Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada urushga jalb qilishning yangicha usuli paydo bo‘lgani aytilmoqda
Rossiyaning ayrim hududlarida mehnat muhojirlarini urushga tortishning yangi usuli paydo bo‘ldi. Rostov shahrida ishlab kelayotgan yurtdoshimiz Kun.uz’ga murojaat qilib, patent olish jarayonida muhojirlardan yashirin tarzda harbiy kontrakt bilan bog‘liq hujjatlarga imzo qo‘ydirilayotganini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, shahar ko‘chalari, odamlar gavjum maskanlar va jamoat transportlariga targ‘ibot e’lonlari ilib qo‘yilgan. Bu e’lonlarda urushga borgan odamlarga qancha maosh to‘lanishi, mukofotlar, qanday imtiyozlar berilishi haqida yozib qo‘yilgan. Umuman, urush targ‘iboti yetarlicha yo‘lga qo‘yilgan, bu qoidalar bilan hamma tanish.
Yurtdoshimiz patent yangilash uchun ro‘yxatdan o‘tishga borganida umuman kutilmagan holatga duch kelganini aytmoqda.
“Oldimga bir nechta hujjat qo‘yishdi. Orasida urushga chaqiruv mazmunidagi qog‘ozlar ham bor ekan. Keyin yana kichik bir qog‘ozcha berib, “tanishib chiqqaningizni tasdiqlab imzo qo‘ying”, deyishdi. O‘qib ko‘rsam, Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzish tartibi va imtiyozlari bilan tanishganim haqida yozilgan qog‘oz”, - deydi u.
Yurtdoshimiz “men urushga bormayman”, deb rad etganidan keyin hujjatlarni bergan xodima boshlig‘ini chaqirib, bosim o‘tkazishga harakat qilgan.
“Pasport stol rahbari kelib, “imzo qo‘ying, bu shunchaki tanishtirish, bizdan talab qilishyapti”, dedi. Men baribir rozi bo‘lmadim. “Unda ro‘yxatdan o‘tkazmaymiz”, dedi. Ishlab va yashab turgan joyim bo‘lishiga qaramay, ro‘yxatdan o‘tkazishmadi va men u yerdan chiqib ketishga majbur bo‘ldim”, - deydi hamyurtimiz.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pgina muhojirlar hujjatlarni sinchiklab o‘qib o‘tirmaydi. Rus tilini yaxshi bilmaydiganlar ham bor. Eng yomoni, tezroq patent olay, deb shoshgan odamlar o‘ylamay turib imzo qo‘yib yuboradi. Natijada bilmagan holda harbiy kontraktga rozi bo‘lganliklarini yozma tasdiqlab yuborishadi.
Aslida patent uchun talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxati aniq. Uning ichida harbiy xizmatga oid hujjatlar yo‘q. Migratsiya markazlari muhojirni kontraktga rozi qilishga majbur qila olmaydi va bunday bosim qonunga zid.
Rostovda kuzatilgan holat shundan dalolat beradiki, muhojirlarni urushga tortish siyosati endi oddiy ish yuritish jarayonlariga qadar kirib bormoqda. Bu esa migrantlar huquqiga bevosita tajovuzdir.
Patent olishga borgan yurtdoshlarimizga shoshmaslik, har bir qog‘ozni e’tibor bilan o‘qib chiqish va urushga oid so‘zlar tushgan hujjatlarni rad etish tavsiya qilinadi. Kimdir bosim o‘tkazsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki konsullikka murojaat qilishlarini so‘rab qolamiz.
Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
20:35 / 01.04.2026
O‘zbekiston Rossiya aviakompaniyalari uchun asosiy xalqaro yo‘nalishga aylandi
13:21 / 01.04.2026
Qrimda harbiy samolyot qulab, 30 kishi halok bo‘ldi
20:56 / 31.03.2026
Rossiya Ukrainaga Donbassdan qo‘shinlarini olib chiqish uchun ikki oy muhlat berdi – Zelenskiy
09:40 / 31.03.2026