Jamiyat | 18:25 / 11.08.2022
22809
7 daqiqa o‘qiladi

Saudiyadagi o‘zbeklar, Madina Islom universitetida o‘qish, fiqh va jamiyat - Mahmud Usmon bilan intervyu

Ko‘plab vatandoshlarimiz turli vaqtlarda va turli sabablar bilan Saudiya Arabistoniga borib qolishgan. Bundan tashqari, ayni vaqtda qirollikdagi ta’lim muassasalarida ham ko‘plab yurtdoshlarimiz ta’lim oladi. Musulmonlar uchun muqaddas ikki Haram – Makkayi mukarrama va Madinayi munavvara joylashgan bu boy davlatga doim xalqimizda qiziqish yuqori bo‘lib kelgan.

Kun.uz muxbiri Saudiya Arabistonidagi o‘zbeklar, ishlash va ta’lim olish, shuningdek boshqa masalalarda uzoq yillardan buyon ushbu davlatda istiqomat qilib kelayotgan yurtdoshimiz, Madina Islom universiteti magistranti Mahmud Usmon bilan suhbatlashdi.

— Dastlab uzoq yillardan beri Saudiya Arabistonida yashayotgan yoki ma’lum sabablar tufayli u yerga borib, ishlayotgan yurtdoshlarimiz haqida so‘zlashsak. Ularning yashash tarzi, hayoti to‘g‘risida qisqacha gapirib bersangiz.

— Saudiya Arabistonidagi o‘zbeklarni 3 toifaga ajratsa bo‘ladi. Birinchisi – ota-bobolari sho‘rolar davrida Saudiya Arabistoniga hijrat qilib, o‘sha yerning fuqaroligini olib qolib ketgan o‘zbeklar. Ularning orasida siyosiy shaxslar, vazirlar, davlat vakillari, olimlar ham bor.

Ikkinchi toifa o‘zbeklar Afg‘oniston fuqarosi bo‘lgan o‘zbeklar hisoblanadi. Ular o‘sha sho‘rolar davrida Afg‘onistonga hijrat qilib borib, keyin Saudiya Arabistoniga kelgan o‘zbeklardir. Ularning ba’zilari oldin ko‘chib borib, fuqarolik olmagan bo‘lishi ham mumkin. Ularning ijtimoiy holati birinchi toifa bilan teng bo‘lmagani uchun ular ko‘pchilikka tanish emas. Lekin ular ham Saudiyada ko‘pchilikni tashkil etadi.

Uchinchi toifaga esa O‘zbekiston fuqarolari kiradi. Mana shu toifani ham 4 ga bo‘lish mumkin, aslida. Birinchi guruhga Saudiya Arabistonida o‘qiydigan talabalar kiradi. Ular hozirda u yerdagi nufuzli oliygohlarda tahsil olishmoqda.

Keyingi guruh vakillari – oliy ma’lumotli, o‘zining sohasi bo‘yicha ishlash uchun ketgan vatandoshlarimiz. Ular hozirda Saudiya Arabistonining mehnat qonunchiligi asosida, huquqlari to‘laqonli himoya qilingan tarzda 2-3 ming dollar evaziga shartnoma bilan ishlashmoqda. Bunda shartnomalarni yaxshilab o‘rganib, unga keyin qo‘l qo‘yishni tavsiya qilgan bo‘lardim.

Uchinchi guruh esa mutaxassis sifatida ketgan, ammo oliy ma’lumotli bo‘lmagan vatandoshlar sanaladi. Ular oshpaz, maxsus restoranlarda ishlovchi xodimlar bo‘lishi mumkin. Ya’ni qandaydir mutaxassislikka ega, biroq oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan qatlam. Bu guruhdagilar o‘rtacha 1-2 ming dollargacha oylik olishadi. Ularning muammolari nisbatan ko‘proq bo‘lishi mumkin.

To‘rtinchi guruhga esa Saudiya Arabistoniga borib, uy ishchisi bo‘lib ishlaydiganlarni kiritamiz. Boshqa guruhlarga solishtirganda, ularning yashash sharoiti va ishi og‘irroq bo‘ladi, dam olish kunlari bo‘lmaydi. Saudiya mehnat qonunchiligi bo‘yicha ularni himoya qilish qiyin.

Bundan tashqari, yana bir toifaga kiruvchilar ham bor, ular Saudiyaga talaba bo‘lib ketgan, o‘qishni bitirib o‘sha yerda qolib ketgan o‘zbeklar hisoblanadi.

