari Vladimir Putinning Valdaydagi qarorgohiga dronlar yordamida hujum qilişga urinmagan, deb hisoblaydi. Bu haqda The Wall Street Journal manbalarga tayanib xabar berdi.
AQŞ razvedkasidagilar fikriça, Ukraina qurolli kuçlari Novgorod oblastida, ammo Putin qarorgohidan uzoqda joylaşgan harbiy obektga hujum qilişga uringan.
WSJ Amerika razvedkasi Rossiya havo hududini, şuningdek, uning hududi böylab hujumlarni sun’iy yöldoşlar va radarlar yordamida kuzatişi mumkinligini ta’kidlagan.
MRB direktori Jon Retkliff razvedka xulosalari haqida AQŞ prezidenti Donald Trampga ma’lum qildi. Köp ötmay, Tramp özining ijtimoiy tarmoğida New York Post gazetasining tahririy maqolasiga havola e’lon qildi, unda Ukraina katta ehtimol bilan Putinning qarorgohiga zarba bermagani aytilgan. Tramp havolani «Putinning «hujum» haqidagi balandparvoz bayonotlari aynan Rossiya tinçlikka tösqinlik qilayotganini körsatmoqda» sarlavhasi bilan keltirgan.
MRB bu haqda rasmiy izoh bermadi.
Moskvan tomoni Ukrainaning 91 ta droni Putinning Valdaydagi qarorgohiga hujum qilişga uringani haqida xabar tarqatgan. Bu haqda Rossiya prezidenti Donald Trampga 29 dekabr kuni bölib ötgan telefon muloqoti çoğida ma’lum qilgan. Şundan söng Tramp jurnalistlarga «juda ğazablangani», hozir esa «hujumning mavridi emasligi»ni aytgan edi.
Ukraina Putinning qarorgohiga hujum qilişga uringanini rad etdi. Ukraina Taşqi işlar vazirligi Ukraina Qurolli kuçlari «faqat Rossiya hududidagi qonuniy harbiy obektlarga – Rossiyaning Ukrainaga bergan zarbalariga javoban» zarba berayotganini ma’lum qildi.
WSJ naşri materialidan söng, Rossiya mudofaa vazirligi urib tuşirilgan dronlardan birining parvoz topşiriğini öqiganini ma’lum qildi. «Ma’lumotlar rasşifrovkasini tahlil qiliş şuni körsatdiki, 2025 yil 29 dekabrda Ukraina uçuvçisiz uçiş apparatlari hujumining yakuniy maqsadi – Rossiya prezidentining Novgorod oblastidagi qarorgohi obektlaridan biri bölgan», – deyiladi RF mudofaa vazirligi xabarida.
Rossiya mudofaa vazirligi 1 yanvar kuni AQŞ elçixonasiga Ukraina 29 dekabrga ötar keçasi Putinning Valdaydagi qarorgohiga dronlar bilan hujum qilganiga isbot sifatida Ukraina droni kontrollerini namoyişkorona topşirdi.



















