O‘zbekiston | 16:17 / 11.02.2021
11713
2 daqiqa o‘qiladi

Angrendagi maktab o‘qituvchisini quyushqonidan chiqargan o‘quvchi uzr so‘radi, ota-onaga esa chora ko‘rildi

O‘rganish natijalariga ko‘ra, o‘quvchi darsga xalaqit bergani, o‘qituvchi tomonidan bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan, o‘qituvchiga noo‘rin so‘zlarni gapirganligi aniqlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati, Angren shahridagi 41-maktabda o‘qituvchi o‘quvchini urgani holati aks etgan videotasvir tarqaldi.

Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, vazirning nazorat-huquqiy xizmati tashabbusi bilan mazkur holat shahar hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyaga o‘rganish uchun yuborilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, o‘quvchi darsga xalaqit bergani, o‘qituvchi tomonidan bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan, o‘qituvchiga noo‘rin so‘zlarni gapirganligi aniqlangan. So‘ngra o‘qituvchi o‘quvchini tartibga chaqirishga harakat qilganida o‘quvchi turli noo‘rin xatti-harakatlar qilgani ma'lum bo‘ldi.

Holat voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiya, xalq ta'limi bo‘limi va ichki ishlar bo‘limi tomonidan atroflicha muhokama qilingan.

O‘quvchilar sodir etgan ishidan pushaymonligini bildirib, o‘qituvchidan kechirim so‘radi. Ota-onalarga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga asosan jarima qo‘llanildi.

Mavzuga oid