Umuman olganda, vatandoshlarga oliy ma’lumotli bo‘lib, mutaxassis sifatida bormoqchi bo‘lishsa, tavsiya beraman shu mamlakatga borishni. Ammo boshqa holatlarda bormagani yaxshi.

— Saudiya Arabistoniga oliy ma’lumotli mutaxassis sifatida borishni tavsiya qildingiz. Shunda kadrlarimiz qaysi tilni yaxshi o‘rganib borgani ma’qul, ingliz tilimi yoki arab tili?

— Albatta, birinchi navbatda ingliz tilini bilgani muhimroq. Sababi ko‘pincha ularni ishga yollash vaqtida, ayniqsa oliy ma’lumotli insonlar chaqirilayotganida ularning ingliz tilisiga e’tibor beriladi. Qolaversa, arab tilini bilgani ham foydadan xoli emas, bu ular uchun ijobiy natija olishida ko‘mak beradi.

— Yuqorida Saudiya Arabistonidagi oliygohlar, u yerdagi o‘zbek talabalari haqida ham so‘z ochdingiz. Demak, arab universitetlariga qiziqishlar yuqori. Xo‘sh, Saudiya Arabistonida talabalar uchun qanday sharoitlar yaratiladi? Umuman u yerning o‘qish tizimi haqida gapirib bersangiz.

— Ijtimoiy tarmoqlarda ham bu savol ko‘p so‘raladi, ayniqsa ota-onalar tomonidan. Kishi har bir qarorini qabul qilishdan avval o‘sha qarorini taroziga solib ko‘radi.

Saudiya Arabistonida o‘qishning salbiy ko‘ringan bir jihati bor. Bilamiz, u yerdagilar hanbaliya mazhabiga amal qiladi. Saudiya Arabistoniga borganlar bu mazhabni yanayam chuqurroq va yaxshiroq o‘rganishadi, yurtiga qaytganda esa shundan kelib chiqib, boshqalarga o‘rgatishni, fatvo berishni boshlaydi. Aslida esa hanbaliya mazhabi ulamolari nazdida bu noto‘g‘ri hisoblanadi.

Yoki u yerdagi aqidaviy qarashlar bizning yurtimizdagidan farq qilishi ham mumkin. Bu ham muammoli nuqta sifatida ko‘rilishi mumkin.

Ijobiy nuqtalarni ko‘radigan bo‘lsak, u yerga o‘qish uchun borganlar payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam yashagan shaharda bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Masjidi Nabaviyda namoz o‘qiydi, istagan vaqtida Umra ziyoratini ham o‘taydi, yaxshi ibodatlar qiladi, ko‘plab olimlar bilan tanishadi.

Qolaversa, Saudiya Arabistoni universitetlarida, ayniqsa, Madina Islom universitetida hanafiylik mazhabi o‘rgatiladi. Ya’ni universitetning asosiy kursi sifatida emas, qo‘shimcha to‘garaklarda o‘rgatiladi.

Tolibi ilm ahli uchun barcha sharoitlar yaratilgan, buning uchun katta-katta olimlar ham jalb qilingan. Ya’ni o‘qish vaqtida hanbaliylik, o‘qishdan tashqarida hanafiylik mazhablarini o‘rganishlari mumkin. Bu esa ularning ham ilmi yanada kengayishiga xizmat qiladi.

U yerda tahsil olishning yana bir ijobiy tomoni – Saudiya Arabistonining diplomlari O‘zbekistonga ham o‘tadi. O‘qishni tamomlagach, vatandoshlar yana yurtiga qaytib, magistratura yoki doktoranturani ham davom ettirishlari mumkin.

Agar mendan so‘rashsa, albatta, Saudiya Arabistonida o‘qishni tavsiya qilaman. O‘qiganda ham foydali ilm olib, kuchli mutaxassis bo‘lib, O‘zbekistonga qaytib, qandaydir ijobiy o‘zgarish qilishga harakat qilish kerak.

Saudiyada talabalar rasman ishlashi mumkin emas, ular kelganda shunaqa shart qo‘yiladi. Lekin universitet rozi bo‘lsa boshqa gap. Bundan tashqari, Saudiya universitetlari boy: yotoqxona, ovqat va kitoblar uchun pul beradi. Bundan tashqari, iqtidorli talablar uchun maxsus stipendiyalar beriladi.

To‘liq intervyu bilan yuqoridagi videoda tanishish mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Abduqodir To‘lqinov.
Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Videolavha va maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosalari asosida tayyorlangan.

Mavzuga oid