O‘zbekiston | 19:45 / 25.08.2022
10490
4 daqiqa o‘qiladi

Umar roziyallohu anhuning orzusi yoxud rivojlanishda kadrlarning muhimligi haqida

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda bo‘layotgan o‘zgarishlar, yoshlarning ilm-fan va IT sohalariga qiziqishlari ortib bormoqda. Bu hodisalar menga Umar roziyallohu anhu bilan bog‘liq bir voqeani eslatdi, deydi Kun.uz bilan suhbatlashgan Madina Islom universiteti magistranti Mahmud Usmon.

Kun.uz muxbiri Saudiya Arabistonidagi o‘zbeklar, ishlash va ta’lim olish, shuningdek boshqa masalalarda uzoq yillardan buyon ushbu davlatda istiqomat qilib kelayotgan yurtdoshimiz, Madina Islom universiteti magistranti Mahmud Usmon bilan suhbatlashdi.

— Uzoq vaqtdan so‘ng O‘zbekistonga kelgach qanday o‘zgarishlarni sezdingiz?

— O‘zgarishlar judayam ko‘p, lekin eng asosiylari yoshlarning ilmga, ayniqsa IT sohalariga qiziqishlarini ko‘rib quvondim. Bu hodisalar Umar roziyallohu anhu bilan bog‘liq bir voqeani eslatdi.

Umar roziyallohu anhu bir uyda o‘tirib, arablarning odatlariga ko‘ra, sheriklariga «orzu qilinglar» deydi. Bittasi, men shu uy to‘la tillam bo‘lsa, Alloh yo‘lida nafaqa qilsam, deya orzu qilardim, deydi. Qolganlari ham boylikka doir orzularni va ular bilan yaxshiliklar qilishni orzu qiladi. Umar roziyallohu anhu u fikrlarga e’tibor qilmaydi. Unda o‘zingiz ayting, deyishadi.

Shunda Umar roziyallohu anhu: «Men orzu qilardimki, shu uy to‘la Muoz ibn Jabal, Abu Ubayd ibn Jarroh va Abu Huzayfalarga o‘xshagan odamlar bo‘lsa», deb aytadi.

Bundan xulosa olsa bo‘ladiki, davlatning rivojlanishi uchun resurslardan ko‘ra unga ko‘proq o‘z ishining mutaxassisi bo‘lgan kadrlar kerak.

— Uzoq vaqt davomida ilm talabida yuribsiz. Shu ma’noda oliy va o‘rta maxsus diniy bilim yurtlarida ta’lim olayotgan yoshlarga qanday maslahat va tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

— Shar’iy ilm olish judayam buyuk yo‘l hisoblanadi, avvalo vaqtlarini foydali ilm olishga sarflashsin. Sahih hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Kimda kim ilm olish uchun bir yo‘lga tushsa, Alloh taolo unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi», dedilar.

Qayerda o‘qimasin, behuda bahs va tortishuvlarga, ulamolar ming yillar avval hal qilib ketgan katta-katta masalalarga kirishmasdan, foydali ilm bilan bilan shug‘ullansin. Asosiy e’tiborni hozirgi kunda paydo bo‘layotgan yangi masalalarga yechim topishga harakat qilish kerak.

Bundan tashqari, axloqni o‘rganish va tartib bilan ilm olish kerak. Shuningdek, chuqur kalomiy masalalardan qochish kerak. Fiqhni yaxshilab o‘rganish kerak. O‘ylaymanki, shunda bizdan yana Buxoriy va Termiziy kabi dunyo musulmonlari uchun kerak bo‘ladigan ulamolar chiqadi.

To‘liq intervyu bilan yuqoridagi videoda tanishish mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Abduqodir To‘lqinov.
Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Videolavha va maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosasi asosida tayyorlangan.

Mavzuga oid