Jamiyat | 17:04 / 22.10.2024
24682
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shrabotda ikki qavatli uy portladi. Bir oilaning 4 a’zosi halok bo‘lgan

Hodisa bugun erta tongda Qo‘shrabot tumanining Mustaqillik mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning xonadonlaridan birida sodir bo‘lgan. Oqibatda er-xotin va ularning o‘g‘li va qizi vafot etgan. Portlashga gaz sabab bo‘lgani aytilmoqda. Qo‘shnilarga ko‘ra, portlashdan so‘ng xonadonda yong‘in ham kelib chiqqan.

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida ko‘ngilsiz hodisa yuz berdi: gaz portlashi oqibatida bir oilaning 4 a’zosi vafot etdi. Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, qo‘shnilar bilan suhbatlashdi.

Hodisa bugun soat 6:30lar atrofida tuman markazidagi Mustaqillik mahallasida, ikki qavatli uyning 2-qavatidagi xonadonlardan birida sodir bo‘lgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, portlashga xonadonda gaz to‘planib qolishi va xonadon egasi buni bilmagan holda chiroqni yoqishi sabab bo‘lgan.

Portlash oqibatida R.S., M.S. hamda ularning farzandlari F.X. va D.X. voqea joyida vafot etgan.

Soat 6:15larda o‘g‘limni uyg‘otdim, maktabga ketishi kerak edi. Soat 6:20larda o‘g‘lim portlash ovozini eshitgan. Yugurib tashqariga chiqdik. Qarasak, uy yonayotgan ekan. Portlash zilziladay bo‘lgan, o‘g‘lim qo‘rqib qolgan.

Hali tong otmagandi, g‘ira-shira qorong‘u edi. Hech kim yordam berolmadi. Qo‘shnimning turmush o‘rtog‘i Rustam aka kecha gaz keldimi, kelin, deb so‘ragandi. Yo‘q degandim. Bugun ertalab endi u kishining o‘zi yo‘q. Bitta oila yo‘q bo‘lib ketyapti, unaqa o‘limga loyiq emasdi bular”, deydi halok bo‘lgan oila qo‘shnisi.

Yana bir qo‘shni esa tongda kuchli portlashni eshitganini, tashqariga chiqib, kuchli yong‘in bo‘layotganini ko‘rganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, hech qanday yordam berishning imkoni bo‘lmagan.

Farzandlari katta edi. O‘g‘li shu yil talaba bo‘lgandi, kontrakt asosida o‘qishga kirgandi. Do‘stining to‘yi sabab u ham uyiga kelgan ekan kecha”, deydi u.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi hozircha holat yuzasidan munosabat bildirmadi. Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati bilan esa bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Bosh prokuratura matbot kotibi Hayot Shamsutdinov holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganligini bildirdi.

Mavzuga oid